O‘zbekiston | 10:00
2154
16 daqiqa o‘qiladi

Sea Breeze'ga ruxsat, chorasiz maktablar va yopiq budjet - hafta dayjesti

Maktabni o‘qituvchilarga ta’mirlatgan direktor ishdan haydaldi: ta’mir uchun bir tiyin ajratmagan hokim-chi, uni so‘raydigan yo‘qmi? Gaz uchun subsidiyalar budjetni o‘piryapti: trillionlar qayerga ketayotgani nega ochiqlanmaydi? Chorvoqda kurort-shahar qurilishi tasdiqlandi: va’da qilingan jamoatchilik muhokamasi ham, ekologik ekspertiza ham bo‘lgani yo‘q. Ortda qolgan hafta mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘qituvchini ta’mirchi ustaga aylantirayotgan kim?

Har avgustda shu bo‘lar takror: O‘zbekiston bo‘ylab maktablarni ta’mirlash yana o‘qituvchilar gardaniga tushyapti. Andijon va Samarqand viloyatlarida ko‘zga tashlanib qolgan holatlar yana o‘sha eski muammo – hokimlarning maktablar ta’miriga pul ajratmasligi masalasini jamoatchilik e’tiboriga olib chiqdi.

Marhamat tumanidagi 42-maktabdan tarqalgan videoda yigirmadan ortiq o‘qituvchi tozalash-ta’mirlash ishlari bilan bandligini ko‘rish mumkin. Ularning ayrimlari mehnat ta’tilidan chaqirib olingan. Mehnat inspeksiyasining aniqlashicha, maktab direktori o‘qituvchilarni majburan chaqirgan, kelmaganlarga dars soatlari kam berilishini aytgan. Buning uchun direktor ishdan bo‘shatilib, 41 mln so‘m jarimaga tortildi.

Samarqand shahridagi 24-maktabda esa, pedagoglar hayot uchun xavfli balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarishga majbur bo‘ldi. “Holat o‘rganilyapti” degan mazmundagi bayonotdan keyin 3 kun o‘tib ham, o‘rganish natijalari ochiqlangani yo‘q.

Tarmoqlarda juda ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lgan bu holatlar – o‘tgan hafta tayinlangan yangi vazir E’zozxon Karimova uchun bu lavozimdagi ilk rezonansli vaziyatlar edi. U fursatdan foydalanib barcha hokimlarga ochiq murojaat yo‘llashi, ularni maktablar ta’miri bo‘yicha zimmasidagi majburiyatlarni bajarishga chaqirishi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida shaxsan bayonot bilan chiqishi mumkin edi. Lekin yangi vazir ko‘rinish bergani yo‘q, faqatgina uning matbuot xizmatidan rasmiy munosabatlar yangradi. Bu munosabatlarda muammoga tizimli yechim zarurligi haqida hech narsa deyilmagan.

Avvalgi yillarda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jazo kuchaytirilgani – tizimli yechimning bir qismi, albatta. Lekin bu o‘rinda juda muhim savol bor: nega hatto ishidan ayrilish va 40 mln so‘mlik jarima ham maktab direktorlarini to‘xtatib qola olmayapti? Hokimiyat pul bermaganidan keyin, direktor nima qilishi kerak?

Bu borada oxirgi yillardagi vaziyat bo‘yicha ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q, lekin masalan 2020 yilda 22 ta tuman va shaharda hokimlar maktab ta’limi uchun bir tiyin ham ajratmagan. Shu paytgacha jamoatchilik birorta hokimga maktabga pul ajratmagani uchun chora ko‘rilganini eshitmagan. Aftidan, Marhamatdagi 42-maktab jamoasi ham saylanmagan hokimdan umid yo‘qligini tushungan shekilli, birgalashib 2023 va 2024 yillarda “Tashabbusli budjet”da g‘olib chiqishni uddalashgan va maktabni epaqaga keltirishgan. Ta’lim dargohining chirib ketgan holati aks etgan rasmlarga ortiqcha izohning hojati ham yo‘q.

