Jahon | 07:52 / 11.07.2025
1571
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Ukraina tinch aholisini qiynoqqa solganlarni jazolashga chaqirdi

Yevroparlament Rossiya tomonidan noqonuniy hibsga olingan Ukraina fuqarolarining ahvoli bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. Ular qiynoqlarga aloqador rossiyalik amaldorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni so‘ramoqda.

Foto: Philippe Stirnweiss/EP/European Union 2024

 

Yevroparlament Yevropa Ittifoqini ukrainalik mahbuslar va qo‘lga olinganlarga nisbatan zo‘ravonlik va qiynoqlar uchun javobgar bo‘lgan rossiyalik amaldorlarga qarshi shaxsiy sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi. Bu haqda Strasburgda Yevroparlament tomonidan qabul qilingan «Noqonuniy hibsga olingan tinch aholi va harbiy asirlarning ahvoli, shuningdek, davom etayotgan bombardimonlar to‘g‘risida»gi rezolyutsiyada aytiladi. Yevroparlament deputatlarining 507 nafari buni yoqlab, 77 nafari qarshi ovoz berdi, 45 nafari betaraf qoldi.

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va uning davlatlaridan Rossiya asirligida bo‘lganlarga insonparvarlik va reabilitatsiya yordamini, jumladan, tibbiy va psixologik yordam, reintegratsiya xizmatlari va huquqiy yordam olish imkoniyatini oshirishni so‘radi. Shu bilan birga, Yevropa parlamenti o‘g‘irlangan ukrainalik bolalar, harbiy asirlar va noqonuniy hibsga olingan fuqarolarning oilalarini qo‘llab-quvvatlagani uchun Ukraina va xalqaro fuqarolik jamiyati tashkilotlariga minnatdorchilik bildirdi.

Parlament a’zolari Rossiyaning «son-sanoqsiz ukrainalik tinch aholiga nisbatan» majburan deportatsiyasi, noqonuniy hibsga olishlari va g‘ayriinsoniy munosabatini qoraladi. Rossiya tomoni noqonuniy hibsga olingan ukrainaliklarning oilalarini zudlik bilan ularning qayerdaligi va sog‘lig‘i holati to‘g‘risida aniq ma’lumot bilan ta’minlashi, shuningdek, Rossiya hukumati tomonidan asirda bo‘lgan barcha ukrainalik fuqarolarni ozod qilishi talab etiladi.

«Ukraina fuqarolarining majburan ko‘chirilishi, noqonuniy hibsga olinishi va ularga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish Rossiya rejimining ichki shafqatsizligi va inson hayotini ochiqdan ochiq mensimasligining namunasidir», deyiladi rezolyutsiyada. Yevroparlament Ukrainaning bosib olingan hududlarida terrorning keng tarqalgan va tizimli qo‘llanishi tinch aholini qo‘rqitish, qarshilik, norozilik va fuqarolik faolligini bostirish, ukrain tili va milliy o‘ziga xosligini yo‘q qilishga qaratilganini ta’kidlaydi.

Mavzuga oid