Jahon | 14:35
2791
2 daqiqa o‘qiladi

Axios: Isroil Eronga ehtimoliy yangi hujumga tayyorlanmoqda

Isroil Eron yadroviy dasturini qayta tiklashga urinsa, unga qarshi yangi zarbalar berishga tayyorlanmoqda. Netanyahuning atrofidagilar Tramp bunday hujumni «ma’lum shartlar ostida» qo‘llab-quvvatlashi mumkinligiga ishonmoqda, deb yozadi Axios.

Foto: Maxar Technologies/Handout/REUTERS

Isroil yadroviy dasturini tiklashga urinsa, Eronga qarshi ehtimoliy jangovar harakatlarni qayta boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda 7 iyul, dushanba kuni Amerikaning Axios nashri manbalarga tayanib xabar berdi.

Ushbu xabarlarga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning maslahatchisi Ron Dermer Vashingtonga yaqinda tashrif buyurganidan so‘ng, yuqori martabali Isroil rasmiylariga AQSh prezidenti Donald Tramp «ma’lum shartlar ostida» Eronga yangi zarbalar berishni ma’qullashi mumkinligi haqida fikrga ega bo‘lganini aytgan.

Ssenariylardan biri Eron hukumatining Isroil va Amerika bombardimonlari natijasida zarar ko‘rgan Fordo, Natanz va Isfaxondagi Eron yadro inshootlaridan yuqori darajada boyitilgan uranni olib chiqishga urinishi bo‘lishi mumkin. TSAHAL Tehron rejimining shikastlangan uran boyitish zavodlarini tiklashga urinishi tufayli ham jangovar harakatlarni qayta boshlashi mumkin, deb yozadi Axios.

Eron yadro dasturi masalasi Trampning Netanyahu bilan Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvida markaziy o‘rinni egallashi kutilgandi.

13 iyundan boshlab Isroil Eronga zarba berib, yadroviy inshootlarga, yuqori martabali harbiy xizmatchilarga va yadroviy sohadagi olimlarga hujum qildi. Eron bunga javoban Isroilga raketa va uchuvchisiz uchoqlar uchirdi. AQSh 22 iyunga o‘tar kechasi mojaroga qo‘shilib, Fordo, Natanz va Isfaxondagi yadroviy inshootlarga raketalar va bunkerga qarshi bombalar bilan zarba berdi. Ikki kundan keyin Eron oldindan ogohlantirib, Qatardagi AQSh harbiy bazasiga hujum qildi. 24 iyun kuni Isroil va Eron AQSh bosimi ostida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi – garchi birmuncha vaqt o‘zaro otishmalar davom etdi.

Mavzuga oid