O‘zbekiston | 19:23 / 31.07.2025
13781
2 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yangi rahbar tayinlandi

E’zozxon Karimova prezident administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar bo‘lib ketgan Hilola Umarova o‘rnini egalladi.

Foto: Qonunchilik palatasi

O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan E’zozxon G‘ofurjonovna Karimova O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tasdiqlandi. 

E’zozxon Karimova nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan.

E’zoza Karimova 1973 yili Namangan viloyati Namangan tumanida tug‘ilgan. 1990–1996 yillarda Toshkent davlat universitetining falsafa fakultetida tahsil olgan.

Karimova 20212021 yillarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘limi boshlig‘i, 20212023 yillarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

2023−2024 yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi «Yangi O‘zbekiston» universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida faoliyat yuritgan.

2024−2025 yillarda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlagan.

2025 yil mayida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabridan buyon vazirlikka rahbarlik qilib kelgan Hilola Umarova 2025 yil iyunida prezident administratsiyasi rahbariga o‘rinbosarlikka o‘tgach, vazirlik lavozimi bo‘sh qolayotgandi.

Ma’lumot uchun, mazkur vazirlik rahbari eng ko‘p o‘zgaruvchi vazirliklardan biri bo‘lib qolmoqda: Karimova so‘nggi o‘n yillik ichida ushbu lavozimdagi beshinchi vazir bo‘ldi. 2013–2018 yillarda Ulug‘bek Inoyatov, 2018–2021 yillarda Sherzod Shermatov, 2021–2022 yillarda Baxtiyor Saidov, 2022–2025 yillarda Hilola Umarova ushbu vazirlikka rahbarlik qilgandi.

Mavzuga oid