O‘zbekiston | 17:00 / 25.04.2025
1877
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy klinikalarni tekshirish bo‘yicha SSVning vakolatlari kengaytirilishi mumkin

Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy klinikalarga nisbatan lisenzion talablarni qayta ko‘rib chiqmoqda. Vazirlik nodavlat tibbiyot muassasalari ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, xususan, biznes ombudsman ruxsatisiz tekshiruv o‘tkazish vakolatini ko‘zda tutuvchi hujjat loyihasi ustida ishlayapti, deya Kun.uz'ga ma’lum qildi vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova.

Buxoroda xususiy klinikada 11 yoshli bola vafot etgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Farg‘onada esa xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun borgan prokuratura xodimining o‘limi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Kun.uz muxbiri sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan bu kabi holatlarga vazirlikning munosabatini so‘radi.

Avvalo aytmoqchimanki, xususiy klinikalarning fuqarolarimiz salomatligini saqlashda, ularni davolashdagi hissasi keskin ortdi. Ularning soni ham, sifati ham oshdi. Mana, statsional xizmat ko‘rsatuvchi xususiy klinikalar ham ko‘paydi. Lekin bu narsaning ikkinchi tomoni bor. Ularga davlat tomonidan qanchalik imtiyozlar, erkinliklar taqdim etilmasin, oddiy tadbirkorlar bilan tibbiyot sohasidagi klinika rahbarlari o‘rtasida farq bor: ular inson hayoti uchun javob beradi. Ular nafaqat eng yuqori texnologiyali asbob-uskunalar, balki o‘z kadrlar salohiyati va malakasi haqida ham qayg‘urishi kerak.

Sog‘liqni saqlash vazirligi litsenziya berish talablarini qayta ko‘rib chiqyapti. Eng muhimi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tibbiyot muassasalariga tadbirkor sifatida emas, shifokorlar, ya’ni tibbiyot sohasi sifatida qarab, har qanday noxush holatlar bo‘lganda, SSV tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taklif kirityapmiz. Unday bo‘lmasa, xususiy klinikalardagi kamchiliklarning obektiv tahlilini qilish imkoniyati yo‘q”, – deydi Bositxonova.

U amaldagi tartibga ko‘ra xususiy klinikada tekshiruv o‘tkazish biznes ombudsman orqali bo‘lishini ta’kidlab, vazirlikning to‘liq o‘rganishlar o‘tkazish imkoniyati cheklanganini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil avgust oyi holatiga, O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9200 taga yetgan.

Mavzuga oid