Jahon | 00:40
5697
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Iordaniyaga F-22 qiruvchi samolyotlarini yubordi

Isroil-Eron mojarosining keskinlashuvi ortidan AQSh Yaqin Sharqdagi harbiylari sonini oshirmoqda. 

Foto: Getty Images

AQSh harbiy-havo kuchlari Buyuk Britaniyaga avvalroq yetib kelgan beshinchi avlod F-22 Raptor qiruvchi samolyotlari eskadronini Iordaniyadagi Mavaffika Salti aviabazasiga ko‘chirishni boshladi. Bu haqda Itamilradar nashriga tayanib «Interfaks» xabar berdi.

Avvalroq, AQSh 12 ta F-22 Raptor qiruvchi samolyotini Angliyadagi Leykenxit aviabazasiga jo‘natgan edi. Ulardan 8 tasi 20 iyun kuni Iordaniyaga yuborildi.

Samolyotlarning Iordaniyaga yetib borishini ta’minlash uchun Amerikaning KS-135 va KS-46 tanker-samolyotlaridan foydalanildi. 

AQSh ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar allaqachon Yaqin Sharqqa bir necha qiruvchi samolyotlar eskadrilyasini, jumladan beshinchi avlod F-35 qiruvchilarining katta guruhini joylashtirgan.

Samolyotlar Saudiya Arabistoni va Iordaniyadagi bazalarga joylashtirilmoqda. Ayni paytda Saudiya Arabistonining Arab News gazetasi Amerika harbiy-havo kuchlarining barcha samolyotlari Qatardagi Al-Udeyd havo bazasini tark etgani haqida xabar berdi. Eron janubidagi Fors ko‘rfazida joylashgan Qatardagi Al-Udeyd havo bazasi Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi eng yirik aviabazasi hisoblanadi.

U yerda kamida 30 ta harbiy samolyot, jumladan qiruvchi samolyotlar, razvedka samolyotlari va dronlar, shuningdek, transport va tanker samolyotlari joylashtirilgan.

Mavzuga oid