O‘zbekiston | 21:19 / 28.07.2025
14684
4 daqiqa o‘qiladi

Xususiy universitetlarga sirtqi ta’limga kirishning aylanma yo‘li paydo bo‘ldi

Bu yil na davlat OTMlarida, na xususiy oliygohlarda sirtqi ta’limning 1-kursiga qabul bo‘lmadi. Natijada xususiy universitetlarning 2-, 3-, 4- va hatto 5-kursiga sirtqi ta’limga qing‘ir yo‘llar bilan qabul qilish avj olgan. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevga ko‘ra, yil boshidan beri HEMIS tizimida 26 mingta talaba sirtqi ta’limga qo‘shilgan. Shundan 4800 nafari – ikkita xususiy OTMga to‘g‘ri keladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim e’lonlardan skrinshotlar

Ijtimoiy tarmoqlarda sirtqi ta’limga 2-3-kursdan qabul qilishga oid ochiqdan ochiq e’lonlar ko‘paydi. Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu borada surishtiruv o‘tkazdi.

U shunday e’lon berganlardan biri bilan mijoz sifatida bog‘lanib, quyidagilarni aniqlagan:

  • turli konsalting firmalar 2-3-4 va hatto 5-kursdan sirtqi ta’limga o‘qishga kiritishni va’da qiladi;
  • ro‘yxatda 50 dan ortiq yo‘nalish bor, istalganini tanlash mumkin, barchasi xususiy universitetlarda;
  • 10 dan ortiq xususiy universitetlarning ro‘yxatini ham berishadi, istalganini tanlang deb;
  • firma xizmati haqi yo‘nalishiga qarab taxminan 10 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha, lekin universitetga kontraktni o‘zingiz to‘laysiz, bu pul firma "xarajati" uchun xolos;
  • sizning nomingizga Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘istondagi oliygohlarda o‘qiyapti, degan soxta hujjat tayyorlashadi; lekin o‘zingizga u hujjatni ko‘rsatishmaydi;
  • o‘sha soxta hujjat bilan sizni xuddi “perevod” qilganday O‘zbekistondagi xususiy universitetning yuqori kursiga olib kelib joylashadi. Universitet shartnoma beradi, kontrakt pulini to‘lasangiz bo‘ldi, hech narsa bo‘lmaganday 2-, 3-, 4- yoki hatto 5-kursdan o‘qishni boshlaysiz.

“Bu jarayonga katta ehtimol bilan universitetlar ham aralashgan bo‘ladi, chunki o‘zini hurmat qilgan oliygoh albatta talabaning hujjatini tekshirib ko‘radi, soxta hujjat bilan joylashishga yo‘l qo‘ymaydi. Lekin millionlab kontrakt to‘lashga tayyor mijoz kelib turganda, universitetlar ham mana shu korrupsion sxemaga sherik bo‘lmoqda.

Bular shunchaki sizni oliygohga joylab qo‘yishmaydi, balki vazirlikning HEMIS dasturiga “orqa sana” bilan kiritib ham qo‘yishadi. Lekin buning uchun avval kontraktni to‘liq to‘lashingizni so‘rashadi”, – deya yozdi bloger.

Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zidagi ma’lumotlarga tayanib yozishicha, 2025 yil 1 yanvardan 3 iyulgacha 41 812 nafar talaba HEMIS tizimiga kiritilgan, shundan 25 821 nafari sirtqi ta’limga qo‘shilgan. “Qanaqa qilib??? Nahotki buni hech kim nazorat qilmagan???” – deya savol qo‘ygan huquqshunos.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shu davr ichida bitta xususiy universitet 3- va 4-kursga 3200 nafar talaba qabul qilgan, yana boshqa bittasi 1599 kishini yuqori kurslarga HEMIS'ga kiritgan.

“Bu ne sir-u sinoat, o‘rtoqlar? “Oshkora qotillik qissasi”ga o‘xshab, kuppa-kunduz kuni jinoyat sodir etishsa, hammamiz tomoshabin bo‘lib turamizmi? Qiziq-ku... Juda qiziq...” – deya o‘z postini yakunlagan yurist Xudoyberdiyev.

Kun.uz holat yuzasidan izoh so‘rab, Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab sirtqi ta’limga qabul to‘xtatildi. Bu talab davlat oliygohlari uchun ham, xususiy oliygohlar uchun ham birdek amal qilishi belgilangan.

Shu bilan birga, hozirda sirtqi ta’limda o‘qiyotgan talabalar uchun barcha o‘quv jarayonlari belgilangan tartibda davom ettiriladi. Ya’ni ular to o‘qishni bitirgunga qadar sirtqi ta’lim shaklida o‘qishda davom etishadi.

Mavzuga oid