Jamiyat | 20:44 / 28.07.2025
11162
6 daqiqa o‘qiladi

Angren voqeasi: pedofiliya qurboni bo‘lgan o‘smir qiz qonun himoyachilariga yana ko‘zgu tutdi

14 yoshli qizning muntazam zo‘rlanib, reanimatsiyaga tushganidan so‘nggina fojiadan xabardor bo‘lgan jamiyat, Xorazmdagi yetim qizlar ishida shartli jazo tayinlagan sud, qog‘ozda qolgan qonunlar... Bu holatlar O‘zbekistonda bolalar qanday darajada himoyasiz ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Angrendagi fojia — bundan ko‘zimiz ochilmaydimi?

14 yoshli qizning ota-onasi ayrim sabablarga ko‘ra farzandining hayotini nazoratsiz qoldirgan, u keksa buvisi qaramog‘ida yashaydi. Uning hayoti, jismi va ruhiyati to‘rt shaxs tomonidan oyoqosti qilinishi bir necha oylab davom etgan. Ammo hech kim bu holatdan xabardor bo‘lmadi. Sababi aniq — bu bolaning ortida uni himoya qiluvchi, javobgarlikni talab qiladigan hech kim yo‘q edi.

Bu — birinchi marta emas.

Xorazmda yetim qizlar zo‘rlanishi – o‘xshash voqealar

2023 yilda Xorazmda mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 15–17 yoshli qizlar bir necha oy davomida davlat xizmatchilari tomonidan zo‘rlangani ma’lum bo‘lgan edi. Sudda ularga shartli jazo tayinlandi. Prokuraturaning “qizlar o‘z xohishi bilan rozi bo‘lgani” haqidagi iddaosi hayratlanarli bo‘ldi. Jamoatchilikning keskin noroziliklari ortidan ularning ishi qayta ko‘rib chiqilib, malakalandi. Qizlarning taqdiri, kelajagi va ruhiy ahvoli esa hech kimni qiziqtirmadi. Bu ikki holatni bir-biriga bog‘laydigan yagona umumiy nuqta — jabrlanuvchilarning himoyasizligi.

Nega biz xotirjammiz?

2023 yil aprelda qabul qilingan yangi qonunda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarga jazo biroz kuchaytirildi va O‘zbekistonda ham pedofillar reyestri yuritiladigan bo‘ldi. Bu tizim ishga tushsa pedofillar haqida xabardor va ogoh bo‘lishimiz mumkin edi. Ammo hanuz bu masala ochiqligicha – qonunda va qog‘ozda qolmoqda.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari pedofillarga kimyoviy kastratsiya qo‘llab, bunday jinoyatlar xavfini keskin kamaytirayotgan bir paytda biz atrofimizdagi pedofillar haqida ma’lumotga ham ega emasmiz. Bu usul hatto qo‘shni Qozog‘istonda ham qonun doirasida qo‘llanadi. Xitoy, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi, Eron, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun o‘lim jazosi bor.

Bizda esa pedofillar mahallasi, manzili va shaxsi sir saqlanadi. Ular bugun 14 yoshli qizni zo‘rladi — ertaga boshqasini zo‘rlashi mumkin.

Raqamlar nima deydi?

2024 yilda O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha qayd etilgan holatlar:

  • 412 nafar bola — jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan;
  • 1 028 nafar bola — jismoniy zo‘ravonlikka uchragan;
  • 929 nafar bola — ruhiy bosim ostida yashagan;
  • 106 nafar bola — kattalarning befarqligi sabab himoyasiz qolgan.

Bu rasmiy statistika. Ammo biz yaxshi bilamiz — bu faqat qayd etilgan, ish ochilgan holatlar. Qanchasi sirligicha qolmoqda?

Mas’ullar nima qilyapti?

2025 yil 15 maydan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Unda jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka bo‘lgan murosasizlik muhitini yaratish qayd etilgan, bu bo‘yicha bir qator yuqori tashkilotlarga vakolat va majburiyatlar berilgan edi. Bolalarni faqat jismoniy va jinsiy emas, ruhiy bosim, e’tiborsiz qoldirishdan, g‘amxo‘rlik qilmaslikdan va bullingdan himoya qilish nazarda tutilgan qonun ayni Angren voqeasi kabi holatlarning oldini olishda ahamiyatlidir.

Lekin bir savol qoladi: qonun kuchga kirdi — amalda-chi? Bolalar hali ham reanimatsiyaga tushganidan keyingina huquqni ta’minlaydigan idoralar qulog‘iga yetib boryapti.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bolaning xastaligi jinoyat bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilib, bolani himoyalash va reabilitatsiya qilinish choralari ko‘rilayotganini aytdi. Ammo holatning bu qadar ayanchli vaziyatgacha yetib borishining o‘zi achinarli masala.

Qachon biz “uning o‘rnida mening bolam bo‘lsa-chi?” degan xavotirga tushamiz?

Biz qachonki pedofilni himoya qiluvchi sud, jamiyat va qonunni emas, bolani himoya qiluvchi tizimni yaratmasak, bunday zo‘ravonliklar davom etaveradi.

Yuqoridagi kabi jinoyatlar ortidan javobgarlik qat’iylashmas ekan, pedofillar jazodan qo‘rqmaydi. Himoyasiz bolalar esa ularning o‘ljasiga aylanaveradi. Zero, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi kabi sabablar ortidan qarovsiz yoki ota-onasi yonida bo‘lmagan bolalar soni anchagina.

Savol yuzaga keladi: yana nechta bola qurbon bo‘lishi kerakki, qonunlar ustuvor, jamiyat uyg‘oq, bolalar xavfsiz bo‘lishi uchun...

Mavzuga oid