Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoda yana bir urush – Tailand va Kambodja o‘rtasida
Ular nimani talashmoqda?

Kambodjaning chegara hududi, 25 iyul. Heng Sinith / AP / Scanpix / LETA
Tailand va Kambodja chegarasida ikkinchi kundirki artilleriya va aviatsiyadan foydalangan holda janglar davom etmoqda. Halok bo‘lganlar va yaradorlar soni – ham harbiylar, ham tinch aholi vakillari qo‘shib hisoblanganda yuzdan oshiqqa baholanmoqda. Tailandda 100 mingdan ortiq, Kambodjada 40 mingga yaqin odam chegara hududlaridagi uylaridan evakuatsiya qilingan.
Janglar Janubi-Sharqiy Osiyoning qoq markazidagi Dangrek tog‘larida ikki davlat o‘rtasidagi bahsli chegara bo‘ylab kechmoqda.
Mojaroning hozirgi bosqichi 23 iyul kuni Tailand askari Kambodja tomonidan o‘rnatilgan minani bosib olib portlab ketishi va oyog‘idan ayrilishi bilan boshlandi. O‘sha kuni Tailand Pnompendagi elchisini chaqirib oldi va Kambodja elchisini Bangkokdan chiqarib yubordi.
24 iyul tongida chegarada otishma ro‘y berdi. Tailand tomoni versiyasiga ko‘ra, kambodjalik askarlar otryadi mamlakat hududiga bostirib kirishga uringan – va o‘t ochish bilan qarshi olingan. Kambodja versiyasiga ko‘ra, dastlab tailandlik askarlar hujum qilgan. Kambodja «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan o‘t ochgan — Tailand tomoniga ko‘ra, snaryadlar aholi yashash joylariga kelib tushgan. Tailand bunga javoban nafaqat artilleriyani ishga soldi, balki harbiy aviatsiya samolyotlarini ham havoga ko‘tardi. Ikki tomon bir-birini tajovuzkorlik, provokatsiya hamda fuqarolik obektlariga ham hujum uyushtirish orqali harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblamoqda.
Mojaro hali ham chegaraviy bo‘lib qolmoqda, ammo uning to‘laqonli urushga aylanish xavfi juda yuqori.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaroga 100 yildan oshdi. U XX asr boshlarida fransuz hind-xitoy mustamlakasi (hozirgi Kambodja, Laos va Vetnam) va Siam qirolligi (hozirgi Tailand) o‘rtasidagi chegarani belgilaydigan xaritalardagi tafovutlar tufayli paydo bo‘lgan. Bahsli hududda Dangrek tog‘laridagi bir nechta qadimiy hind ibodatxonalari, jumladan, IX asrda asos solingan Preaxvixea joylashgan. Bu ibodatxona mojaroning ramziy markaziga aylandi.
1962 yilda Haaga xalqaro sudi ibodatxonaning o‘zini Kambodjaga hukm qildi, ammo uning atrofidagi hudud bahsli bo‘lib qoldi. 2008 yilda Preaxvixea Kambodjaning arizasiga binoan YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Tailandda buni provokatsiya sifatida qabul qilishdi.
2008 yil yozida ikkala tomon ham ibodatxona atrofida qo‘shin to‘play boshladi. Iyul oyida birinchi qurolli to‘qnashuv yuz berdi, natijada bir necha askar halok bo‘ldi. Keyingi yillar davomida ikkala davlat ham o‘z pozitsiyalarini mustahkamladi, harbiy lagerlar qurdi va hududni minalashtirdi. Otishmalar muntazam ravishda bo‘lib turgan, ba’zan harbiylar va tinch aholi orasida qurbonlar kuzatilgan.

AKP / AFP / Scanpix / LETA
Eng katta eskalatsiya 2011 yilda ro‘y bergan va u ko‘p jihatdan hozirgisiga o‘xshaydi: navbatdagi otishma artilleriya va raketa qurilmalaridan foydalangan holda haqiqiy janglarga aylangandi. Maktablar, turar joy binolari vayron qilingandi. Ibodatxonaning o‘zi ham zarar ko‘rgan. 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, chegaraning har ikki tomonidan minglab aholi evakuatsiya qilingan.
Kambodja BMTga murojaat qilib, xalqaro aralashuvni talab qildi. Tailand esa, aksincha, masala ikki tomonlama muzokaralar doirasida hal etilishi kerakligini ta’kidladi. Vaziyatga Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi, so‘ngra Kambodja so‘rovi bilan Haaga xalqaro sudi aralashishga harakat qildi. 2011 yilda sud ikkala tomon ham mojaro hududidan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi va xalqaro kuzatuvchilarga ruxsat berishi kerakligi haqida qaror chiqardi. Amalda bu talablar qisman bajarildi, vaziyat keskinligicha qoldi va har ikki davlat ham hududda askarlarni ushlab turishda davom etdi.
2013 yilda sud nafaqat Preaxvixea ibodatxonasining o‘zi, balki unga tutash hudud ham Kambodjaga tegishli deb topdi. Tailand mamlakatdagi o‘ng kuchlarning keskin noroziliklariga qaramay, bu qarorni qabul qildi.
Preaxvixea Tailandning nafaqat tashqi, balki ichki siyosatida ham muhim timsolga aylandi: millatchilar uni qaytarish kerakligini, liberallar esa Kambodja bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish kerakligini ta’kidlab keladi.
Yangi eskalatsiya 2025 yil bahorida boshlandi. Tailand harbiylari bir guruh kambodjalik ziyoratchilarni ibodatxonaga kiritmadi. Bunga javoban Pnompen Tailanddan mevalar importini taqiqladi va chegara hududlarida internetni o‘chirdi. O‘shanda Tailand bir nechta chegara o‘tish joylarini yopgandi. Yana otishma ro‘y berdi, kambodjalik askarlardan biri halok bo‘ldi. Ikkala tomon ham, odatdagidek, bir-birini aybladi.
Keyin Tailandda siyosiy inqiroz boshlandi. Iyun oyida Tailand bosh vaziri Petongtarn Chinavat va Kambodja senati raisi Xun Sen o‘rtasidagi telefon suhbati matbuotga e’lon qilindi. 72 yoshli Xun Sen ko‘p yillar davomida Kambodjaning harbiy diktatori bo‘lgan, 2023 yilda bosh vazir lavozimini rasman o‘g‘liga topshirgan, ammo amalda Kambodja siyosatining eng muhim arbobi bo‘lib qolmoqda. 38 yoshli Petongtarn sobiq bosh vazir Taksin Chinavatning qizi bo‘lib, u xalq orasida nufuzga ega bo‘lmasa-da, hokimiyatni asosan otasining mashhurligi va boyligi tufayli qo‘lga kiritgandi.
Petongtarn Chinavat Xun Senni Tailand Kambodja bilan mojaroning keskinlashishini istamasligiga ishontirdi va eskalatsiya uchun mas’uliyatni «zo‘r bo‘lib ko‘rinishni istaydigan» harbiylarga yukladi. Harbiylar esa Tailanddagi asosiy siyosiy kuchdir (mamlakatda harbiy to‘ntarishlar o‘rtacha besh-yetti yilda bir marta sodir bo‘ladi) va hech bir fuqarolik siyosatchisi ular bilan ziddiyatga borishga jur’at eta olmaydi. Petongtarnning hukmron koalitsiyadagi ittifoqchilari uni armiyaga hurmatsizlikda va Kambodjaga nisbatan juda yumshoq munosabatda bo‘lganlikda ayblab, undan uzoqlashishga shoshilishdi.
1 iyul kuni Konstitutsiyaviy sud Petongtarn Chinavatni hokimiyatdan chetlatdi. Yangi hukumatni aslida harbiylar shakllantirdi – Tailandda bu siyosiy inqirozdan chiqishning odatiy usuli, faqat bu safar Bangkok ko‘chalariga tanklarni olib kirishga hojat bo‘lmadi. Sobiq mudofaa vaziri Pumtam Vechaychay hukumatning vaqtinchalik rahbari bo‘ldi.
Agar hozirgi eskalatsiya keng ko‘lamli urushga aylanib ketadigan bo‘lsa, unda Kambodja yaxshi istiqbolga ega emas. Tailand ancha katta (Kambodjaning 18 million aholisiga nisbatan 66 million), boyroq (YaIM – 150 milliardga nisbatan 1,8 trillion dollar) va yaxshiroq qurollangan. Kambodjada havo kuchlari deyarli yo‘q, Tailandda esa Amerikada ishlab chiqarilgan o‘nlab F-16 samolyotlari mavjud. Bundan tashqari, Dangrek tog‘lari Tailand tomondan tekis, Kambodja tomondan esa jarliklardan iborat, shuning uchun Tailandga balandlikdagi pozitsiyalarni jihozlash va quruqlikdagi hujumni amalga oshirish ancha oson bo‘ladi.
Mavzuga oid

11:29 / 25.07.2025
Tailanddagi O‘zbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslik so‘raldi

12:05 / 24.07.2025
Tailand va Kambodja chegarasida qurolli to‘qnashuv bo‘lmoqda

19:34 / 06.07.2025
Tailandda pushti temiratki kasalligi tarqaldi

18:14 / 01.07.2025