Jahon | 09:44 / 10.07.2025
4103
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijliklarga Rossiya armiyasida xizmat qilishga ruxsat berildi

Putin chet el fuqarolariga safarbarlik davrida Rossiya armiyasida xizmat qilishiga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Putinning 2022 yildan boshlab «qisman safarbarlik» to‘g‘risidagi farmoni hamon kuchda.

Foto: Erik Romanenko/TASS/dpa/picture alliance

Chet elliklar safarbarlik davrida Rossiya Qurolli kuchlari (QK)da xizmat qilishi mumkin bo‘ladi. Tegishli farmonni Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzoladi. Bundan tashqari, chet elliklar favqulodda va harbiy holat, urush va qurolli to‘qnashuvlar sharoitida RF Qurolli kuchlarida xizmat qilishi mumkin.

Xorijiy davlatlarning fuqarolari «xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash yoki tiklash bo‘yicha tadbirlarda», shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlarining operatsiyalarida, shu jumladan Rossiyadan tashqarida «xalqaro terrorchilik faoliyatini bostirish bo‘yicha vazifalarni bajarishda» ishtirok etishi mumkin, deyiladi Putin farmonida.

Hujjatga ko‘ra, shartnomalar safarbarlik, harbiy holat yoki urush vaqti tugaguniga qadar tuziladi. Shu paytgacha xorijliklar Rossiya armiyasida faqat favqulodda yoki harbiy holat va qurolli to‘qnashuvlar vaqtida xizmat qilishi mumkin edi. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida qabul qilingan Putinning 2022 yil 21 sentabrdagi safarbarlik to‘g‘risidagi farmoni bekor qilinmagan va hozir ham amalda.

Shu bilan birga, farmon eng yuqori chegara yoshiga yetgan yuqori malakali mutaxassislarga tashqi razvedka xizmati (SVR), FSB yoki davlat xavfsizlik organlarida xizmat qilish uchun yangi shartnomalar tuzishga ruxsat beradi.

Avvalroq Rossiya prezidenti fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Rossiya Qurolli kuchlarida shartnoma asosida xizmat qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzolagan edi.

Mavzuga oid