O‘zbekiston | 11:15 / 27.05.2025
7219
2 daqiqa o‘qiladi

Pop tumaniga yangi hokim tayinlandi

Qariyb 8 yildan buyon Namangan viloyatining Pop tumaniga rahbarlik qilib kelgan A’zamjon Sultonov sog‘ligi tufayli o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini viloyat hokimi o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev egalladi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Pop tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashgan. Viloyat rahbari keyingi yillarda Pop tumanida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib, tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan A’zamjon Sultonov salomatligiga ko‘ra vazifasidan ozod etish haqida ariza yozganini bildirgan.

A’zamjon Sultonovga milliy urf-odatlarga ko‘ra hurmat-e’tibor ko‘rsatilgan.

Shuningdek, sessiyada Murodxo‘jayev G‘ulomjon Sobitxo‘jayevichni Pop tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror deputatlar tomonidan tasdiqlangan.

G‘ulomjon Murodxo‘jayev 1979 yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1999 yilda Namangan davlat universitetini, 2010 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

G‘ulomjon Murodxo‘jayev 2016-2020 yillarda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan. 2021 yilda Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

A’zamjon Sultonov 2017 yil noyabr oyidan buyon Pop tumaniga hokimlik qilib kelayotgandi.

Mavzuga oid