Jamiyat | 09:36
965
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yubormoqchi bo‘lganlar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qator hududlarda fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda, Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi shaxs Navoiy shahrida yashovchi fuqaroni “Turkiya-Yevropa-Meksika” yo‘nalishi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 28 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 14 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xizmatning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida ham tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qo‘shma Shtatlarga yuborish va viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. 

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida kuzatilgan holatda esa, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi shaxs mahalliy fuqaroni Turkiya-Ispaniya-Meksika yo‘nalishi orqali Amerikaga ishlash maqsadida yuborish uchun mansabdor tanishlari orqali viza rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari va 26 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Xizmatning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi shaxs Shirin shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborish hamda viza va boshqa hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 52 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid