Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Nasaf» klubi matbuot xizmati xodimi raqiblarni haqoratladi. U ishdan bo‘shatilgan
«Dinamo» va «Nasaf» o‘rtasidagi o‘yindan keyin Qarshi klubi rasmiysi Sarvar Bobonazarov ijtimoiy tarmoqda o‘yin natijasi va penalti haqqoniy bo‘lmagani haqida ehtirosli va haqoratli postlar yozib qoldirdi. U shu asnoda «Andijon» muxlislarini ham yomon so‘z bilan eslagan. Samarqand va Andijon klublari «Nasaf»dan tushuntirish so‘radi.

Foto: FC Nasaf
6 iyul kuni Superliga 15-turi doirasida Samarqandda mezbon «Dinamo» va Qarshining «Nasaf» klubi o‘rtasidagi o‘yindan (2:2) keyin mojaroli holat yuzaga keldi. Qashqadaryo klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov X ijtimoiy tarmog‘ida samarqandlik va andijonlik muxlislarni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qildi.
O‘yinning 1-bo‘limiga qo‘shib berilgan daqiqalarida «Dinamo» penaltidan gol urib, 2:1 hisobida oldinga chiqib olgandi. Ikkinchi bo‘lim oxirida «Nasaf» ham gol urib, hisobni tenglashtirdi.
O‘yindan keyin Sarvar Bobonazarov (O‘ktamzoda) X ijtimoiy tarmog‘ida o‘yin natijasi va penalti haqqoniy bo‘lmagani haqida ehtirosli va haqoratli postlarni yozdi.
U o‘yinda VAR texnologiyasidan foydalanilmaganida mezbonlar klubini ayblagan.
Shuningdek, oldinroq «Dinamo»ga qarshi o‘yindan keyin hakamlikdan norozi bo‘lgan «Andijon» klubi muxlislarini yomon so‘z bilan eslagan.
7 iyul kuni «Dinamo» PFK Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqlar orqali raqib jamoa va butun viloyat sha’niga bildirgan haqoratli fikrlari bo‘yicha «Nasaf» PFKdan rasmiy tushuntirish so‘radi.
«Superliga 15-turi doirasidagi «Dinamo» va «Nasaf» (2:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin Qarshi klubi matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) «X» (tvitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida (3672 obunachiga ega) Samarqanddagi o‘yinda VAR texnikasi Jizzaxdan yetib kelmagani sababli mezbon klub sifatida Samarqand jamoasini haqoratlagan. Ayniqsa, uning samarqandliklarni tahqirlovchi haqorati turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlarda keskin muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
«Nasaf» PFK matbuot xizmati vakili, Qarshidagi «Markaziy» stadioni suxandoni sanalmish Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) tomonidan muxlislar o‘rtasida adovatni qo‘zg‘ovchi, keskinlikka sabab bo‘layotgan bildirilgan fikrlar bo‘yicha «Dinamo» PFK «Nasaf» klubidan rasmiy tushuntirish so‘raydi. Klub bu borada qat’iy chora ko‘rishni talab qiladi.
Shuningdek, «Nasaf» matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qiladi. Bunday hatti-harakatlar klublar o‘rtasidagi munosabat sovuqlashishi, muxlislar o‘rtasidagi yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini unutmaslik shart», — deb yozadi samarqandliklar matbuot xizmati.
Ko‘p o‘tmay «Andijon» futbol klubi ham «Nasaf» PFK matbuot xizmati vakilining haqoratomuz so‘zlari yuzasidan bayonot berdi.
«Nasaf» futbol klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali «Andijon» klubi muxlislariga nisbatan asossiz ravishda bildirgan haqoratomuz so‘zlari sababli voqelikni keskinlantiruvchi holatning vujudga kelishiga olib kelmoqda.
Darhol «Andijon» klubi matbuot xizmati bu borada «Nasaf» klubi rasmiylari – Botir Qorayev hamda klub matbuot kotibi Sardor Nurov bilan bog‘landi hamda yuz bergan vaziyat yuzasidan izoh so‘radi.
O‘z navbatida «Nasaf» futbol klubi rasmiylari har doim «Andijon» klubi va uning muxlislariga hurmati cheksizligini, Sarvar Bobonazarov yozgan haqoratomuz so‘zlar yuzasidan klubda ichki yig‘ilish o‘tkazilishini va tegishli jazo qo‘llanilishini ma’lum qilishdi.
Afsuski, Sarvar Bobonazarovning «Andijon» muxlislari nomiga bu birinchi haqoratomuz so‘zlari emas. Klubning rasmiy vakili bo‘la turib bu kabi nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilishi o‘z kasbi va professionallikka mutlaqo zid.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib O‘zPFLdan mazkur vaziyat yuzasidan tegishli chora ko‘rishini so‘raymiz!» — deb yozadi «Andijon» matbuot xizmati.
«Nasaf» rasmiysi bo‘layotgan ishlardan so‘ng avvaliga X ijtimoiy tarmog‘idagi postlarini o‘chirib tashladi. Keyin esa akkauntini ham o‘chirdi.
«Nasaf» esa raqib jamoa va muxlislarini ijtimoiy tarmoqda haqorat qilgan matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarovni ishdan bo‘shatganini ma’lum qildi.
Klubi bergan bayonotga ko‘ra, Sarvar Bobonazarov o‘yinda ishtirok etmagan va mehnat ta’tilida bo‘lgan.
«Ayni vaqtda mehnat ta’tilida bo‘lgan matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov mazkur uchrashuvda na bevosita, na bilvosita ishtirok etgan va xizmat vazifasini bajarmagan. Biroq u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida kechagi uchrashuv yuzasidan «Andijon» hamda «Dinamo» jamoalari muxlislari sha’niga nisbatan nomaqbul ifodalarni ishlatgan», – deyiladi bayonotda.
Bu shaxsiy fikrlar «Nasaf» futbol klubi pozitsiyasini aks ettirmasligi va klub har qanday ko‘rinishdagi haqorat va kamsitishlarni qoralashi qayd etilgan. Klub «odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani sababli» Sarvar Bobonazarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilgan.
Mavzuga oid

12:03 / 21.07.2025
Anora Sodiqovani haqorat qilgan bloger Mirsaid Haydarov ma’naviy zarar to‘laydigan bo‘ldi

23:49 / 16.07.2025
«Barselona» dunyoning eng qashshoq davlatidan 44 million yevro oladi

22:44 / 16.07.2025
Germaniyani jahon chempioni qilgan murabbiy O‘zbekiston bilan ishlashi mumkin

22:15 / 12.07.2025