Jahon | 12:05 / 24.07.2025
8200
4 daqiqa o‘qiladi

Tailand va Kambodja chegarasida qurolli to‘qnashuv bo‘lmoqda

Internetda Kambodja harbiylari artilleriyani ishga solgani, Tailand F-16 rusumli qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targani aks etgan videolar tarqalmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tailand va Kambodja bir-birini chegarada qurolli to‘qnashuv boshlashda ayblamoqda. Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki otishmalar 24 iyul kuni tongda ikki mamlakat chegarasidagi bahsli hududda joylashgan Ta Moan Txom ibodatxonasi atrofida boshlangan.

Tailand tomoniga ko‘ra, kambodjalik harbiylar Oddar-Meanchey provinsiyasi hududiga razvedka droni uchirgan, shundan keyin baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bilan tailandlik harbiylarni o‘qqa tutgan.

Tailanddagi Surin provinsiyasi hukumati ma’lum qilishicha, Kambodja harbiylari chegara hududdagi aholi punktlaridan birini artilleriyadan o‘qqa tutishi oqibatida mahalliy aholi vakillaridan ikki nafari halok bo‘lgan. Tailand armiyasi esa Kambodja qo‘shini o‘t ochishi oqibatida ikki nafar askari yaralangani haqida xabar berdi.

Shu bilan birga, Kambodja mudofaa vazirligi Tailand qo‘shini asossiz bosqin uyushtirgan va Kambodja kuchlari «o‘zini himoya qilish tartibida javob qaytargani»ni aytmoqda.

Har ikki tomon ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar boshlanganidan keyin Tailand armiyasining F-16 rusumli qiruvchi samolyotlari Kambodjadagi nishonlarga hujum qilgan. Tailand armiyasi chegaradagi ikkita harbiy obektga zarba berilganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, Kambodja mudofaa vazirligi qiruvchi samolyotlar yo‘lga ikkita bomba tashlagani haqida xabar berdi. Kambodja harbiylari bayonotida «Tailand qirolligining Kambodja suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi aqlsiz va shafqatsiz harbiy tajovuzi keskin qoralanishi» aytiladi.

Tailand Ta’lim boshqarmasi chegara zonasidagi barcha ta’lim muassasalarini yopdi va butun mintaqa bo‘ylab favqulodda vaziyatlarda harakat qilish rejalarini ishga tushirdi. Tailand Kambodja bilan chegarada nazoratni kuchaytirdi va o‘z fuqarolarini Kambodja hududini tark etishga chaqirdi.

Bunga javoban Kambodja Tailandga elektr energiyasi va yoqilg‘i yetkazib berishni, shuningdek, internetga kirishni chekladi. Chegaraning Kambodja tomonida ham tinch aholi evakuatsiya qilinmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi navbatdagi keskinlik may oyida qisqa muddatli otishma paytida kambodjalik askar halok bo‘lganidan keyin yuzaga kelgandi. Shu hafta Tailand Kambodjani bahsli hududga minalar o‘rnatishda aybladi, natijada uch nafar askar yaralangan. Kambodja bu ayblovlarni rad etib, tailandlik askarlar kelishilgan yo‘nalishlardan chetga chiqqanini ma’lum qilgan.

Chegaradagi to‘qnashuvlar Tailand 23 iyul kuni Kambodjadagi elchisini chaqirib olgani va Kambodjaning Bangkokdagi elchisini chiqarib yuborishga qaror qilganini e’lon qilishi ortidan boshlanib ketdi.

Tailand Kambodja bilan chegarani ham yopgan.

Tailand va Kambodja bir asrdan ortiq vaqtdan buyon uzunligi 800 kilometrdan ortadigan quruqlik chegarasi bo‘ylab bir nechta belgilanmagan hududlar ustidan suverenitet bo‘yicha talashib keladi, bungacha ham bir necha bor to‘qnashuvlar ro‘y bergan. Tomonlar Zumrad uchburchagi deb nomlanuvchi mintaqa (Tailand, Kambodja va Laos chegaralari tutashgan joy) bo‘yicha bahslashmoqda. 2011 yilda Tailand va Kambodja bir hafta davomida bir-birini artilleriyadan o‘qqa tutgandi.

Mavzuga oid