Jahon | 22:15 / 10.07.2025
11870
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Shinjon-Uyg‘ur avtonomiyasi amaldori o‘limga hukm qilindi

U 19 yil davomida korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelgan. Sudlanuvchi bu vaqt davomida 32 mln dollar noqonuniy daromad ko‘rgan.

Foto: Shanghai Daily

Lyuchjou shahri xalq sudi 9 iyul kuni Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq siyosiy maslahat kengashi raisining sobiq o‘rinbosari Dou Vanguyni poraxo‘rlik ishida aybdor deb topdi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar berdi.

Sobiq amaldor jazoni ijro etishni ikki yilga kechiktirish imkoniyati bilan o‘lim jazosiga hukm qilindi, butun umrga siyosiy huquqlardan mahrum etildi, uning shaxsiy boyligi esa musorada qilinadi.

Qayd etilishicha, Dou Vanguy 2024 yilning may oyida tergovga tortilgan, oktyabr oyida esa u hibsga olingan. Sudning aniqlashicha, sudlanuvchi 19 yil davomida (2003-2022 yillar) korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelgan.

Shinjonda turli rahbarlik lavozimlarini egallagan Vanguy konchilik, korporativ biznes faoliyati va mansab lavozimlarida ko‘tarilish bilan bog‘liq ishlarda o‘z vakolatini suiiste’mol qilgan. Uning noqonuniy daromadi 229 million yuandan (qariyb 32 million dollar) oshadi.

Sud qaroriga ko‘ra, amaldor o‘z aybiga iqrorlik bildirgani, qilgan ishlaridan pushaymonligi, shuningdek, noqonuniy qo‘lga kiritgan mablag‘larni qaytargani jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisobga olingan.

Mavzuga oid