O‘zbekiston | 16:13 / 29.04.2025
1126
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Gretsiya elchixonasi ochildi

Shuningdek, Gretsiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi.

Foto: TIV

Toshkent shahrida Gretsiya elchixonasi ochildi, bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov xabar berdi.

U Gretsiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Paraskevi Tsevelek xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.

«Toshkent shahrida Gretsiya elchixonasining ochilishini olqishlaymiz va bu qadam mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz. Uchrashuv davomida siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, madaniy va ta’lim sohalarida hamkorliklarni kengaytirishni muhokama qildik. Hurmatli elchi xonimga O‘zbekistonda samarali va muvaffaqiyatli faoliyat yuritishini tilaymiz», deb yozdi Saidov.

Paraskevi Tsevelek Gretsiyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lgan Yekaterina Nassika o‘rnini egalladi.

Gretsiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan. Biroq, O‘zbekistonda elchixonasi mavjud bo‘lmagani sababli elchilar Moskvadagi elchixonada faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid