O‘zbekiston | 14:16 / 14.07.2025
8545
9 daqiqa o‘qiladi

Chiqindidan qarzdor chiroqsiz qoladi: rasmiylar va jamoatchilik faoli bahsi

Chiqindilarni boshqarish agentligi rahbariyatiga ko‘ra, avgustdan boshlanadigan tartib ichki identifikatsiyadan o‘tgan abonentlarga tatbiq etiladi va faqat iyul oyidan boshlab shakllangan qarzlarga taalluqli bo‘ladi. Iqtisodchi Otabek Bakirov yangilikni amalga kiritishdan oldin qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor edi deb hisoblamoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2025 yil 1 avgustdan boshlab chiqindidan qarzi borlar chiroq uchun to‘lov qila olmaydi. Bu mart oyida qabul qilingan qonunda belgilangan. Yangi tartibga ko‘ra, chiqindini olib chiqib ketish xizmatidan qarzi bor iste’molchilarga har oyning 5-sanasigacha SMS yuboriladi. Shundan keyin 5 kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi.

Qarzdorlik bartaraf etilishi bilan, cheklov avtomatik tarzda yechilishi aytilyapti. Agar qarz to‘lanmasa, ma’lum vaqtdan keyin, abonentning elektr energiyasi bo‘yicha oldindan to‘lovi tugashi bilan, u svetsiz qoladi.

Kun.uz bu mavzuda Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov, agentlik mas’ullari hamda tizimda qator muammolar borligini aytayotgan iqtisodchi Otabek Bakirov ishtirokida jonli efirda suhbat tashkil etdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.

Yangi tartib nima sabab svetga bog‘lab qo‘yildi?

Sharifbek Hasanov suhbat avvalida vaziyatni tushuntirarkan, aholining chiqindidan qarzdorligi yuqori ekaniga urg‘u berdi.

Chiqindi bo‘yicha juda ko‘p yillardan beri to‘lanmay kelayotgan debitor qarzdorliklar mavjud. Oddiy fuqarolar uchun [kishi boshiga oylik to‘lov] 4000 so‘m, bir xil joylarda tarif hali ham oshgani yo‘q, ana shu 4000 so‘m bo‘lishiga qaramasdan, to‘lashmaydi. Lekin ko‘chaga chiqib, chiqindichilarning ahvolini bir ko‘radigan bo‘lsangiz, juda ham og‘ir ahvolda ishlashadi. Oyliklari juda ham past.

Bunga davlat rahbarining o‘zi siyosiy iroda qilib, chiqindi to‘lovini elektrga ulash bo‘yicha birinchi farmonni belgilab berdi va bundan keyin qonun qabul qilindi. Qonundan keyin elektrga ulanishi bo‘yicha aniq dasturlar belgilab olindi. Biz “Hududiy elektr tarmoqlari” bilan birga ishlab, o‘sha texnik jihatdan hamma narsalarni yo‘lga qo‘ydik”, – dedi u.

Hasanovga ko‘ra, chiqindini olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmasa ham, to‘lov yozib borilishi holatlariga yangi tizim bilan chek qo‘yiladi: chiqindi tashuvchi mashinalarga GPS o‘rnatilgan bo‘lib, agar mashina belgilangan joyga bormasa, u holda iste’molchilarga to‘lov hisoblanmaydi.

Tizimda xizmatning amalda ko‘rsatilgani qanaqadir bir odam faktori orqali aniqlanmaydi. Mashina aholi uchun xizmat ko‘rsatgani GPS qurilmasi orqali tasdiqlansagina, xizmat ko‘rsatilgan deb hisoblanadi.

Qaysidir hududlarda aholi norozgarchiligi bor, xizmat sifati pastligidan. Bunga nima sabab bo‘lgan? Davlatning bo‘ynidagi yukni yengillashtirish uchun funksiyalar davlat-xususiy sherikchilik asosida autsorsing tarzida tadbirkorlarga berilgan. Endi qaysidir o‘sha rahbarlar vaqt-zamonida noto‘g‘ri tushunib, buni noto‘g‘ri talqin qilgan holda, qaysidir bir yaxshi ishlamaydigan tadbirkorga bergan, [shu bilan] xizmat sifati tushgan”, – deya qayd etdi agentlik rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi tizimda xizmat ko‘rsatuvchi operatorlarning xizmat sifatini oshirish uchun ularni baholash mexanizmi ishga tushirilmoqda. Chiqindini olib ketish bilan shug‘ullanadigan korxonalar 3 xil: qizil, sariq va yashil toifalarga ajratiladi.

