Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda ocharchilik boshlanmoqda – IPC hisoboti
BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan IPC kuzatuv guruhi ayni paytda G‘azoda minglab bolalar to‘yib ovqatlanmayotgani, oqibatda kichik yoshdagi bolalar orasida ochlik bilan bog‘liq o‘lim ko‘payganini bildirdi. «Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti esa «oziq-ovqat mashinalari to‘la yuk mashinalari G‘azo chegarasida turganida, parashyutdan arzimagan yordam tashlash bu – mazax qilishdir», deya Isroilni tanqid qildi.

Foto: Anadolu/Getty Images
«G‘azoda yuz berayotgan insonparvarlik fojiasini havodan tashlangan yordam yuklari bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. G‘azo sektorida eng yomon holat ocharchilik ssenariysi – hozirda ro‘y bermoqda», deyiladi BMT bilan hamkorlikda ishlovchi Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarini integrallashgan tasnifi (Integrated Food Security Phase Classification) IPCʼning ogohlantiruvchi hisobotida.
Ularning ta’kidlashicha, «darhol va to‘sqinliksiz» insonparvarlik yordami G‘azoga kiritilmaguncha, ochlik va o‘lim holatlari keskin ortishda davom etadi. The Guardian nashrining yozishicha, bu bayonot IPC tomonidan G‘azoda ocharchilik rasman e’lon qilinayotganini anglatmaydi, biroq ogohlantiruvda quyidagilar qayd etilgan:
«To‘yib ovqat yemaslik, oziqlanish yetishmovchiligi va kasalliklar keng tarqalmoqda. Bular ochlikdan kelib chiqayotgan o‘limlar sonining oshishiga sabab bo‘lmoqda».
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra:
- G‘azoning aksariyat hududlarida oziq-ovqat iste’moli ocharchilik mezonlariga yetgan;
- G‘azo shahrida esa keskin oziq-ovqat yetishmovchiligi holatlari kuzatilmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2024 yilning iyul oyi birinchi yarmida bolalar orasida «oziq-ovqat yetishmovchiligining og‘ir shakli» keskin oshgan. Aprel oyi boshidan iyul oyi o‘rtalarigacha 20 000 dan ortiq bola davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan 3000 nafardan ortig‘i – og‘ir ahvolda.

Shuningdek, 17 iyuldan beri 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ochlik tufayli kamida 16 nafar o‘lim holati ro‘yxatga olingani qayd etilgan.
«Mozorni to‘ldirayotgan bu o‘limlarning oldini olish uchun zudlik bilan harakat qilish lozim. Dushmanlikni to‘xtatish va hayotiy muhim insonparvarlik yordamining to‘siqsiz, keng ko‘lamda kirishini ta’minlash — bu yagona yo‘l», deyiladi IPC hisobotida.
Humanitar fojia sabablari: blokada va siyosiy bosim
Isroil joriy yil mart oyidan boshlab 11 hafta davomida sektorda to‘liq yordam blokadasini joriy qilgan. Rasmiy Tel-Aviv bu chorani HAMASni garovdagilarni ozod qilishga majburlash uchun qo‘llaganini aytgan.
Ammo may oyidan boshlab cheklangan miqdorda kiritila boshlangan oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmonlar G‘azodagi keskin ochlikni yengillashtira olmadi. Isroil keng ko‘lamda oziq-ovqatdan siyosiy vosita sifatida foydalanishda, butun aholini kollektiv jazolash orqali xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzishda ayblanmoqda.
Ushbu tanqidlarga javoban bosh vazir Binyamin Netanyahu «Isroil G‘azoda ocharchilik yuritayotgani haqidagi da’vo – bu yuzsiz yolg‘on», deb bayonot bergan.

