Jahon | 08:50
1282
2 daqiqa o‘qiladi

AEXA rahbari: Eronning agentlik bilan hamkorligi - yuridik majburiyat

«Eronning biz bilan hamkorligi xayrixohlik emas. Eron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning a’zosi bo‘lib qolar ekan, bu uning qonuniy majburiyatidir» - Rafael Mariano Grossi.

Foto: REUTERS

Eronning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan hamkorligi qonuniy majburiyatdir. Bu haqda AEXA bosh direktori Rafael Mariano Grossi Fransiyaning France 2 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Grossi diplomatik kelishuvga ishonishini ta’kidladi va yadroviy inshootlarga hujumlar xalqaro huquq tomonidan taqiqlanganini eslatdi.

«Eronning biz bilan hamkorligi xayrixohlik emas. Eron Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning a’zosi bo‘lib qolar ekan, bu uning uchun qonuniy majburiyatdir», — dedi AEXA rahbari.

Uning qayd etishicha, Isroil hujumi bilan boshlangan eskalatsiya jiddiy zarar keltirgan.

«(Yadroviy) faoliyatni qayta boshlash Eron nima qilmoqchi ekanligiga bog‘liq. Ular to‘xtagan joyidan davom etadimi yoki uni qisqartiradimi?» — dedi Grossi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rafael Grossini Yelisey saroyida qabul qildi. U AEXA faoliyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, agentlikning yadro xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyati muhimligini ta’kidladi.

«Agentlik imkon qadar tezroq Erondagi missiyasini davom ettira olishi kerak», deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ayni paytda, Grossi uchrashuvni samarali deb baholadi va qiyin vaziyatga qaramay, barcha tomonlar diplomatik yechim jarayoniga konstruktiv va qat’iy tarzda kirishishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u Makronga AEXAning butun dunyo bo‘ylab yadro quroli tarqalishining oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid