Sport | 09:37 / 16.05.2025
12330
7 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» - Ispaniya chempioni! Yamal «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogar

«Barselona» 28-bor Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi, holbuki jamoa qishda peshqadamdan sakkiz ochkoga qolib ketgan va Madrid klublarining chempionlik uchun imkoniyatlari yuqori baholanayotgandi. Oltin o‘yinda Yamalni urib yiqitishdi, u esa navbatdagi shedevr goli bilan chempionlik masalasini hal etdi. Flik ilk mavsumidayoq ispancha treblga erishdi.

Foto: Omar Arnau/Getty Images

«Espanyol» – «Barselona» 0:2
Gollar:
Yamal (53), Fermin Lopes (90+5)
«Espanyol»: Garsiya, Kumbulla, Kabrera, Romero, Al Hiloliy, Losano (Milya, 60), de Sarate, Eksposito, Puado (Kalero, 82), Roka (Karreras, 68), Fernandes (Cheddira, 82)
«Barselona»: Shchensni, Arauxo (Kubarsi, 51), Kristensen (Fort, 77), Martin (Balde, 46), Garsiya, Pedri, de Yong, Olmo (Gavi, 77). Rafinya, Yamal, Levandovski (Fermin Lopes, 65)
Ogohlantirishlar: Cheddira (84), Kumbulla (90) – Kristensen (42), Shchensni (90).

«Barselona» mavsum yakuniga ikki tur qolgania chempionlikni rasmiylashtirdi. «Espanyol» bu Kataloniya derbisida ro‘y bermasligi uchun imkon qadar harakat qildi, ammo uddalay olmadi.

Flik bu mavsum uchun noodatiy tarzda o‘yinni to‘rt himoyachi bilan boshladi. Arauxo, Erik Garsiya, Martin, jarohat tufayli deyarli butun mavsumni o‘tkazib yuborgan Kristensen – ulardan hech birini hozirda asosiy tarkib futbolchisi deb bo‘lmaydi. Shu kuni «Barselona» ofsayd tuzog‘i ko‘ngildagidek ishlamagani va mezbonlar vaqti-vaqti bilan xavfli vaziyatlar yaratganini ham shu bilan izohlash mumkin. Bir necha holatda «Espanyol» hujum chizig‘i vakillariga aniqlik yetishmadi, Xavi Puado yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan vaziyatda esa Shchensni qutqardi.

Birinchi bo‘lim davomida «Espanyol» uchta yaqqol golli vaziyatga ega bo‘ldi – kutilgan gollar ko‘rsatkichi 1,13 xG. Ko‘k-anorranglilar to‘pga egalik qilgan va ko‘proq zarba bergan bo‘lsa-da, hujumlarni golli vaziyatlargacha yetkaza olmadi – kutilgan gollar ko‘rsatkichi 0,39 xG. Mehmonlardagi eng xavfli epizod Pedri o‘z uslubidagi pas bilan Dani Olmoni jarima maydoniga yo‘naltirganida yuzaga keldi, ammo himoyachilar Olmoga xalaqit berishdi, hujum davomida to‘pga ega chiqqan Levandovskining zarbasi esa xato ketdi. Pedri va Yamalning uzoq masofadan yo‘llagan zarbalari ham darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi.

Bunday murakkab va raqib zich himoyalangan o‘yinda kim gol urishi mumkin? Bu xuddi Messi davridagi kabi ritorik savol. Faqat hozirda «Barsa»ning o‘ng qanotida boshqa dohiy futbolchi harakatlanmoqda, ushbu chapoyoqli futbolchi shunchaki to‘pni oladi, oddiy harakat bilan markazga yuradi va bir-biridan chiroyli gollarni uradi. Yamalning yo‘lidan qancha raqib chiqishining ahamiyati yo‘q. Payshanba kuni esa negadir uni faqat bir futbolchi qarshi oldi (yana ikki himoyachi jarima maydoni ichida qolgandi va paytni boy berdi) va to‘p olis «to‘qqizlik»ka mixlandi.

17 yoshli vunderkind, agar vaziyat imkon bersa, qarshisidagi ikki raqibni ham, hatto uch nafarini ham aldab o‘tib, o‘ziga fol ishlatilganda ham oyoqda tura oladi. Natijada Kabrera uni qorniga musht bilan tushirishdan o‘zini tiya olmadi. VAR esa vaziyatni bee’tibor qoldirmadi va bosh hakamni monitorga taklif etdi, arbitr vaziyat takrorini ko‘rgach, urugvaylik himoyachini kiyim almashtirish xonasiga jo‘natdi.

Son jihatdan ko‘p bo‘lib qolganidan keyin «Barsa» ortiqcha kuch sarflamay, g‘alabali hisobni ushlab qolishga o‘ynadi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda yana Yamal o‘zini ko‘rsatdi va Fermin Lopesni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi — 2:0.

Bu g‘alabadan keyin kataloniyaliklar hisobidagi ochkolari sonini 85 taga yetkazdi va muddatidan oldin o‘z tarixidagi 28-chempionlikni nishonlaydigan bo‘ldi.

Shiddatli poyga

2024/25 yillar mavsumi Ispaniyadagi eng qiziqarlilaridan biri bo‘ldi — peshqadamlar bir necha bor joylarini o‘zgartirishdi, chempionlikka uchala grand klub ham da’vogarlik qildi: «Real», «Barselona» va «Atletiko». Ammo aynan kataloniyaliklar poygada eng ko‘p vaqt davomida yetakchilik qilishdi — ular jami 26 turda birinchi o‘rinda bo‘lishdi.

Shu bilan birga, qishda Hansi Flik jamoasining chempionligi katta savol ostida qolgandi — o‘shanda bunga ishonish qiyin edi. Mini-krizis tufayli 18-tur arafasida «Barselona» birinchi o‘rindagi jamoadan sakkiz ochkoga ortda qolayotgandi — o‘shanda «Real» (birinchi o‘rin, 43 ochko) va «Atletiko» (ikkinchi o‘rin, 41 ochko) jamoalarining chempionlik uchun imkoniyatlari ancha yuqori baholanayotgandi.

Ammo Madrid klublari o‘z muxlislarini barqaror o‘yin bilan xushnud etolmadi. «Barselona» esa qish oxirlariga kelib birinchi  o‘ringa qaytib oldi va shundan keyin bu o‘rindan pastga tushmadi, «Real» va «Atletiko» esa navbati bilan chempionlik poygasini tark etdi. Qishda sakkiz ochkoga ortda qolgan kataloniyaliklar bahorda yetti ochkoga o‘zib ketib, la liga tarixidagi eng yorqin kambeklardan birini amalga oshirdi.

Klasikolar egasi

Chempionatdagi g‘alaba — yoqimli, ammo bu safargi kampaniya «Barselona» tarixiga «Real» ustidan to‘liq ustunlik qilingan mavsum sifatida kiradi. 2024/25 yillar mavsumida muxlislar to‘rt klasikoga (ligada ikkita, Kubok va Superkubokda bittadan o‘yin) guvoh bo‘lishdi va har safar kataloniyaliklarning qo‘li baland keldi.

2024/25 yillar mavsumidagi klasikolardagi natijalar:

2024 yil, 26 oktyabr. La liga. «Barselona»ning 4:0 hisobidagi g‘alabasi;
2025 yil, 12 yanvar. Ispaniya Superkubogi. «Barselona»ning 5:2 hisobidagi g‘alabasi;
2025 yil, 26 aprel. Ispaniya Kubogi finali. «Barselona»ning 3:2 hisobidagi g‘alabasi;
2025 yil, 11 may. La liga. «Barselona»ning 4:3 hisobidagi g‘alabasi;

Nafaqat chempionlik poygasidagi g‘alaba, balki azaliy raqib ustidan to‘liq ustunlik — «Barselona» fanatlarini ikki karra xursand qiladi.

«Barselona»ning bu mavsumdagi natijasi yanada yorqinroq bo‘lishi mumkin edi, ammo yosh jamoa Chempionlar ligasi yarimfinalida ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Inter» (3:3, 3:4) to‘sig‘idan o‘tolmadi. Ispaniyadagi ilk mavsumida ichki treblga erishgan Hansi Flik endi keyingi mavsumda haqiqiy treblga erishishni maqsad qiladi.

Mavzuga oid