Jahon | 09:25
3042
2 daqiqa o‘qiladi

Zaporijjya AESda Rossiya zarbasi tufayli blekaut yuz berdi

Rossiya armiyasi Zaporijjya atom elektr stansiyasini Ukrainaning yagona energetika tizimi bilan bog‘lovchi elektr uzatish liniyasiga zarba berdi, deb xabar qildi Ukraina Energetika vazirligi rahbari.

Foto: Dmytro Smolenko/Ukrinform/picture alliance

Ukraina energetika vaziri German Galushchenko 4 iyul, juma kuni Rossiyaning o‘qqa tutishi natijasida Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) to‘liq quvvatsizlangani haqida xabar berdi. «Dushman vaqtincha ishg‘ol qilingan ZAESni Ukrainaning yagona energetika tizimi bilan bog‘laydigan elektr tarmog‘iga zarba berdi. Bu liniya radiatsiya xavfsizligi darajasini ta’minlashga imkon bergan», deb yozdi u Facebookʼda.

Galushchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri Zaporijjya AES sakkiz marta blekautga uchragan va bir necha bor blekaut xavfi yoqasida qolgan. «Bu rossiyaliklarning navbatdagi yadroviy terror akti!» - deb ta’kidladi vazir.

Ukraina atom elektr stansiyalari operatori "Energoatom" Rossiyaning Ukraina hududiga zarbasi tufayli bosib olingan Zaporijjya AESni Ukraina elektr tarmog‘idan ta’minlovchi oxirgi elektr uzatish liniyasi shikastlanganini ma’lum qildi. To‘liq blekaut sababli Zaporijjya AES o‘zining dizel generatorlaridan quvvat manbaiga o‘tdi.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ma’lumotlariga ko‘ra, reaktorlardagi yonilg‘ini sovitish uchun Zaporijjya atom elektr stansiyasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi barcha tashqi liniyalar uzilgan. «Zaporijjya AES hozirda favqulodda dizel generatorlarida ishlamoqda, bu esa yadro xavfsizligining o‘ta beqaror ahvolini ko‘rsatmoqda», — dedi AEXA bosh direktori Rafael Grossi ijtimoiy tarmoqda.

Mavzuga oid