Jamiyat | 22:28 / 16.04.2025
11518
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l talashgan Spark haydovchisi temir bilan Matiz haydovchisini urdi

Jabrlanuvchi tan jarohati bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanida ikki haydovchi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 12 aprel kuni Yunusobod tumani 13-mavze hududida 36 yoshli Spark haydovchisi M.X. hamda 20 yoshli Matiz haydovchisi S.A. yo‘l talashish oqibatida o‘zaro janjallashgan. Shundan so‘ng, M.X. avtomashinadan tushib, temir jism bilan Matiz’ning oynalarini sindirgan va shu jism bilan fuqaro S.A.ning bosh qismiga urib tan jarohati yetkazgan.

Fuqaro S.A. olgan tan jarohati bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil aprelda poytaxtning Yakkasaroy tumanida yo‘l talashib janjallashgan haydovchining avtomashinasida psixotrop dori vositalari borligi aniqlangan edi.

Mavzuga oid