Ammo AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azoda ko‘plab odamlar ochlikdan aziyat chekayotganini aytib, Netanyahu bilan qarama-qarshi pozitsiyani egalladi.
«Isroil yordam oqimlari uchun katta mas’uliyatga ega. Juda ko‘p odamlarni qutqarish mumkin. Juda ko‘p odam ochlikda qolmoqda», dedi Tramp dushanba kuni Shotlandiyaga tashrifi chog‘ida.
G‘azoda keng ko‘lamli ochlik haqidagi xabarlar hamda tasvirlar xalqaro jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otgani ortidan, yakshanba kuni Isroil harbiylari aholi gavjum bo‘lgan bir nechta hududda – G‘azo shahri, Deyr al-Balah va Muvasida insonparvarlik yordamini ko‘paytirish maqsadida «taktik tanaffus» joriy etilganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng G‘azoga bir qancha yuk mashinalarida yordam olib kirilishi osonlashdi. Iordaniya va BAA samolyot orqali 25 tonna yordam tashladi.
Befoyda tashabbus
«Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti G‘azoga havodan yordam tashlash amaliyotini keskin tanqid qilib, bu chorani «befoyda» va «kinoyali» deb atadi.
«Havodan insonparvarlik yordamini tashlash – bu nafaqat samarasiz, balki xavfli ham. Bunday yuklar juda oz miqdorda yordam olib keladi, lekin yerga tushayotganda odamlarni jarohatlaydi, hattoki o‘ldirishi ham mumkin. Havodan yordam tashlash – bu mazaxdek ko‘rinadigan befoyda tashabbusdir.
Yo‘llar bor, yuk mashinalari bor, oziq-ovqat va dori-darmonlar bor – hammasi G‘azo chegarasidan atigi bir necha kilometr narida tayyor turibdi. Faqatgina Isroil hukumatining bu yordamni o‘tkazishga ruxsat berishi, tekshiruv jarayonlarini tezlashtirishi, keng ko‘lamda yuklar kirishiga izn berishi va ularni xavfsiz yetkazib berish uchun muvofiqlashtirish kerak. Faqat shundagina biz bugun guvoh bo‘layotgan ochlik muammosini hal qilish yo‘lida birinchi qadamni qo‘yishimiz mumkin», dedi tashkilotning G‘azo bo‘yicha koordinatori Jyen-Gay Vataux.
U shuningdek, hozirda 2 million kishi G‘azo sektorining atigi 12 foiz qismini tashkil etuvchi tor hududda tiqilib qolgani, agar yordam aynan shu yerga tashlansa, odamlarning jarohatlanishi muqarrarligini ogohlantirgan.
Agar yuklar Isroil ko‘chishni buyurgan, harbiylashtirilgan zonalarga tushsa, odamlar oziq-ovqat topish uchun yana o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga majbur bo‘ladi.
Isroil hujumlari davom etmoqda
Tanqidlar va bosimlarga qaramay G‘azoning boshqa hududlarida Isroil hujumlari davom etmoqda. Xususan, dushanba kuni Isroil kuchlari tomonidan kamida 92 nafar falastinlik o‘ldirilgan, shundan 41 nafari oziq-ovqat izlab yurganlar bo‘lgani aytilmoqda.

2023 yil oktyabrdan boshlab Isroilning genotsid ko‘rinishidagi urushi oqibatida 60 mingdan ortiq falastinliklar, ularning aksariyati bolalar va ayollar vafot etdi. 150 ming inson jarohatlangan, millionlab insonlar uysiz qolib, ko‘chib yurishga majbur bo‘lmoqda. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi Dohada o‘tayotgan bilvosita sulh muzokaralari esa natijasiz bo‘lib qolmoqda. Xususan, AQSh bu muzokaralardan chiqqanini bildirdi.
Yordam tashkilotlari o‘tgan hafta G‘azodagi 2,2 million aholi orasida ommaviy ochlik mavjudligini e’lon qilgan edi. Xalqaro hamjamiyatda humanitar vaziyat borasida xavotir kuchaymoqda. O‘tgan hafta Britaniya, Fransiya va Kanada jumladan 25 ta davlat Isroilning yordamni rad etishini «qabul qilib bo‘lmas holat» deb baholadi.
Mavzuga oid

22:46 / 29.07.2025
Isroil G‘azodagi vaziyatni o‘nglamasa, Britaniya Falastin davlatini tan oladi

21:22 / 29.07.2025
HAMASga ta’siri eng kuchli davlatlar qaysilar?

18:45 / 29.07.2025
Niderlandiya Isroilning genotsidga da’vat qiluvchi vazirlarini «qora ro‘yxat»ga kiritdi

14:30 / 29.07.2025