Jahon | 20:02 / 26.07.2025
6577
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy vakillari BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina bo‘yicha janjallashdi

Amerika vakili Xitoyni Ukrainadagi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi. Xitoy buni keskin rad qildi.

Gen Shuan Foto: Wang Fan/China News Service/VCG via Getty Images

BMT Xavfsizlik Kengashining so‘nggi yig‘ilishida AQSh va Xitoy delegatsiyalari o‘rtasida bahs-munozara bo‘lib o‘tdi. Muhokamaning asosiy mavzusi Ukrainadagi vaziyat bo‘ldi, deb xabar berdi Reuters.

Amerika vakili Xitoy tomonini keskin tanqid qildi va Ukraina hududida «Rossiya tajovuzini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni» talab qildi. AQShning BMTdagi muvaqqat ishlar vakili Doroti Shi Xitoy Rossiyaga harbiy-sanoat majmuasini rivojlantirishga yordam beradigan uskunalar yetkazib berishni to‘xtatishi shartligini aytdi.

Xitoy vakili Gen Shuan barcha ayblovlarni rad etdi va Xitoy mojaroning boshidanoq neytral pozitsiyani egallaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Pekin hech qachon tomonlarga qurol yetkazib bermagan va Rossiya-Ukraina mojarosida ishtirok etmayapti».

Shuningdek, Gen Shuan Vashingtonni Ukrainadagi vaziyat uchun javobgarlikni boshqalarga yuklashga urinishni to‘xtatishga va qarama-qarshilikni yanada kuchaytirmaslikka chaqirdi. Xitoy vakili AQShga o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlashga ko‘maklashish masalalarida yanada konstruktiv pozitsiyani egallashni tavsiya qildi.

«Agar Xitoy chin dildan tinchlikka chaqirayotgan bo‘lsa, Rossiya agressiyasini qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerak», dedi Shi.

Avvalroq, Reuters agentligi Rossiya Xitoydan kamikadze dronlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan dvigatellarni olishda davom etayotgani haqida yozgan edi.

Mavzuga oid