Sport | 12:31 / 20.06.2025
14446
12 daqiqa o‘qiladi

«Inter Mayami» Messining shedevri bilan kambek qildi, «PSJ»da sensatsion mag‘lubiyat

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 2-tur o‘yinlari boshlandi. O‘yinlardagi gollar va guruhlardagi vaziyat.

Foto: Reuters

A guruhi

«Inter Mayami» (AQSh) – «Portu» (Portugaliya) 2:1
Gollar:
Segoviya (47), Lionel Messi (54) – Samu (pen, 8)
«Inter Mayami»: Oskar Ustari, Maksimiliano Falkon, Noa Allen, Yyen Frey (Fafa, 79), Marselo (Tomas Aviles, 63), Tadeo Allende (Alba, 79), Serxio Buskets, Benjamin Kremashi, Telasko Segoviya (Redondo, 55), Lionel Messi, Luis Suares.
«Portu»: Ramush, Fernandesh (Borges, 70), Pedro, Markano (Deniz, 87), Mariu, Varela (Gomes, 7), Veyga (Stefan, 59), Moura (Otavio, 87), Viyeyra, Mora, Samu.

«Inter Mayami» yana muammoga duch keldi va ikkinchi o‘yinda ham darvozasiga penalti belgilandi. «Al-Ahli»ga qarshi o‘yinda qutqargan 38 yoshli Ustari yana qahramonlik ko‘rsatishga yaqin edi, ammo u Samu Agexovaning zarbasi yo‘nalishini topgan bo‘lsa-da, to‘p uning qo‘liga tegib o‘tib ketdi. Tezkor goldan keyin «Portu» raqib oldinga o‘tishidan foydalanib, xavfli qarshi hujumlar uyushtirishda davom etdi.

Ayniqsa portugaliyalik 18 yoshli Rodrigu Mora maydonda yaqqol ajralib turdi. U tovoni bilan paslar berdi, chiroyli driblinglar ishlatdi, Varelani qulay vaziyatga chiqardi (to‘p ustunga bordi), o‘zi ham xavfli zarba yo‘lladi (to‘pni darvoza chizig‘i ustida Falkon to‘xtatib qoldi). U o‘yinni personal benefisiga aylantirib, Messini soyada qoldira boshladi. Lekin Leo javob goli urilishi uchun qattiq ter to‘kdi: maydon markazida to‘pni egallab olib, jarima maydoni ichidagi Suaresga ajoyib uzatma berdi, ammo hujumchi «Portu» darvozaboni Klaudiu Ramush bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi.

Ikkinchi bo‘limni esa Xaviyer Maskerano jamoasi ideal boshladi. Hujum Busketsning maydon markazidan qanotga to‘p uzatishi bilan boshlandi, hujumga qo‘shilgan Veygandt qanotdan jarima maydoni markazidagi Segoviyani topdi, venesuelalik havbek to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘naltirdi. «Inter» o‘yinni kuchaytirishda davom etdi, raqib futbolchilari esa bu daqiqalarni juda ishonchsiz o‘tkazdi. Messini faqat qo‘pollik bilan to‘xtatishdi. Bu esa jarima zarbalariga olib keldi. Leoning avvaliga 30 metrdan yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi, jarima maydoni chizig‘i yaqinidagi fol esa uning yuqori burchakka yo‘llagan aniq zarbasi bilan yakunlandi. Argentinalik futbolchining Florida jamoasidagi 50-goli oddiy gol bo‘lmasligi ham kerak edi.

«Portu» nokdaundan o‘ziga kela olmadi, zarbalar bo‘yicha 14:6 hisobidagi ustunlik portugallarga bitta ham ochko keltira olmadi.

Shu bilan birga, okean orti vakillari hisobdagi ustunlikni saqlab qolish uchun so‘nggi daqiqalarda matonat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, jarohatdan endi qaytgan Jordi Albani maydonga tashlash orqali. Uning tajribasi va Messi bilan o‘zaro tushunishi — guruh bosqichi finishida jamoaga asqatishi tayin. Ikki o‘yinda to‘rt ochko jamg‘argan «Inter Mayami»ni endi 24 iyun kuni so‘nggi turda guruh peshqadami «Palmeyras»ga qarshi o‘yinda durang ham qoniqtiradi. Bu holda «Portu»ning «Al-Ahli» bilan o‘yini quruq rasmiyatchilikka aylanadi.