Hokimlar va maktablar haqida gap ketganda, oxirgi haftalarda tarmoqlarda aylangan ikkita misolni keltirib o‘tamiz. Daryo nashri bilan suhbatlashgan bir maktab direktori bir necha yillar oldin Surxondaryoda bo‘lgan tomoshani gapirib bergan. Uning aytishicha, viloyat rahbari maktab direktorlari bilan uchrashuv payti zalda terib qo‘yilgan bo‘yoqlar va gulqog‘ozlarni ko‘rsatib, bu yil maktablarni ta’mirlash uchun barcha qurilish materiallarini hokimiyat berishini e’lon qilgan. Yig‘ilishdan keyin esa bu qurilish materiallari tadbirkorlarga tegishli ekani, ular maktablarga tarqatish uchun emas, vaqtinchalik ko‘rgazma uchun olib kelib qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi voqeani esa “Xalq ta’limi Info” nashri direktori Ulug‘bek Po‘latov so‘zlab beradi:

Bir kuni hokimmi yoki uning o‘rinbosarimi, maktabimizga keldi. Xuddi vazir kelgandek kutib olindi. U direktorimizga qarab, hamma narsani hal qilib yuboradigandek: “Nima kamchilik?” dedi. Maktab hojatxonasi judayam ayanchli ahvolda edi, kirsangiz ko‘zingizdan yosh oqib ketadigan darajada edi. Hokim: “Bo‘ldi, hal qilamiz”, deb chiqib ketdi. 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas, “RayONO” mudiri telefon qilyapti: “Hojatxonani tezda ta’mirlab, rasmga olib, menga tashlaysizlar”. Bilishimizcha, hokim maktabdan chiqib, mudirga telefon qilgan: “Maktabingni hojatxonasi chatoq ekan, darrov ta’mirlab, menga hisobotini ber” degan. Mudir esa direktorga telefon qilgan. Direktor “qayerdan ham aytdim” deya, pul yig‘ishga majbur bo‘ldi”.

Davlat budjeti: 7 trillion qayerga ketdi?

Andijondagi maktablarga ta’mir uchun pul yo‘q, lekin dunyoning turli chekkalaridan artistlarni chaqirib, “Dunyo sadolari” degan festival o‘tkazishga har yili milliardlar topiladi. Mahalliy hokimliklarda pul borligi, bo‘lganda ham yildan yilga ko‘payib borayotganini shu hafta Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan yarim yillik budjet hisoboti ham tasdiqlaydi. Hisobotga ko‘ra, davlat budjeti xarajatlari 13 foizga oshgan bo‘lsa, mahalliy budjetlar xarajatlari bundan ancha ko‘proq – 22 foizga oshgan. Vodiy viloyatlari va Surxondaryo – respublika budjetidan eng ko‘p transfert olayotgan hududlar bo‘lib qolmoqda.

Davlat budjeti xarajatlari tarkibida tabiiy gaz uchun subsidiyalar 25 foizga kamaygani e’tiborli. Lekin bunday kamayish yil yakunida ham aks etishi katta savol ostida, chunki UzGasTrade 2025 yil uchun deb ajratilgan 7 trln so‘mlik subsidiyani 6 oydayoq olib bo‘lgan. Hisobotda 7 raqamidan keyin faqat nollar turganiga qaraganda, kompaniyaga butun yil uchun mo‘ljallangan subsidiya allaqachon tiyin-tiyinigacha to‘lab bo‘lingan. Agar yilning ikkinchi yarmida bu kompaniyaga yana pul berilsa, bu budjet qonuniga zid bo‘ladi, lekin yil oxirida qonunni o‘zgartirib qo‘yish rasmiylar uchun muammo emas.

Tariflar sezilarli oshganiga qaramay, tabiiy gaz uchun subsidiya haligacha davlat budjetining top-beshta xarajatlari qatorida qolyapti. Eng katta beshta xarajatdan to‘rttasi – oylik, nafaqa, pensiya va tibbiy sug‘urta – ijtimoiy ahamiyatga ega. Gaz uchun subsidiyani ham qo‘shganda, mana shu beshta xarajat jami 100 trln so‘m bo‘lib, davlat budjeti chiqimlarining 58 foizini tashkil etadi. Lekin qolgan to‘rttasidan farqli ravishda, gaz uchun subsidiyani ijtimoiy ahamiyatga ega deb hisoblash juda bahsli. Chunki bu mablag‘larning yakuniy benefitsiari kimligi – mavhum.

