Jahon | 10:00
1022
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Oq uy Kongressga kamroq maxfiy ma’lumotni taqdim etmoqchi

Tramp ma’muriyati OAVda AQShning Eronga bergan zarbalari muvaffaqiyatini baholash haqidagi maqolalardan so‘ng ko‘proq maxfiylikni istayapti, deb yozadi Axios portali.

Foto: ANDREW CABALLERO-REYNOLDS/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati AQSh razvedkasining Erondagi yadroviy obektlarga zarbalari oqibatlari haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalariga sizib chiqqanidan keyin Kongress bilan maxfiy ma’lumotlar almashinuvini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 25 iyun, chorshanba kuni Amerikaning Axios nashri Oq uydagi ismi oshkor etilmagan to‘rt nafar suhbatdoshiga tayanib xabar berdi.

Axios'ga ko‘ra, bu Tramp ma’muriyati an’anaviy tarzda AQSh Kongressi bilan maxfiy ma’lumotlarni almashish uchun foydalanadigan yopiq CAPNET tizimida ma’lumotlarni joylashtirishga tegishli. Oq uy rasmiylarining ta’kidlashicha, ertasi kuni ertalab AQSh razvedkasi Eronga qilingan havo hujumlarining muvaffaqiyati haqidagi ma’lumot CAPNET'ga yuklanganidan so‘ng, ushbu hujjatdan parchalar CNN va The New York Times kabi ommaviy axborot vositalari tomonidan nashr etilgan.

«Tasavvur qiling: biz CAPNET'ga ma’lumot joylashtirganimizdan so‘ng, u [ommaviy axborot vositalariga] sizib chiqadi», — deb iqtibos keltiradi Axios Oq uyning nomi oshkor etilmagan rasmiysidan. «Buni yana qilish uchun hech qanday sabab yo‘q».

Portalga boshqa manbaning aytishicha, sizib chiqqandan keyin Vashington «ma’lumotlarni oshkor qilganlarga urush e’lon qilishga» qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Federal tergov byurosi (FTB) allaqachon voqea holatlarini tekshirishga kirishgan, Pentagon razvedka hamjamiyati esa maxfiy ma’lumotlarning tarqalishi ustidan nazoratni kuchaytirish yo‘llarini izlamoqda.

Oq uy 22 iyunga o‘tar kechasi AQShning Eron yadroviy dasturi obektlariga havo hujumlari natijasida yetkazilgan zararni baholash haqidagi OAV nashrlarini tanqid qildi. CNN va The New York Times AQSh razvedkasidagi manbalariga tayangan holda Fordo, Natanz va Isfahondagi obektlardagi zarar asosan yerdagi tuzilmalarga yetkazilganini, uranni boyitish uchun zarur bo‘lgan reaktorlar esa zarar ko‘rmaganini yozgan.

Donald Tramp va uning matbuot kotibi Kerolayn Livitt operatsiya muvaffaqiyatini shubha ostiga olgan ommaviy axborot vositalarini tanqid va haqorat qildi. Ular bunday nashrlarni AQSh prezidenti va Eronda jangovar missiyalarni bajargan uchuvchilarni obro‘sizlantirishga urinish deb atadi. Livitt OAV razvedka hisobotini to‘g‘ridan to‘g‘ri Amerika razvedka hamjamiyatining a’zosidan olganini tan oldi, lekin uni «past darajadagi anonim omadsiz shaxs» deb atadi.

Axios manbalari, o‘z navbatida, e’lon qilingan hisobot sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga asoslanganini va AQShning 18 razvedka idorasidan faqat birining dastlabki ma’lumotlarini taqdim etganini ta’kidladi.

25 iyun kuni NATOning Haagadagi sammitida so‘zga chiqqan Donald Tramp yana bir bor Amerika havo hujumlari Eron yadro salohiyatining «butunlay yo‘q qilinishiga» olib kelganini ta’kidladi. «Ular uzoq vaqt davomida bomba yasay olmaydi», deb ishontirdi AQSh prezidenti. Shu bilan birga, siyosatchi Tehron yadroviy dasturini qayta tiklasa, yangi zarbalar berish bilan tahdid qilgan.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi avvalroq Yaqin Sharq davlati tegishli bilim va resurslarga ega ekanini ta’kidlagan edi. Biroq, u AQSh zarbalari Eronni yadro qurolini yaratish imkonidan qanchalik orqaga qaytarishi mumkinligini baholashdan bosh tortdi.

Mavzuga oid