Jahon | 14:36 / 26.07.2025
3781
10 daqiqa o‘qiladi

IShID yetakchilaridan birini o‘ldirgan AQSh, cho‘kib ketishiga sal qolgan Ramzon Qodirov va G‘azoda davom etayotgan fojia – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azo fojiasi

AQSh senatori Berni Sanders AQShni Isroilning G‘azo sektoridagi «noqonuniy urushi»ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi. U bu urush natijasida ommaviy ocharchilik va tinch aholi halokati yuz berayotganini ta’kidladi.

«21 oylik shafqatsiz urushdan so‘ng, Netanyahu hukumatining G‘azoni yo‘q qilish siyosati yanada dahshatli bosqichga o‘tdi. Amerika ham, butun dunyo ham bunga ko‘z yuma olmaydi. Biz soliq to‘lovchilar pulimiz, qurollarimiz va hukumatimiz yordami bilan nima qilinayotganiga jiddiy yondashishimiz kerak", — dedi Sanders o‘z bayonotida.

U Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning hukumatini insonparvarlik yordamini to‘sib qo‘ygani uchun qoraladi. Sandersning aytishicha, 2023 yilda urush boshlanganidan beri AQSh Isroilga 22 milliard dollardan ortiq harbiy yordam bergan.

«Boshqacha aytganda, AQSh soliq to‘lovchilari puli bolalarni ochdan o‘ldirish, tinch aholiga bomba tashlash va Netanyahu hamda uning jinoyatchi vazirlarining shafqatsizligini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilmoqda.

Bu yetarli. Oq uy va Kongress bu dahshatli urushni to‘xtatish uchun o‘z ta’siridan to‘liq foydalanishi kerak. Netanyahuning hukumatiga harbiy yordam — darhol to‘xtatilsin. Bu dahshatga befarq bo‘lganlarni tarix qattiq hukm qiladi», — deya yakunladi Sanders.

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya (E3 davlatlari) ham G‘azo sektoridagi barcha tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Hamas tomonidan garovda ushlab turilgan garovdagilarni darhol va hech bir sharsiz ozod qilish bo‘yicha kelishuvga chaqirdi.

Bayonotda HAMASning qurolsizlantirilishi zarurligi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, ular AQSh, Qatar va Misr tomonidan olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlagan.

E3 davlatlari Isroil hukumatini yordam yetkazilishiga qo‘yilgan cheklovlarni darhol olib tashlashga va BMT hamda insonparvar tashkilotlarning ocharchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ish olib borishiga zudlik bilan ruxsat berishga chaqirgan. Shuningdek, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya «Isroilning bosib olingan Falastin hududlarini anneksiya qilishga qaratilgan har qanday urinishiga qat’iy qarshi» ekanligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil oktabr oyidan buyon Isroilning genotsid ko‘rinishidagi urushi oqibatida G‘azo sektorida 59 676 falastinlik, ko‘pchiligi ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Qariyb 150 ming kishi jarohatlangan. Sektor hududi deyarli vayron bo‘lgan va millionlab odamlar ochlikdan azob chekmoqda.

AQSh IShIDning yuqori martabali yetakchisini yo‘q qildi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi 25 iyul kuni Suriyaning shimolidagi al-Bab shahrida reyd o‘tkazib, IShIDning yuqori martabali yetakchisi va uning ikki voyaga yetgan o‘g‘lini o‘ldirganini ma’lum qildi.

Operatsiya Halab viloyatida amalga oshirilgan bo‘lib, natijada Zavba Muslih al-Hardani hamda uning o‘g‘illari — Abdulloh va Abdurrohman halok bo‘lgan. CENTCOM bayonotida aytilishicha, ularning barchasi terrorchilik guruhiga aloqador bo‘lib, «AQSh va koalitsiya kuchlari, shuningdek, yangi Suriya hukumati uchun tahdid» hisoblanadi.

Harbiylar reyd chog‘ida birorta ham tinch aholi vakili jabrlanmaganini qayd etgan.

«Biz IShID terrorchilarini qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, murosasiz ta’qib qilishda davom etamiz. Hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz bilan birga, AQSh Markaziy qo‘mondonligi bizga, mintaqa va ittifoqchilarimizga tahdid solayotgan terrorchilarni butunlay mag‘lub etishga sodiqdir», — dedi CENTCOM qo‘mondoni general Maykl Kurilla.

Iroq va Shomdagi Islomiy Davlat (IShID) — 2006 yilda Al-Qoida bo‘linmasi sifatida paydo bo‘lgan. 2014 yildan boshlab ekstremistik da’volari tufayli unga qarshi xalqaro koalitsiya harakat boshlagan va 2019 yilga kelib deyarli tugatgan. Hozirda ayrim hududlarda ko‘p bo‘lmagan a’zolari qolgani aytiladi. Tashkilot BMT va dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan terrorchi sifatida tan olingan.

Tramp: Putin va Zelenskiy uchrashadi

AQSh Prezidenti Donald Tramp juma kuni Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishini yana bir bor ta’kidladi, biroq bu uchrashuv hali ham amalga oshmagani uchun afsus bildirdi.

Oq uydan Shotlandiyaga yo‘l olganida jurnalistlardan biri Trampdan bu uchrashuv qanday sharoitda sodir bo‘lishi mumkinligi, balki uning o‘zi ham unda qatnashish ehtimoli haqida so‘radi.

«Bu sodir bo‘ladi, lekin bu uch oy oldin bo‘lishi kerak edi. Baribir sodir bo‘ladi», — dedi Tramp.

Shu kuni, juma kuni ertalab Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Rossiya-Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha davom etayotgan muzokaralar doirasida, Istanbulda Tramp va Putin o‘rtasida uchrashuv tashkil qilishga harakat qilinishini ma’lum qildi.

«Bu hafta biz Putin va Tramp bilan alohida muzokaralar olib borib, ularni Istanbulda bir joyga to‘plash mumkinmi, yo‘qmi, aniqlashga harakat qilamiz», — dedi Erdo‘g‘an.

Bu orada Telegraph nashri o‘z manbalariga tayanib Ukrainaga Germaniyadan o‘tgan hafta oxirida Patriot qurilmasi yetib kelganini ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv faqatgina «muzokaralarda ilgari surilgan taklif va qarashlar hujjatlashtirib, barcha zarur ishlar bajarilgach» bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu munosabat bilan, Kreml avgust oxirigacha ikki davlat rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tishini ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi, degan RIA Novostining manbalari.

Peskov «barcha ishlar» va «ishlab chiqilgan takliflarning hujjatlarda mustahkamlanishi» deganda aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamadi. Kuni-kecha Istanbulda o‘tgan uchrashuvda Ukraina tomoni bu safar prezidentlar darajasida uchrashuv o‘tkazishni taklif etgandi. Kiyevning pozitsiyasiga ko‘ra, bu orqali Rossiyaga Donald Tramp belgilagan «tinchlikka erishish uchun ajratilgan 50 kunlik muddat» bajarilgan bo‘ladi.

Saratovdagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi

Rossiyaning Saratov shahrida ko‘p qavatli turar joy binosida maishiy gaz sizib chiqishi oqibatida portlash ro‘y berib, to‘rt kishi halok bo‘ldi. Rossiya FVV ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida bir bola ham bor.

Portlash 25 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida shaharning Lenin rayonidagi Blinova ko‘chasi, 2-uyda sodir bo‘lgan. Saratov oblasti gubernatori Roman Busarginning ma’lum qilishicha, portlash sababi sifatida gaz sizib chiqishi versiyasi ko‘rib chiqilmoqda.

Portlash o‘chog‘i to‘qqizinchi qavatdagi kvartirada bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Binoning yettinchi qavatdan o‘ninchi qavatgacha bo‘lgan burchakli kirish yo‘lagi qulab tushgan.

Hodisa oqibatlari aks etgan kadrlarda o‘ninchi qavatdan beshinchi qavatgacha qulash ro‘y bergani aks etgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, pod’yezd to‘liq, birinchi qavatga qadar qulab tushgan. TASS ma’lumotiga ko‘ra, 30 dan ortiq xonadonga zarar yetgan bo‘lishi mumkin.

Tergov qo‘mitasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ramzon Qodirov Turkiyada cho‘kib ketishiga oz qoldi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Turkiyaning Bodrum shahrida dam olayotgan paytda cho‘kib ketish xavfiga uchradi va kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda 24 iyul kuni qator turk ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Hodisa Bodrumdagi Kaynar tumanida joylashgan besh yulduzli mehmonxonada tushlik vaqtida sodir bo‘lgan. OAV bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Qodirov suvda o‘zini yomon his qilgan, nafas olishda qiyinchilik sezgan va cho‘kib ketish xavfiga duch kelgan. U darhol suvdan chiqarilib, birinchi yordam ko‘rsatilgan va tez tibbiy yordam mashinasida Bodrumdagi Amerika kasalxonasiga olib ketilgan.

25 iyul kuni Kent TV telekanali Checheniston rahbari shifoxonani tark etayotgan paytda tushirilgan suratlarni e’lon qildi. Suratlarda Qodirovning korteji, jumladan politsiya mashinalari va tez yordam ko‘rinadi. Checheniston rasmiylari turk OAVlarida chiqqan xabarlar yuzasidan izoh bermagan.

«Novaya Gazeta»ning yozishicha, 2019 yil yanvarida Ramzon Qodirovga oshqozon osti bezi nekrozi tashxisi qo‘yilgan, 2022 yil bahoridan boshlab esa sog‘lig‘i jiddiy yomonlashgan. Nashrga ko‘ra, Rossiya prezidentining administratsiyasi 2023 yil sentabr oyidan boshlab Chechenistonda hokimiyat almashinuvi ssenariysini ishlab chiqa boshlagan, sababi 48 yoshli Qodirovning sog‘lig‘i tuzalmas darajada og‘ir bo‘lib qolgan.

Nashr Qodirovning ehtimoliy vorisi sifatida «Axmat» bo‘linmasi qo‘mondoni Apti Alaudinovni tilga olgan. 

Mavzuga oid