Gap shundaki, tabiiy gazni sotib olish va sotishdagi farqni qoplash uchun soliq to‘lovchilar hisobidan trillionlab mablag‘lar ajratilayotgan bo‘lsa-da, bu pullar keyingi bosqichlarda kimlarga va qanday qilib taqsimlanayotgani jamoatchilikka ochiqlanmaydi. O‘zbekiston gaz importini keskin oshirgan 2023 yildan beri UzGasTrade moliyaviy hisobotlarini ochiqlamay qo‘ygan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftadagi dayjestimizda aytganimizdek, gaz uchun subsidiyalar, avval berilgan va’dalarga qaramay, 2028 yilda ham saqlanib qolishi kutilyapti.

Sea Breeze Uzbekistan: jamoatchilik muhokamasisiz chiqqan qaror

Chorvoqda “Sea Breeze Uzbekistan” nomli kurort-shahar qurilishi, hali jamoatchilik muhokamasi bo‘lmay turib, uzil-kesil tasdiqlandi. O‘zbekiston hukumati ekologik ekspertiza natijalarini ham kutib o‘tirmay, 2 avgust kuni developer uchun keng vakolatlar va ayrim majburiyatlarni ko‘zda tutuvchi qarorni qabul qildi.

Qaror bilan, Chorvoq suv ombori atrofidagi 577 gektar yer maydoni “Sea Breeze Uzbekistan” qo‘shma korxonasiga, 5 mlrd dollarlik kurort majmuasini qurish uchun, auksion o‘tkazmasdan, 25 yilga ijaraga berildi. Bozor bahosiga ko‘ra ijara haqi 1,7 trln so‘m bo‘lishi kerak edi, lekin bu qiymat 100 baravarga kamaytirilib, 17 mlrd so‘m deb belgilandi. Bozor bahosidan 100 baravarga kam ijara to‘lovini investor 5 yil davomida, bo‘lib-bo‘lib to‘laydi. Hukumat bunday xotamtoylikni “investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadi” bilan izohladi.

Investor, bundan tashqari, 577 gektar yerni master-reja asosida lotlarga bo‘lib, boshqalarga ikkilamchi ijaraga berish huquqiga ega. Boshqacha aytganda, Emin Agalarov o‘zi quradigan binolarni kredit jalb qilish yoki aholi va tadbirkorlarning ulush kiritish asosida oldindan to‘lagan mablag‘laridan tashqari, loyiha bo‘yicha lotlarni sotish orqali ham moliyalashtirishi mumkin. Bundan tashqari, unga qurilish va loyihalash ishlarini parallel ravishda olib borish, kurort loyihasini mustaqil rejalashtirish va tasdiqlash vakolatlari ham berildi. Va albatta, “Sea Breeze Uzbekistan” soliq va boj imtiyozlariga ham ega bo‘ladi.

Davlat esa kurort majmuasida qurilish qiladigan kompaniyalardan har kvadrat metr qurilish uchun 50 dollardan infratuzilma to‘lovini undiradi. Bu jami 240 mln dollar bo‘lishi, shu mablag‘lar hisobidan qishloq va o‘rmon xo‘jaligidagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplab, ijtimoiy obektlarni qurish reja qilingan. Yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, gaz va aloqa tarmoqlarini hamda Chorvoq ustidan ko‘prik qurish uchun tashqi kreditlar olish ham ko‘zda tutilgan. Investitsiyalar vazirligining bayonotiga ko‘ra, bu kreditlar tijoriy asosda olinadi va “davlat qarzining ortishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas”. Vazirlikning ishontirishicha, “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasiga davlat budjetidan bir tiyin ham sarflanmaydi, moliyaviy risklar esa to‘laligicha investorning zimmasiga yuklangan.

Jamoatchilikni moliyaviy xatarlardan tashqari, ekologik risklar ham tashvishga solyapti. Qarorga asosan, investor ekologik talablarga rioya qilishi, chiqindi va oqova suvlarning Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymasligi, oqova suvlarni Chirchiq shahridagi oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirishi kerak. Bu talablarga rioya qilmaslik loyihani to‘xtatishga va yerning olib qo‘yilishiga olib keladi.

Ekologik xavotirlar markazida daraxtlar masalasi ham turibdi. Hukumat qarori bilan, loyiha hududidagi daraxtlarni ko‘chirish yoki kesish uchun yoppasiga ruxsat berib yuborildi. Ya’ni binolarni imkon qadar daraxtlarga moslab loyihalashtirish talabi o‘rniga, aksincha, qurilishga moslab hududni daraxtlardan tozalashga izn berildi. Qarorga ko‘ra, 577 gektarlik hududda quruvchilar qimmatbaho daraxtlarni xohlagancha ko‘chirishi, kam qimmatli daraxtlarni esa jarima to‘lamasdan xohlagancha kesishi mumkin, sharti – har bir kesilgan daraxt o‘rniga 5-7 yillik 10 tup ko‘chat ekilishi kerak.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zi tanlagan beshta yo‘nalishning birortasiga ham kirolmagan abituriyentlarga qo‘shimcha imkoniyat beriladi. Prezident huzurida 8 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, beshala yo‘nalishga ham kirolmagan abituriyentning to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori uni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Bu – davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish maqsadi bilan izohlandi. Endilikda barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqil bo‘lishi, rektor o‘z o‘rinbosarlarini o‘zi mustaqil tayinlashi aytilmoqda. Shuningdek, bundan buyon davlat oliygohlari davlatdan qancha pul olishi ular to‘plagan ballarga bog‘liq bo‘ladi. Ballarni hisoblashda bitiruvchilarning bandligi, ilmiy salohiyat kabi mezonlar asos bo‘ladi. 85 balldan ko‘p to‘plagan oliygohlar budjetdan ko‘proq, 56 balldan kam to‘plaganlari esa kamroq pul oladi.

Yana bir yirik kompaniya yopiq tarzda xususiylashtirildi. Xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqarilishi kerak bo‘lgan Dehqonobod kaliy zavodi, prezident qaroriga zid ravishda, yopiq eshiklar ortida sotib yuborildi. Qanchaga, qanday shartlar asosida sotilgani – noma’lum. Faqatgina xaridorning nomi ma’lum, bu – “Asian Chemical Group” MChJ. Eslatib o‘tamiz, Dehqonobod kaliy zavodi – O‘zbekiston kimyo sanoatidagi eng yirik zavodlardan biri. Uni qurish davlatga 128 mln dollarga tushgan, buning uchun Xitoydan qarz olingan edi.

Jazirama yoz tugay deganda, Ichki ishlar vazirligi tonirovka bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, 1 maydan 31 avgustgacha amal qiladigan 4 oylik tonirovka ruxsatnomasi joriy etilishi mumkin. Uning narxini BHMning 1 baravari, ya’ni 412 ming so‘m deb belgilab taklif etilyapti. Eslatib o‘tamiz, hozirda avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma shart emas, old yon oynalarning tusini o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar 1 yil uchun 8 BHM, ya’ni 3,3 mln so‘m to‘lov qilishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda uy hayvonlarini identifikatsiya qilish boshlanadi. 6 avgust kuni imzolangan qonunga ko‘ra, qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan 14 kun o‘tib, otlar 4 oylik, it va mushuklar esa 3 oylik bo‘lganidan keyin, uzog‘i 1 oy ichida identifikatsiya qilinishi kerak. Identifikatsiya qilish deganda, hayvonga maxsus kod tushirilgan birka va mikrochiplarni biriktirish tushuniladi. Bu kod elektron tizimda hayvonning tug‘ilgan yoki olib kirilgan sanasi, jinsi, nasli, rangi, egasi, egasining yashash joyi kabi ma’lumotlarga bog‘lanadi. Identifikatsiya va registratsiya uchun hayvon egalaridan to‘lov olinishi mumkin, buning tartibi hukumat qarori bilan belgilanadi.

Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanida yana gaz to‘ldirish shoxobchasi portladi. 5 avgust kuni tumanning Oltindala mahallasidagi shoxobchada propanni avtosisternadan rezervuarga quyish vaqtida portlash ro‘y berib, oqibatda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra avtosisterna haydovchisi yengil kuyish jarohatini olgan. Eslatib o‘tamiz, bundan 20 kun oldin shu tumandagi boshqa bir gaz to‘ldirish shoxobchasida ham portlash sodir bo‘lib, 4 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohatlangan edi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid