Fan-texnika | 20:08 / 05.07.2025
3535
2 daqiqa o‘qiladi

Qidiruv-qutqaruv operatsiyalari uchun kiborg-qo‘ng‘iz yaratildi

U oddiy robotlar tez-tez tiqilib qoladigan murakkab, tor va notekis yuzalar bo‘ylab osongina harakatlanadi.

Foto: Kvinslend universiteti

Avstraliyaning Kvinslend universiteti olimlari halokatlardan keyin vayronalar ostidan odamlarni qidirishda qutqaruvchilarga yordam beradigan g‘ayritabiiy qurilma — «kiborg-qo‘ng‘iz»ni yaratdi.

Tadqiqotchilar oddiy qo‘ng‘izni chip va elektrodli mikro-ryukzak bilan jihozladi. Ular o‘yin kontrolleridan foydalanib, hasharotlarning harakatini masofadan turib boshqardi va kerakli joyga yo‘naltirdi. Elektr signallari qo‘ng‘izning antennalari yoki qanotlarini rag‘batlantirib, burilish va hatto devorlarga chiqishga majbur qiladi.

Loyiha mualliflari doktor Tang Vo-Doan va uning yordamchisi Laklan Fitsjyerald tushuntirganidek, qo‘ng‘izlar oddiy robotlar tez-tez tiqilib qoladigan murakkab, tor va notekis yuzalar bo‘ylab osongina harakatlanadi. Bu qo‘ng‘izlarni qidiruv-qutqaruv ishlarida, ayniqsa zilzilalar yoki portlashlardan keyin borish qiyin bo‘lgan joylarda ajoyib yordamchiga aylantiradi.

Hozir jamoa ryukzakka mini-kamera va batareya qo‘shish ustida ishlamoqda. Kelajakda bunday qo‘ng‘izlar nafaqat qurbonlarni topishda yordam beradi, balki jarohatlar va atrofdagi vaziyat haqida ham ma’lumot uzata oladi.

Olimlar texnologiyani besh yil ichida real sharoitda sinab ko‘rishga umid qilmoqda.

Mavzuga oid