«Palmeyras» (Braziliya) – «Al Ahli» (Misr) 2:0
Gollar:
Ali (avtogol, 49), Lopes (59)
«Palmeyras»: Veverton, Jiay, Gomes, Murilo, Pikeres, Rios, Moreno (Martines, 67), Eshtevan (Vanderlan, 76), Rafa Veyga (Maurisio, 46), Torres (Paulinyu, 76), Roke (Lopes, 46).
«Al Ahli»: Al Shenaviy, Yaxyo (Husayn Shahat, 87), Ibrohim, Dari (Ahmad Ramazon, 62), Heni, Muhammad Ali, Attiya, Hamdi Faziy (Muhammad Magdi, 62), Trezege (Bencharki, 62), Abu Ali (Gradishar, 62), Zizo.
Ogohlantirishlar: Veyga (39), Faziy (42), Jiay (43), Yaxyo (45+3), Pikeres (73), Attiya (79), Rios (90+5)

O‘yinning 37-daqiqasidagi epizod barchasini o‘zgartirib yuborishi mumkin edi, brazillar jamoasi yarimhimoyachisi Veyga raqibga qarshi xavfli o‘ynadi va hakam unga qizil kartochka ko‘rsatdi. Ammo videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirib, kartochka rangini sariqqa o‘zgartirdi. «Palmeyras» bosh murabbiyi Abel Ferreyra ushbu futbolchisini tanaffusda zaxiraga oldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Moreno standart vaziyat ijro etdi, arablar jamoasi himoyachisi Abu Ali esa to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi. Biroz o‘tib tanaffusda Veyganing o‘rniga tushgan Maurisio murabbiy ishonchini oqladi va tanaffusda o‘yinga qo‘shilgan yana bir futbolchi Lopesni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi, hujumchi aniq zarba berdi va amalda o‘yin taqdirini hal qildi.

Keyin Ist-Ratefordda kuchli yomg‘ir boshlandi va o‘yin favqulodda holat tufayli 40 daqiqaga to‘xtab qoldi: tomoshabinlarga stadionni tark etish va boshpana topish tavsiya etildi. Bu klublar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanganidan buyon uchinchi bor tabiat hodisasi tufayli o‘yin to‘xtatilishi bo‘lmoqda. O‘yin davom ettirilganida futbolchilarda o‘ynash uchun xohish ham qolmagandi va tribunalarga qaytgan muxlislar boshqa gol ko‘rishmadi.

KChJ. B guruhi. 2-tur. 19 iyun
«PSJ» — «Botafogo» 0:1
Gol:
Igor Jyezus (36).
«PSJ» — Donnarumma, Hakimi, Pacho, Beraldo, Ernandes (Mendesh, 55), Mayulu (Ruis, 55), Vitinya, Zair-Emeri (Nevesh, 56), Due (Li Kan In, 79), Kvaratsxeliya, Ramush (Barkolya, 55).
«Botafago» — Viktor, Jair, Barboza, Telles (Kuyabano, 68), Gregore, Freytas, Artur (Montoro, 77), Savarino (Serxio, 68), Allan (Nyuton, 86), Igor Jyesus.
Ogohlantirishlar: Gregore (57), Kuyabano (89).

«PSJ» 2-turda «Botafogo» bilan uchrashdi. Chempionlar ligasi g‘olibi g‘alaba qozonganida 1/8 final yo‘llanmasini hal qilgan bo‘lardi. Ammo o‘yin kutilmagan ssenariyda o‘tdi.

Parijliklar ustozi Luis Enrike «Atletiko» bilan o‘yindagiga qaraganda to‘rt almashtirish amalga oshirdi. «Botafogo»ga qarshi o‘yinda Lukas Beraldo, Lukas Ernandes, Uorren Zair-Emeri va Senni Mayulu ilk daqiqalardan harakat qildi. Ammo jamoa o‘zagi o‘zgarmagandi. Va bu «PSJ» o‘yin uslubi saqlanib qolishini ta’minlardi. Ammo birinchi bo‘limda aql bovar qilmas voqealar sodir bo‘ldi. «PSJ» 2023/2024 yillar mavsumidagi o‘yinlarini yodga solib yubordi: jamoa to‘pga egalik qilish bo‘yicha ulkan ustunlikka erishdi (75 foizga 25 foiz), ammo hujumda keskinlik yuzaga keltirilmadi. O‘shanda jamoani bunday o‘yin uchun beayov tanqid qilishardi. Bu o‘yinning ilk 45 daqiqasi davomida fransuzlar atigi bir marta darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarba yo‘llashdi.

