O‘zbekiston | 21:21 / 18.07.2025
1819
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik 99 nafar bola dam olish uchun O‘zbekistonga keldi

Belgorod va Bryansk viloyatlaridan kelgan bolalar «Anor» sog‘lomlashtirish oromgohida dam oladi.

Foto: Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi taklifiga binoan Rossiyaning Belgorod va Bryansk viloyatlaridan 99 nafar bola deyarli 2 hafta davomida Toshkent viloyati tog‘laridagi «Anor» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam oladi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Toshkent aeroportida bolalarni Rossiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Andrey Lanchikov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari kutib oldi.

«O‘zbekiston hukumatiga birinchi marta o‘tkazilayotgan bunday ajoyib aksiya uchun minnatdorchilik bildiramiz, bolalarga esa mehmondo‘st O‘zbekistonda unutilmas ta’til o‘tkazishlarini tilaymiz!», deyiladi elchixona xabarida.

Avvalroq, bir guruh ukrainalik bolalar dam olish va reabilitatsiya uchun Toshkentga kelgan edi. Ular 12 kun davomida maxsus dam olish va psixologik tiklanish dasturidan o‘tdi.

Mavzuga oid