O‘zbekiston | 09:00
12976
2 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jaobodda profilaktika inspektorini pichoqlab o‘ldirgan shaxs ushlandi

U “So‘qoloq“ qabristonidagi makkapoya ichida yashirinib yotganligi aniqlangan. Gumonlanuvchi qo‘lga olish jarayonida o‘zining qorin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan.

Xo‘jaobod tumanidagi profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyevni pichoqlab o‘ldirgan 65 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi Yu.Xolbozorov joriy yilning 4 iyul kuni soat taxminan 6:30 larda Xo‘jaobod tumanining Yuksalish mahallasi So‘qoloq qabristonidagi makkapoya ichida yashirinib yotganligi aniqlangan. U qo‘lga olish jarayonida o‘zining qorin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyul kuni Xo‘jaobod tumanida oila a’zolariga pichoq bilan tahdid qilayotgan 65 yoshli erkak, chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyevni pichoq bilan jarohatlagandi. IIB xodimi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan. Qotil esa voqea joyidan yashiringandi.

Qotillik qurboni bo‘lgan profilaktika inspektori so‘nggi manzilga davlat madhiyasi sadolari ostida kuzatildi. Janozada IIB xodimlari saf tortdi hamda osmonga qarata o‘q ham uzildi.  

Mavzuga oid