Jahon | 01:59
16596
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Pokiston hududiga raketa zarbalarini berdi - video

Hindiston tomoni «Sindur operatsiyasi»ni boshlab, Pokiston hududidagi obektlarga raketa zarbalarini yo‘lladi. Pokiston «javob choralari ko‘rilishi»ni ma’lum qildi.

7 mayga o‘tar kechasi Kashmirning Pokistonga qarashli qismida portlashlar yuz berdi. Guvohlarning aytishicha, yarim tundan keyin Muzaffarobod shahri atrofiga raketa zarbalari berilgan.

Portlashlardan keyin shaharda elektr energiyasi ta’minoti uzilgan.

Hindiston hukumati Pokistondagi «terrorchilik» infratuzilmalariga qarshi zarbalari berganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Hindiston «Sindur operatsiyasi» doirasida to‘qqizta obektga hujum qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hind tomoni «yer-yer» sinfidagi ballistik raketalardan foydalangan.

«Hindiston Qurolli kuchlari terrorchilar lagerlariga aniq zarbalarni amalga oshirdi. Pokiston harbiy obektlari hujumga uchramadi», — deyiladi Hindiston Mudofaa vazirligi xabarida.

Pokiston Mudofaa vazirligi Hindiston mamlakat hududiga raketa zarbalari yo‘llaganini tasdiqladi. O‘z navbatida Pokiston «javob choralari ko‘rilishini» ta’kidladi.

Pokiston o‘z havo makonini barcha reyslar uchun 48 soatga yopmoqda.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar urush yoqasiga kelib qolgan. 22 aprel kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatidagi sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Pahalgam shahrida qurollangan jangarilar 26 kishini o‘ldirdi. Ushbu terakt uchun Kashmirning Pokiston nazorati ostidagi hududida joylashgan jangarilar guruhi javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Hindiston hukumati hodisa yuzasidan qisman aybni Pokistonga yukladi. Shundan so‘ng Hindiston Pokiston bilan chegarani yopdi va Pokiston fuqarolaridan mamlakatni tark etishni talab qildi.

Mavzuga oid