O‘zbekiston | 21:13 / 05.08.2025
2754
2 daqiqa o‘qiladi

Avto Climate Control kompaniyasi 230 mlrd so‘mga xususiylashtirildi

Avto Climate Control AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi. Bitim qiymati – 230 mlrd so‘m. Xaridor Best Pipe and Pars AJ bo‘lib, unga aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlab qolish majburiyati yuklandi.

Foto: Avto Climate Control

“Avto Climate Control” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtirildi, deya xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

Davaktivga ko‘ra, Avto Climate Control'dagi davlat ulushini sotib olishga 4 ta kompaniya qiziqish bildirgan, ulardan 3 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida Portfolio Investmens jalb etilgan.

Yakunda 230 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Best Pipe and Pars” AJ savdo g‘olibi deb topilgan.

Xaridor sotib olish to‘lovining dastlabki 35 foizini 1 oy davomida amalga oshiradi. Shu bilan birga, aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning lisenziati bo‘lgan General Motors kompaniyasi (AQSh) bilan litsenziya kelishuvlariga qat’iy rioya qilish shartlarini ham qabul qilgan.

Best Pipe and Pars” AJ haqida

Xaridor – “Best Pipe and Pars” AJ 1996 yilning iyul oyida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – avtotransport vositalari uchun boshqa butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqarish. Ustav fondi – 297 mln so‘m.

Kompaniyaning aksiyadorlari quyidagilar:

  • UzAuto Korea – 42,3 foiz;
  • UzAutoComponens – 24,44 foiz;
  • Dongwon Metal – 24 foiz;
  • Salima Toshqo‘ziyeva – 9,26 foiz.

Best Pipe and Pars 2025 yil fevral oyida “Avtokomponent” MChJning 98,8 foiz ulushini 105 mlrd so‘mga sotib olgandi.

Mavzuga oid