Qizilga tushgan operatorlar bilan bitimlarni bekor qilamiz. Sariq ranga tushgan operatorlarni bir marta ogohlantiramiz, ya’ni aholidan kelib tushadigan murojaatlarni ham inobatga olamiz. Agentlikning 1205 qisqa raqami bor. Bir kunda kamida 137 ta murojaat kelib tushadi. Har bitta murojaatga individual yondashgan holda, hal qilishga harakat qilamiz”, – dedi Sharifbek Hasanov.

Aholining 600 mlrd so‘mlik qarzdorligi qanchalik asosli?

Jamoatchilik faoli, iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, to‘lovni elektr energiyasiga bog‘lashdan oldin, chiqindilarni olib ketish tizimidagi mavjud muammolarni hal qilib olish kerak.

Hozir chiqindi to‘lovlarini yig‘ishning eng oson yo‘li – elektrga bog‘lash masalasi bilan yechilishiga hech kim e’tiroz bildirmayapti. Masala – endi bundan buyog‘iga chiqindi to‘lovlarini yig‘ishdagi amalga oshiriladigan ishlarda. [Ekologiya vaziri Aziz] Abduhakimovning birinchi chiqishida e’tibor bergan bo‘lsangiz, [bu tartibni] asoslantirish va motiv shunday bo‘lgan: bugungi kunda 600 milliard so‘mdan ortiq chiqindidan qarzdorliklarimiz mavjud. O‘shandayoq savol qo‘yilgan edi: bu 600 milliard so‘mlik chiqindi qarzdorlik qanchalik asosli? Inventarizatsiya qilinganmi?

Eslasangiz, 2017–2018 yillarda gaz, elektr, suv bo‘yicha hech qanaqa raqamlashtirish, shartnomaviy munosabatlar yo‘lga qo‘yilmagan paytda, energetika sohasida eng katta o‘g‘riliklar aynan aholining bo‘yniga qarzdorlik yozib yuborish bilan bog‘liq edi. Energiya korxonalari chiqib aytardiki, bizda aholidan 1,5 – 2 trillion so‘m qarzdorlik bor, biz yig‘a olmayapmiz der edi. Aslida, keyinchalik hisob-kitob qilinib, raqamlashtirilganda, shartnomaviy munosabatlar tartibga solinganda ma’lum bo‘ldiki, u qarzdorlik shishirilgan qarzdorlik ekan. Ya’ni neft sohasida ham, gaz sohasida ham, elektr energiya sohasida ham juda katta o‘g‘riliklar yillar davomida aholi bo‘yniga sochib yuborib kelingan”, – deydi Bakirov.

U chiqindi sohasida shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishga chaqirdi.

Chiqindi yig‘ish sohasida ham avval biz shartnomaviy munosabatlarni tartibga solib olishimiz kerak edi. Men o‘zim iste’molchi sifatida aytamanki, xususan, men bilan hech kim shartnoma tuzmagan. Lekin qayerdadir, qaysidir dalolatnomalarda go‘yoki mening qarzdorligim mavjud. Men shartli ravishda aytyapman. Hozir men siz bilan suhbatga kirishdan avval agentlikning saytiga kirdimda, hech bo‘lmasa, viloyatlar qirqimida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bormikan deb, hech qanaqa axborot yo‘q. Tumanlar qirqimi haqida gapirmayapman”, – dedi jamoatchilik faoli.

Tizim bosqichma-bosqich ishga tushiriladi

Agentlik bo‘lim boshlig‘i Sherzod Rahmonovning aytishicha, aholining shu vaqtgacha shakllangan 600 mlrd so‘mlik qarzi yangi tartibni qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tartib 2025 yil 1 iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1 avgustidan boshlab qo‘llanadi. 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga esa tatbiq etilmaydi.

Iyul oyida bir oylik qarzdorlik shakllanadi, avgustdan ishga tushadi. GPS tizimi bo‘yicha ulangan hududlarga elektr bilan bog‘langan tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ya’ni oddiy qilib aytganda, agar respublikada 9500 ta mahalla bo‘ladigan bo‘lsa, 1 avgustdan 9500 ta mahalla ishga tushadi degani emas. Qaysi biri o‘sha tizimga mos bo‘lsa, o‘sha tizim ishga tushadi”, – dedi Rahmonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi tartib GPS tizimi ishga tushirilgan hududlar va ichki identifikasiyadan o‘tgan abonentlarga taalluqli bo‘ladi. Hozirda respublika bo‘yicha iste’molchilarning 80 foizi identifikatsiya qilingan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu raqamlarga shubha bildirdi.

Suhbat davomida jamoatchilik faoli va rasmiylar chiqindi sohasiga oid bir qator masalalar yuzasidan bahsga kirishdi. Jonli efirda kechgan suhbat bilan to‘liq shaklda video orqali tanishishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid