Jahon | 22:28 / 13.07.2025
6695
5 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti Isroilning iyun oyidagi hujumida yaralangan - Fars

Tehrondagilar Isroil hujumga uchragan maxfiy obekt haqida qanday ma’lumot topganini tekshirmoqda va bunda Eron hukumat tuzilmalaridagi josuslar yordam bergani istisno etilmayapti.

Foto: Iranian Presidency Office

 

Eron davlat nashrlari mamlakat prezidenti Ma’sud Pizishkiyon iyun oyida Isroil harbiylari Tehronning yadroviy obektlari va harbiy infratuzilmalariga qarshi harbiy amaliyot doirasida yo‘llagan aviazarba natijasida yengil jarohat olgani haqida xabar tarqatdi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yaqin hisoblangan Fars agentligi xabariga ko‘ra, 16 iyun kuni Isroilning oltita bombasi Tehrondagi maxfiy yerosti kompleksining kirish qismiga tashlangan, bu vaqtda binoda Pizishkiyon Eron milliy xavfsizlik oliy kengashi yig‘ilishida qatnashayotgandi.

Nashrning yozishicha, prezident yig‘ilishning boshqa ishtirokchilari bilan birgalikda avariyaviy shaxta orqali evakuatsiya qilinayotganida oyog‘idan yengil jarohat olgan.

Agentlikning yozishicha, hujum Livandagi «Hizbulloh» harakati yetakchilaridan biri Hasan Nasrullohni o‘ldirish operatsiyasiga o‘xshash tarzda ishlab chiqilgan.

Tehrondagilar Isroil mazkur obekt haqida qanday qilib ma’lumot topganini tekshirmoqda va ularga Eron hukumat tuzilmalaridagi josuslar yordam bergani istisno etilmayapti.

Fars nashrining Pizishkiyon bo‘lgan obektga zarba yo‘llangani haqidagi ma’lumoti boshqa mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan. Isroil ham bu ma’lumot yuzasidan izoh bermadi.

Bloklangan chiqish yo‘llari

Eron va Isroil o‘rtasidagi 12 kunlik havo zarbalari almashinuvi davomida ijtimoiy tarmoqlarda Isroil harbiylari Tehron shimoli-g‘arbidagi tog‘ yonbag‘rini tinimsiz o‘qqa tutayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

Endi ma’lum bo‘lishicha, urushning to‘rtinchi kunida berilgan zarbalar Eron poytaxtidagi o‘sha paytda mamlakatning oliy rahbariyati joylashgan maxfiy yerosti majmuasiga qaratilgan.

Fars ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning bombardimon qilishi natijasida obektga kiriladigan barcha oltita nuqta, shuningdek, uning ventilyatsiya tizimi bloklab qo‘yilgan.

Yerosti majmuasida elektr ta’minoti ham uzilgan, biroq Pizishkiyon xavfsiz joyga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi mamlakat oliy rahnamosi Ali Xominaiydan keyin mamlakatdagi ikkinchi muhim hokimiyat instituti hisoblanadi.

O‘tgan hafta Pizishkiyon Isroil uni o‘ldirishga uringani haqida gapirgandi, biroq Isroil mudofaa vaziri Israel Kats bu ayblovlarni yolg‘on deb atadi hamda Erondagi «rejim o‘zgarishi» urushning maqsadi emasligini ta’kidladi.

Eron bilan qarama-qarshilik avvalida Isroil kuchlari Islom inqilobi muhofizlari korpusining ko‘plab qo‘mondonlarini o‘ldirgandi.

Eron rahbarlari Isroilning zarbalari ular uchun mutlaqo kutilmagan hodisa bo‘lgani va birinchi zarbalardan keyin bir kun davomida mamlakatda boshqaruvda falajlik hukm surganini tan olishmoqda.

Isroil vakillari zarbalar Xominaiyga ham qarshi qaratilganini tan olishdi, ammo ular oliy rahbar tashqi dunyodan sezilarli darajada uzilgan yerosti obektiga evakuatsiya qilinganida uning izini yo‘qotganini aytishdi.

Isroil kuchlari Eron oliy amaldorlari va harbiylarining joylashuvi, shuningdek, maxfiy obektlar joylashuvi haqida shuncha razvedka ma’lumotlarini qanday qo‘lga kiritgani ko‘p jihatdan noaniq bo‘lib qolmoqda.

Zarbalar almashinuvi

13 iyun kuni Isroil Erondagi yadroviy va harbiy obektlarga zarba berishni boshladi va buni ushbu mamlakatda yadroviy qurol ishlab chiqarilishining oldini olish maqsadi bilan izohladi.

Isroilga javob raketa va dron zarbalari bergan Eron atom bombasiga ega bo‘lish niyatini rad etib, uranni faqat tinch maqsadlarda boyitayotganini ta’kidladi.

22 iyun kuni AQSh harbiylari Eronning uchta yadroviy obektiga raketa zarbalari yo‘lladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu hujum natijasida ushbu obektlar butunlay yo‘q qilinganini ta’kidlagan, ammo ba’zi razvedka xizmatlari, jumladan, Amerika razvedka xizmatlari zarbalar natijalarini ehtiyotkorlik bilan baholamoqda.

O‘tgan hafta oxirida Isroil rasmiysi jurnalistlarga Eron iyun oyida AQSh «Tungi bolg‘a» operatsiyasi doirasida zarba bergan Isfahondagi obekt ostida ko‘milib qolgan boyitilgan uranni olib chiqishga harakat qilishi mumkinligini xabar qildi.

Mavzuga oid