O‘zbekiston | 14:00 / 24.05.2018
99915
8 daqiqa o‘qiladi

G‘isht ishlab chiqaruvchi tadbirkor xonavayron bo‘lish arafasida: muammoning yechimi bormi?

Yangiyo‘l shahri chekkasida joylashgan “Turon G’isht Kapital” MChJ 2013 yil noyabr oyida tashkil etilgan. Shundan buyon u respublika iqtisodiyoti rivojiga imkon qadar hissa qo‘shib, qurilish obektlariga shartnoma asosida pishiq g‘isht yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelar edi. Biroq Yangiyo‘l shahri tashkil etilishi munosabati bilan shahar hududidan pishiq g‘isht zavodlarini ko‘chirish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini ta'minlashdagi amaliyotlar hokimlik va tadbirkor o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘lmoqda.

Biz masalaning mohiyatini anglash maqsadida Yangiyo‘l shahriga borib, dastavval MChJ rahbariyati bilan uchrashdik.

“Bugungi kunda ish faoliyatimiz aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga pishiq g‘isht yetkazib berishdan iborat. Biz “Qishloqqurilishinvest”, “Shaharinvest”lar bilan uzluksiz muloqotda bo‘lib, shartnomalar tuzib, 4-5 yildan buyon hamkorlikda faoliyat ko‘rsatib kelamiz. Ushbu tashkilotlarning qurilish obektlariga imtiyozli narxlarda pishiq g‘isht yetkazib berayotgandik”, - deydi MChJ rahbari Dilshod Ashrapov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil yanvar oyidagi Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yangiyo‘l shahrida joylashgan jami 5 ta g‘isht zavodi shahar hududidan chiqarilishi ta'kidlangan. Shahar hokimligi va boshqa vakolatli tashkilotlar yuqoridagi sababni vaj qilib, biror bir rasmiy hujjatsiz joriy yilning fevral oyidan g‘isht zavodini gaz tarmog‘idan uzib qo‘yishgan. 

“Shu munosabat bilan biz tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yildik. Aslida, kuz-qish mavsumida ham tabiiy gazdan foydalanish va pishiq g‘isht ishlab chiqarish uchun ruxsat olgan edik. 2017 yil noyabr-2018 yil yanvar oylarida ishladik. Biz kam ta'minlangan oilalarga ko‘p qavatli arzon uylar, harbiylar uchun uylar, maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish uchun g‘isht yetkazib berayotgan edik. Gaz tarmog‘idan uzilganidan so‘ng, ish faoliyatimiz to‘xtab, 100ga yaqin ishchi-xodimlarni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lyapmiz”, - deya vujudga kelgan vaziyatga oydinlik kiritdi MChJ rahbari. 

Qolaversa, MChJ turli tashkilotlar bilan 10ga yaqin shartnoma va bitimlar imzolagan. Ularga bir necha milliard so‘mlik pishiq g‘isht yetkazib berish kerak. Kredit bo‘yicha to‘lovlarning ham vaqti-soati yaqinlashmoqda. 

Biz mazkur firma bilan shartnoma imzolagan tashkilotlardan biri “MDF Formation” MChJ direktori o‘rinbosari Asatulla Zoirov bilan uchrashib, “Turon G’isht Kapital” MChJ bilan yuzaga kelgan muammolar xususida suhbatlashdik.

Intervyu

“Biz Sergelida kam ta'minlangan oilalar uchun 20 ta ko‘p qavatli uy barpo etayotgan edik. Buning uchun bizga 6 mln donadan ortiq g‘isht kerak bo‘ladi, “Turon G’isht Kapital” esa, shuning yarmidan ortig‘ini, 3 mln 300 ming donasini yetkazib berishi lozim edi. Ushbu firma bilan shartnoma imzolashimizning sababi, uning bizga qarashli qurilish obektiga yaqin manzilda joylashgani, shuningdek o‘tgan yili yetkazib bergan mahsulotining sifati juda yaxshi bo‘lgani edi. Shu sababdan oldindan pulni ham o‘tkazib bergandik. 

Endi na g‘isht bor, na pul. Qurilish ishlarimiz esa muddatidan kechikmoqda. Bizga pulni qaytarganidan ko‘ra, mahsulotni bersa yaxshi va maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, - dedi Asatulla Zoirov biz bilan suhbatda. 

Dilshod Ashrapovning ma'lum qilishicha, shahar va viloyat hokimliklari mazkur g‘isht zavodi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi 662-bayonnomasi 31-bandiga muvofiq ko‘chirilishi kerakligini aytib kelmoqda. Biroq, yuqorida qayd etilgan bayonnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha viloyat yoki shahar hokimining tegishli qarori qabul qilinmasdan turib, zavodning gaz tarmog‘idan uzilib, faoliyatining to‘xtatilishi korxonaning misli ko‘rilmagan miqdordagi zarar ko‘rishiga olib kelmoqda. 

Xulosa qilish mumkinki, majlis bayoni asosida hokimlikning tegishli qaror qabul qilinishi, bunda mulk egasiga tovon puli, shuningdek korxonani ko‘chirish bilan bog‘liq masalalar belgilab berilishi lozim edi.

Afsuski, tuman va viloyat hokimliklari ham masalaning bu jihatiga e'tibor bermayotgan ko‘rinadi. Axir, qancha-qancha sarmoyasini tikkan tadbirkor og‘zaki topshiriq bilan qayerga ko‘chishini, kelajagi nima bo‘lishini bilmasdan, havas qilsa arzigulik zavodni hech bir asossiz buzib, boshqa noma'lum joyga shunchaki ko‘chirib ketaversa, O‘zbekistonda tadbirkorlik qachon rivojlanadi? Ishlab chiqarish to‘xtashidan ko‘rilgan zarar, ko‘chish va yangi zavod qurilishi bo‘yicha xarajatlarni kim qoplaydi?

Bayonnoma va hokimliklar javobining suratlari

Yangiyo‘l shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Fazliddin Kamoliddinov bilan o‘tkazgan muloqotimiz ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi. Uning aytishicha, protokolda qayd etilgan har qanday topshiriq bajarilishi kerak va shart. Shu bois, davlat rahbari topshirig‘ining bajarilishini hech kim muhokama qilmoqchi emas. Ammo butun boshli g‘isht zavodini ko‘chirish uchun huquqiy asoslar bo‘lishi kerak emasmi? Ushbu ko‘chishning iqtisodiy tomonlari, ishlab turgan zavodning shartnomalari nima bo‘ladi? Bu yerda ishlayotgan 100ga yaqin ishchilar taqdirichi?!

“Turon G’isht Kapital” MChJ direktori D.Ashrapovning aytishicha, MChJ ma'muriyati zavodni ko‘chirmaslik fikridan yiroq, chunki davlat rahbarining topshirig‘i bajarilishi kerak. Qolaversa bu Yangiyo‘l shahrining kelajak istiqboli uchun ham zarur. Ammo bu talabni bajarishlari uchun ularga ishlab chiqarishni to‘xtatmagan holda imkon berilsa, degan ilinjda.

Bizningcha ham ushbu ishlab chiqarish korxonasiga biroz muddat taqdim etilsa, yangi zavodni qurish uchun kerak bo‘ladigan pishiq g‘isht va avval imzolab qo‘yilgan shartnomalarni bekor qilmasdan, ular bo‘yicha buyurtmalarni yetkazib berish bilan bir vaqtda ko‘chish ishlari olib borilsa, tomonlarning hech biriga zarar yetmagan, ish o‘rinlari yo‘qotilmagan, aksincha, eski zavod o‘rnida ham yangi loyihalar asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lar edi. KUN.UZ sayti voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Mavzuga oid