Jahon | 18:59 / 25.05.2025
10728
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Kurskka borganida vertolyoti dronlar hujumi markazida bo‘lgan - OAV

Tashrif vaqtida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari 46 ta dronni yo‘q qilgan.

Foto: Aleksandr Kazakov / TASS

Vladimir Putinning Kursk oblastiga safari chog‘ida uning vertolyoti «Ukraina dronlarining keng ko‘lamli hujumi markazida bo‘ldi», deb xabar berdi harbiy xizmatchi Yuriy Dashkin «Rossiya» davlat telekanali efirida.

«Oliy bosh qo‘mondon bo‘lgan bortning Kursk oblasti osmonidagi parvozi chog‘ida hujum intensivligi sezilarli darajada oshdi. Shuning uchun biz bir vaqtning o‘zida havo hujumiga qarshi jang olib bordik va prezident vertolyotining havodagi xavfsizligini ta’minladik. Vazifa bajarildi: dushman dronlarining hujumi qaytarildi va barcha havo nishonlari yo‘q qilindi», – deydi Dashkin (iqtiboslar «Vesti» saytidagi videodan).

U prezident Kursk oblastida ishlayotgan vaqtda dushman dronlar bilan misli ko‘rilmagan hujum uyushtirgani, bu hududdagi havo hujumidan mudofaa guruhi samolyot tipidagi 46 ta dronni yo‘q qilgani haqida gapirgan.

«[Prezident vertolyoti] amalda dushman dronlarining ommaviy hujumini qaytarish markazida edi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Teleefirda Dashkin havo hujumidan mudofaa diviziyasi qo‘mondoni sifatida tanishtirilgan, boshqa tafsilotlar, shu jumladan unvoni keltirilmagan. Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Dashkin general-mayor unvonida uch karra sovet ittifoqi qahramoni, aviatsiya marshali A. I. Pokrishkin nomidagi 32-havo mudofaasi diviziyasining qo‘mondoni lavozimida xizmat qiladi.

Putin 20 may kuni Kursk oblastiga tashrif buyurgandi, biroq uning tashrifi haqida faqat keyingi kuni rasman e’lon qilindi. «Agenstvo»ning qayd etishicha, Rossiya prezidenti hudud bo‘ylab avtomobilda harakatlangani xabar qilingan. Xususan, «Kommersant» maxsus muxbiri Andrey Kolesnikov shunday deb yozgan edi: «Prezident korteji oblast bo‘ylab harakatlanayotganda osmonda Ukraina qurolli kuchlari dronlari bo‘lgan - men ko‘rgan videokadrlarda ularni payqamaslik mumkin emas». Putin korteji Kursk oblastida bo‘lgani haqidagi kadrlar Rossiya televideniyesining Birinchi kanalida ham ko‘rsatilgan.

Putin Ukraina bilan chegaradosh hududga qay maqsadda borganiga aniqlik kiritilmagan.

Aprel oyi oxirida Rossiya mudofaa vazirligi region Ukraina harbiylaridan to‘liq ozod etilganini e’lon qilgandi (aslida Ukraina qurolli kuchlarining kichik miqdordagi harbiylari guruhi Rossiya hududida qolishda davom etmoqda).

Putin Kursk oblastiga safari chog‘ida munitsipalitetlar rahbarlari bilan ham uchrashdi. Kursk oblastining Glushkovskiy rayoni rahbari Pavel Zolotarev ushbu yig‘ilishda Kursk oblastining chegara hududlari xavfsizligi uchun Ukrainaning Sumi shahrini Rossiyaga qo‘shib olish kerakligini aytdi. Putin bunga javoban shunday «hazil qilgan»: «Shuning uchun ham Aleksandr Yevseyevich [Xinshteyn] [Kursk oblasti rahbari] etib saylandi, u ham shuni xohlaydi – hammadan ko‘proq».

Rossiya mudofaa vazirligi ukrainlarning Kursk oblasti uzra urib tushirilgan dronlari haqida muntazam tarzda xabar berib keladi.

Mavzuga oid