O‘zbekiston | 19:47 / 22.07.2025
4461
6 daqiqa o‘qiladi

Chorvoqda shahar qurish: shoshmashosharlik emas, ilmiy xulosalar zarur

Tog‘lar orasida, suv ombori atrofida butun boshli kurort-shahar qurish uchun ekologik risklardan tashqari, sel-suv toshqinlari va ko‘chki xavfiga ham baho berish, kelajakda suv sathi hozirgi darajada saqlanib qoladimi degan savolga javob topish kerak bo‘ladi, deydi iqlimshunos Erkin Abdulahatov. Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevga ko‘ra, investor loyihaviy hujjatlarni hali taqdim etmagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Chorvoq suv ombori bo‘yida ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarovning “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi asosida kurort shaharcha qurilishi kutilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda loyihaga juda ko‘p e’tirozlar yangramoqda. Shunga qaramay, hukumat va investor o‘rtasida shartnoma imzolab bo‘lingan, Toshkentda bu qurilish loyihasining sotuv ofisi tashkil etilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Kun.uz bu boradagi savollar bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov va ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev bilan suhbat tashkil etdi. Bu suhbatga taklif etilgan Qurilish vazirligi va “O‘zsuvta’minot” vakillari unda ishtirok etishmadi.

Tog‘ bag‘rida va suv bo‘yida kurort-shahar qurilishi nimasi bilan xavfli?

Loyiha tashabbuskorlari faol qurilish ishlarini tez orada boshlashga tayyorligini aytmoqda. Vaholanki, iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, qurilishni boshlashdan oldin hududning va’da qilinayotgan master-rejasini sifatli ishlab chiqishning o‘ziga kamida 6 oy vaqt kerak.

Sel-suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi baholanishi kerak. Yashil maydonni quruq taqir hududga aylantirib, yer o‘zlashtirganingizdan keyin, ko‘chki xavfi kuchayadi, chunki u joyni ildiz qoplamalari ushlab turibdi. Chorvoq – O‘zbekistondagi eng ko‘p yomg‘ir yog‘adigan hudud hisoblanadi. Yil davomida bunchalik ko‘p yomg‘ir yog‘adigan joy O‘zbekiston hududida yo‘q.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, agar bu biznes olimlarning uzoq muddatli xulosalari, texnik shartlari, muhandislik xulosalari asosida barpo etilmasa, afsuski, bu loyiha uzoq yil davom etmaydi”, – deydi iqlimshunos.

Abdulahatov, shuningdek, uzoq muddatli prognozlar bilan hisoblashishga chaqirdi: masalan, muzliklar erib borishi bilan suv ombori sathini hozirgidek darajada saqlab turish kelgusida qiyin bo‘lib qolishi mumkin.

Olimning qo‘shimcha qilishicha, “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi bo‘yicha jamoatchilik bilan bamaslahat ish qilish – oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish asnosida olayotgan majburiyatlariga, xususan, Orxus konvensiyasiga mos keladi. Agar bemaslahat yo‘l tutilsa, bu konvensiyaga asosan, o‘zbekistonliklarda petitsiya tashkil etish huquqi mavjud.

Tartibsiz qurilishlar avjida

Rasul Kusherbayev hududdagi hozirgi muammolar va investor nimani va’da qilayotgani haqida to‘xtaldi.

Chorvoqdagi hozirgi muammolar – tartibsiz qurilgan, ekologik standartlarni inobatga olmagan holda aholining o‘zi qurgan dachalar bilan bog‘liq. Afsuski, u yerni haqiqatan nazorat qilishning imkoni yo‘q. Istagancha suvni qayerdan bo‘lsa tortib olyapti, basseynlarni to‘ldirib, ularning kanalizatsiya suvlarini tartibsiz qayerga bo‘lsa chiqarib yuborishyapti. Bu fakt.

Ya’ni asosiysi ko‘rinayotgan muammo shu. Endi bularning taklif qilayotgan varianti: “Biz unday qilmaymiz, biz tartibli qilamiz, hamma narsa nazorat ostida bo‘ladi va suvni ham tashlab yubormaymiz, tozalab, qayta ishlovga kiritamiz” degan masalani aytyapti. Odatda katta obektlar bo‘lganda, nazoratni tashkil qilish mumkin. Lekin aholi tomonidan, kichkina-kichkina alohida qurilishlar bo‘lganda, nazorat qilish juda qiyin bo‘ladi”, – deydi u.

Kusherbayevning aytishicha, investor hozircha Ekologiya vazirligiga ekologik ekspertiza uchun birorta ham hujjatni taqdim etmagan. U agar loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa, vazirlikning ekologik nazoratiga hech qanday to‘sqinliklar bo‘lmasligidan umidvor.

Ochig‘i, shaxsan men o‘zim ham bu loyiha haqida yaqinda eshitdim. Faqat ommaviy axborot vositalarida chiqqandan keyingina eshitdik. Sababi, vazirlikka bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha xulosa berish uchun hujjatlar berilmagan. Tartibga ko‘ra, har qanday obekt qurilishidan oldin loyiha hujjatlari ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun beriladi.

Vazirlik huzuridagi Ekologik ekspertiza markazi bor, o‘sha markaz o‘tkazib berishi kerak. Buni qanchalik ekologik talablarga mos yoki mos emasligini ko‘rib chiqadi va undan keyin talablar qo‘yib beradi, “mana shu talabdan chetga chiqmagan holda qilasan” deb. Ertaga obekt ekspluatatsiyaga topshirilayotgan vaqtda yana kelib ko‘rishadi, shu talablarni bajardimi, yo‘qmi. “Bajaribdi, mayli, rozimiz” degandan keyingina boshqa idoralar qatori hammasi to‘g‘ri kelsa, bu ekspluatatsiyaga qabul qilinadi. Tartibi shunday”, – dedi suhbatdosh.

Ekologiya vazirining maslahatchisiga ko‘ra, hozirda xalqaro va mahalliy ekolog-ekspertlardan iborat kengash tuzish bo‘yicha ishlar ketyapti. Loyiha ayni shu kengash xulosasini olishi ham talab etiladi.

Suhbat davomida Chorvoq atroflaridagi 500 gektardan ortiq hududning investorga ajratilishi bo‘yicha hujjatlar ochiqlanmayotgani, o‘sha yerda yashovchi mahalliy aholini tashvishlantirayotgan masalalar, qurilish jarayonlari qanday nazorat qilinishi, Ekologiya vazirligining bu boradagi kuchi haqida ham gaplashildi. To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid