Jahon | 17:14 / 14.05.2025
1907
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an KIP haqida: Terror va zo‘ravonlik davri nihoyasiga yetdi

Turkiya rahbari Kurdiston ishchilar partiyasining (KIP) tarqatib yuborilishini ijobiy baholadi.

Foto: Reuters

Turkiyada terror, qurol, zo‘ravonlik va jinoyat davri tugadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 14 may kuni Adolat va taraqqiyot partiyasi parlamentdagi fraksiyasi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarqatib yuborilganini e’lon qilib, qurolini tashlaganidan so‘ng, mamlakat terrorizmni yo‘q qilish va barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning yangi bosqichiga kirdi.

«Terrorchi tashkilotning Suriya va Yevropa yacheykalari bu haqiqatni tan olishi va tarqatib yuborish va qurollarini tashlash jarayoniga qo‘shilishi juda muhim», dedi Turkiya rahbari.

Turkiya prezidentining aytishicha, KIP tarqatib yuborish jarayonining kaliti berilgan va’dalarni bajarishdir. U Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) ularning bajarilishini diqqat bilan kuzatib borishini qayd etdi.

Maqsadlarini Turkiyadagi kurdlarning milliy huquqlari uchun kurash va kurd davlatini barpo etish deb e’lon qilgan Kurdiston ishchilar partiyasi 1974 yil noyabrda tashkil topgan. 1984 yildan beri Turkiya hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan edi. 40 yil ichidagi qurolli mojarolar davomida 40 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.

KIP shu yil may oyi boshida bo‘lib o‘tgan qurultoyida o‘zini o‘zi tarqatib yuborganini e’lon qildi.

KIP Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan.

Mavzuga oid