Rossiya bosqinni faollashtirdi, Tramp jamoasida qutblanish – tahlilchilar nima deydi?
Ukraina tomoni Rossiya bahorgi-yozgi hujum kampaniyasini boshlaganini aytmoqda. Sumi va Harkiv yo‘nalishlarida ayniqsa faollik oshgan. Xo‘sh, urushning hozirgi bosqichida Rossiya oldiga qo‘ygan maqsadlar nima? G‘arbdagi ittifoqchilarda nima gaplar? Trampning savdo urushi Ukraina frontiga qanday ta’sir qiladi?
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi navbatdagi sonida siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Shuhrat Rasul, Xayrulla Umarov va Abduvali Soyibnazarov Rossiya–Ukraina urushining hozirgi pallasi haqidagi savollarga javob berishdi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainadagi bahorgi-yozgi hujum kampaniyasi “amalda boshlangan”. Xo‘sh, bu kampaniyadan ko‘zlangan maqsad nima? Rossiyaning resurslari ko‘zlangan maqsadlarga mosmi?
Xayrulla Umarovning fikricha, Rossiyaning joriy maqsadi – Ukrainaning Qora dengizga chiqishini to‘sib qo‘yish. “Rossiya azal-azaldan G‘arbga qarab kengayib borgan va hamisha dengizlarga chiqishni strategik maqsad deb bilgan. Usmonli imperiyasi bilan ham urushlarda asosiy maqsad Qora dengizga chiqish masalasi bo‘lgan edi. Rossiya uchun bu masala strategik vazifa hisoblanadi va bundan hech qachon voz kechmaydi”, deydi u.
Abduvali Soyibnazarov ham ukrainlarni Qora dengizga chiqish imkonidan mahrum qilish RFning asosiy maqsadlaridan biri deb hisoblamoqda. Navbatdagi nishonlar Odessa va Nikolayev viloyatlari bo‘lishi mumkin va buni Ukraina razvedkasi ham tasdiqlab turibdi, deydi u.
“Rossiya imkoni boricha o‘zining biqinida kuchli davlat bo‘lishini istamaydi va shuning uchun hozir asosiy e’tiborni Ukrainaning janubi-sharqiy hududlariga qaratadi”, deydi Soyibnazarov.
Shuhrat Rasul bu fikrlarga qo‘shilmaydi: uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Odessagacha yetib borishga Rossiyaning harbiy qudrati yetishiga ishonish qiyin. “Undan avval Xerson shahri bor. Dnepr daryosi ustidan o‘tuvchi Antonov ko‘prigi portlatib yuborilgan. Bugun Rossiyaning Odessani bosib oladigan harbiy qudrati va zarur texnikalari yetarli emas”, deydi u.
Shuhrat Rasulga ko‘ra, RFning asosiy maqsadi – yoz oxirida yoki kuzda muzokaralar boshlanguniga qadar, Ukrainaning imkon qadar ichki hududlariga kirib borish va yaqqol kuch pozitsiyasidan turib muzokara qilish. Bunda, RF o‘z konstitutsiyaga kiritib qo‘ygan to‘rtta viloyatning hali egallanmagan hududlaridan Ukrainaning chiqib ketishini talab qilishi, evaziga yangi egallangan boshqa viloyatlar hududlari bo‘yicha yon berishi mumkin.
Farhod Tolipov Rossiyaning joriy hujumlarini “aniq maqsadsiz” deya ta’rifladi. “Rossiyaning bu yilgi harbiy maqsadlariga kelsak, ularda aniq maqsad yo‘q va ular iloji boricha Ukraina ichkarisiga kirib borishgagina harakat qiladi. Chunki bosqin boshlanganidan buyon ularning ma’lum darajadagi natijasi shuni ko‘rsatdiki, ular qandaydir strategik maqsadni belgilab, uni amalga oshira olmaydi”, deydi Farhod Tolipov.
Qizg‘in suhbat davomida Trampning ikki vakili o‘rtasidagi pozitsiyalar to‘qnashuvi, “Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning Ukrainani qo‘llash darajasi, AQSh–Xitoy urushining Ukraina frontiga ta’siri va Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkinning bayonoti yuzasidan ham fikrlar almashildi.
Suhbatni to‘liq holda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

23:58 / 24.04.2025
Qirg‘izistonda RF armiyasiga yollash ishi bo‘yicha rossiyalik polittexnolog hibsga olindi

21:23 / 24.04.2025
Zelenskiy Trampga Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha yangi takliflar yuborilganini ma’lum qildi

20:45 / 24.04.2025
“Geosiyosat” muloqoti. Ekspertlar bilan savol-javob

18:50 / 24.04.2025