«PSJ» raqibni mensimay maydonga tushgani ayon bo‘ldi. Bu esa katta xato edi. Axir «Botafogo» – Braziliyaning amaldagi chempioni va Libertadores kubogi sohibi hisoblanadi. Jamoa tarkibidagi futbolchilar ham katta tajribaga ega: Allan («Napoli»ning sobiq futbolchisi), Aleks Telles («MYu»ning sobiq futbolchisi), Igor Jyezus («Nottinghem»ning bo‘lajak futbolchisi). «Atletiko»ni osonlik bilan tor-mor etgan «PSJ» futbolchilari «Botafogo»dan bunday qarshilik kutishmagandi.

Zerikarli kechayotgan birinchi bo‘limda «Botafogo»ning goli muxlislarni uyg‘otib yubordi. Vaziyat yo‘q joydan paydo bo‘ldi: 36-daqiqada Jyefferson Savarino jarima maydoni markazidagi Igor Jyezusni to‘p bilan ta’minladi, uning zarbasi ko‘ngildagidek chiqmagandi, ammo to‘p parijliklar himoyachisi Vilyam Pachoning oyog‘iga tegib, darvoza to‘riga yo‘l oldi. Braziliyalik muxlislar golni futbolchilar bilan birga nishonlashdi.

«PSJ» futbolchilarini tanaffusda kiyim almashtirish xonasida og‘ir suhbat kutayotgandi. Jamoa 2024/2025 yillar mavsumining o‘zida to‘rtta sovrin yutdi, o‘z tarixtida ilk bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. Ammo raqibga nisbatan bunday yengil qarashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Va parijliklar ikkinchi bo‘limga tetik holda chiqib kelishdi. Enrike kerakli so‘zlarni topa olgani ko‘rinib turardi. «PSJ» darhol oldinga tashlandi, ammo «Botafogo» bunga tayyor bo‘lib chiqdi: jamoa himoyada tartibli harakatlandi va qarshi hujumlarga tayandi.

Vaqt o‘tgan sari «PSJ» futbolchilariga bosim oshib bordi. 77-daqiqada futbolchilar suv ichib olishi uchun qisqa tanaffus berildi, bu vaqtda translatsiyada Luis Enrikeni ko‘rsatishdi. «PSJ» ustozi tashvishli ko‘rinishda har bir futbolchisining oldiga borar va kichik ko‘rsatmalar berardi.

Tanaffusdan keyin fransuzlar yana katta kuch bilan oldinga tashlandi va darvozani ishg‘ol etdi ham. Ammo gol muallifi Bredli Barkolya ofsaydda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi. «Botafogo» futbolchilari qolgan daqiqalarda himoyada matonat bilan turishdi va g‘alabali hisobni saqlab qolishdi.

«Sietl Saunders» — «Atletiko» 1:3
Gollar:
Rusnak (50) — Barrios (11, 55), Vitsel (47).
«Sietl» — Fray, Kalani (Minongu, 79), Bell, Ragen, Baker-Vayting, Roldan, Vargas, de la Vega (Kent, 60), Rusnak (Paulo, 79), Rotrok (A.Roldan, 66), Musovski (Ferreyra, 60).
«Atletiko» — Oblak, Lorente, Ximenes (Vitsel, 65), Le Norman, Galan, Simeone, Barrios, Koke (Korrea, 70), de Paul (Gallaher, 65), Syorlot (Grizmann, 65), Alvares (Molina, 82).
Ogohlantirishlar: de Paul (42), Rotrok (63), Gallaher (77).

«Atletiko» esa birinchi turdagi yirik mag‘lubiyatdan keyin tezda o‘ziga keldi va Barrios hamda Vitselning gollari evaziga mezbonlar vakilini mag‘lub etdi. Shu bilan birga, MLS vakili ochiq va hujumkor o‘yini bilan hayron qoldirib, o‘yin davomida madridliklarga qaraganda ko‘proq zarba berdi (15 ga qarshi 16).

So‘nggi tur arafasida «Botafogo» – «PSJ» va «Atletiko» bilan bir guruhda yaqqol yetakchi. Brazillar turnirdagi ilk sensatsiya muallifiga aylanishdi. 1/8 finalga chiqish uchun Rio-de-Janeyro jamoasiga endi 3-turda madridliklarga yutqazmaslik yetarli bo‘ladi, jamoani mag‘lubiyat ham keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Agar so‘nggi turda «Botafogo» «Atletiko»ga yutqazsa, «PSJ» esa «Sietl»dan ustun kelsa, uchala jamoada ham 6 tadan ochko bo‘ladi. Reglamentga ko‘ra, birinchi mezon o‘zaro o‘yinlardagi ochkolar soni bo‘ladi, keyin to‘plar nisbatiga qaraladi.

Mavzuga oid