O‘zbekiston | 18:33 / 03.07.2025
5763
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xonkandi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni barqaror ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Amaliy aloqalar faollashdi. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Iyun oyida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

O‘zbekiston yetakchisi chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallari tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

Strategik muhim mintaqaviy loyiha – Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid