Sport | 12:42 / 10.12.2021
17799
12 daqiqa o‘qiladi

«Neftchi» va «Nurafshon»da eng katta budjet, «Dinamo»da eng kam. Superligada qolish va elitaga chiqish uchun kim qancha sarfladi?

Foto: PFL

O‘zbekistonda futbol mavsumi rasman yakuniga yetib, Pro ligadan Superligaga «Neftchi», «Dinamo», «Olimpik», elitadan esa «Turon», «Andijon» va «Mash'al» quyi ligaga ravona bo‘ldi. Odatda, O‘zbekiston chempionatida moliyaviy jihatdan eng kam budjetli klub oxir-oqibat eng kuchsiz sifatida omadsiz chipta sohibiga aylanar, quyi ligadan esa eng puldor jamoa oliy tabaqaga yo‘l olardi. 2021 yilgi mavsumda bu an'ana qisman buzildi, deyishga asoslar yetarli.

Moliyaviy barqarorlik – ligada qolish garovi emas

Ha, xuddi shunday. O‘zbek futbolining so‘nggi dekadasi yoki 20 yillik tarixini titkilang, puli bor klub Oliy ligadan tushib qolgan emas – kamida «premiya»dan voz kechish evaziga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor «okalar» chempionatimizda bo‘lgan. Endi esa puldor jamoa boray desa na «choyxona» bor, na o‘sha «ma'danchilar» yo «traktorchi» yordamga kela olmaydi.

Superliga yakunlariga ko‘ra, «Turon», «Andijon» va «Mash'al» turnir bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Afsuslanarli yagona jihat – Superligada xususiy maqomga ega ikki klub - «Turon» va «Andijon» hamda o‘zbek futbolida iqtidorlar fabrikasiga aylangan «Mash'al» ligada qololmadi.

Foto: Turon

Yaypan klubi qisqa tarixida Superligada ilk marta ishtirok etganiga qaramay, professionallik sari dadil qadam tashlayotgandi. Ammo Pro ligadan Superligaga chiqqach, elitada katta mablag‘ evaziga chaqirilgan nomdor o‘yinchilar o‘ynatilgani, mavsum davomida jamoa 5 nafar murabbiy qo‘lidan o‘tgani, oxir-oqibat yaypanliklarning ligani tark etishi bilan tugadi. «Turon» turnir jadvalida yaqqol autsayder bo‘lsa-da, moliyaviy jihat va hisob-kitoblarni o‘z vaqtida bajarishda namuna bo‘la oldi. Biroq pul jamoani ligada olib qola olmasligi ko‘rindi. Taqqoslash uchun, uzoqqa bormaymiz – Yaypan klubining qo‘shnisi «Qo‘qon-1912» «Turon»dan kamroq mablag‘ sarflagan holda 8-o‘rinni egallay oldi.

Foto: Andijon

Ligani tark etgan vodiyning yana bir jamoasi «Andijon» 2020 yilgi mavsum yakunida xususiy klubga aylanib, o‘tish o‘yinida «Neftchi»dan ustun kelgan holda elitadagi «propiska»sini saqlay olgandi. Bu yil esa jamoa deyarli yangilangan tarkibda to‘p surmasin, Otabek G‘ulomxo‘jayevdan keyin qutqaruvchi rolida Yorqin Nazarov, Viktor Kumikov singari tajribali murabbiylarni chaqirmasin, hech kim jamoani quyi ligaga tushib ketishdan qutqara olmadi. Shunga qaramay, xususiy klubning egalari professionallikka intilayotgani, autsayderga aylangan jamoani moliyalashtirishda davom etib, bir yildayoq elitaga qaytishga va'da berayotgani quvonarli. Har holda xususiy sektorning futboldan ko‘ngli soviganda jamoani tashlab qo‘yish holatini uzoq emas, shu yilning o‘zida «Istiqlol» va «Oqtepa» misolida ko‘rdik.

Foto: Tribuna.uz

Pro ligaga ravona bo‘lgan jamoalar orasida faqatgina «Mash'al»ning muammolari ko‘proq moliyaviy holat bilan bog‘liq edi. «O‘zbekneftgaz» qaramog‘idagi Muborak klubining yillik budjeti boshqa klublardan ko‘ra kamtarroq ekani yakunda ta'sir qildi. «Gazchilar» mavsum o‘rtasida ikki yetakchilari – Humoyun Murtazoyev va Sardor Abduraimovni asosiy raqobatchisi «Turon»ga 1 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ga transfer qilgan bo‘lsa-da, bu o‘tish na ularga va na raqibga yordam berdi. O‘tgan mavsum «Buxoro» bilan quyi ligaga tushgan Aleksandr Xomyakov, bu safar murabbiy sifatida «Mash'al»ni Pro ligadan qutqara olmadi.

Pro ligadan kim qancha bilan chiqdi?

Superligani tark etgan jamoalar o‘rniga Pro ligadan «Neftchi», «Dinamo» hamda «Olimpik» kuchlilar safiga qo‘shiladigan bo‘ldi. Quvonarlisi, Superligada bo‘lgani kabi Pro ligada ham pulning cho‘g‘i yo‘llanmalar masalasini uzil-kesil hal qilgani yo‘q.

«Neftchi» - Pro ligadagi eng katta budjetli klub

2020 yil yakunida «Neftchi» «Turon»ga qarshi mojaroli o‘yindan keyin Superligaga yo‘llanma ololmagach, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov taklifiga ko‘ra, Ilhom Mo‘minjonov «Neftchi» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Xayrullo Hayitboyevich Namanganda bo‘lgani kabi, Farg‘onada ham Ilhom Mo‘minjonovga Superliga darajasidagi jamoa yig‘ish va klubni 1-o‘rin bilan elitaga qaytarish vazifasini qo‘ydi.

Foto: Neftchi

Maqsadga yarasha «Neftchi» Pro liga klublari orasida eng katta yillik budjet – 23 milliard so‘m smetaga ega bo‘ldi. Natijada Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashib yurgan Akmal Shorahmedov, Shavkat Mullajonov, Saydullo Rahmatov, shuningdek A'zamjon Aliyev, Sherzod Karimov, Abdulloh Olimov, Oybek Qilichev hamda Darko Stanoyevich va Marko Obradovich kabi legionerlar Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi homiyligidagi klubga o‘tishdi. Pro liga darajasidan baland o‘yinchilar esa Mo‘minjonovga Superligaga 1-o‘rin bilan chiqish maqsadini muddatdan avval bajarib berishdi. Futbol ixlosmandi sanalmish viloyat hokimi «Neftchi»ni Superligaga chiqqani bilan tabriklaganida Farg‘ona jamoasi 2022 yilda OChL yo‘llanmasi uchun kurash olib borishni maqsad qilish haqida ma'lum qilgandi.

Bu esa keyingi yil 60 yillik yubileyini nishonlaydigan shonli tarixga ega klubning budjeti yana oshishini anglatadi.  

«Dinamo» eng kam budjet bilan Superligaga chiqdi

Pro ligada ham hamma narsani pul hal qilmasligini «Dinamo» misolida ko‘rish mumkin. Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov viloyat budjetidan futbol uchun «bir tiyin ham ishlatilmasligi, bu mumkin emasligi» haqida aytgach, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi minimum xarajat va maksimum natija evaziga Superligaga yo‘llanma olishga erishdi.

Foto: Tribuna.uz

Samarqandliklar Pro liga joriy mavsumida raqobatchilari orasida eng kam budjetga ega klub sanalsa-da, 2-o‘rin bilan Superligaga yo‘llanma olishga erishdi. Yil boshida jamoa murabbiysiz qolgach, klub rahbariyati Hakim Fuzaylovni Samarqandga taklif etdi. Bungacha so‘nggi mavsumda murabbiyga yolchimagan jamoa uchun tojikistonlik tajribali mutaxassisning taklif etilishi eng to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi. Fevralda ish boshlagan Fuzaylov 40 kun ichida deyarli yangi tarkib yig‘ishiga to‘g‘ri keldi. Hakim Qayumovich «Neftchi» yoki «Buxoro» murabbiylaridek Superligada muntazam to‘p surgan o‘yinchilarni taklif etish imkoniga ega emasdi. Shunga qaramay, o‘yin uslubiga mos, ammo uncha nomdor bo‘lmagan tarkib bilan yaxshi natijalar qayd etib, yakunda 2-o‘rin bilan Superliga vazifasini bajardi.

Ammo klubning Superligadagi maqsadi qanday bo‘ladi, hozircha noma'lum. Har holda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov yozda «Dinamo»ning bosh homiysi «Agromir» kompaniyasi ekani va yillik budjeti 6-7 milliard so‘mni tashkil etishi haqida aytib, Superliga kattaroq xarajat talab qilishi haqida gapirgan edi. O‘zbekiston kubogi finali Samarqandda ajoyib darajada o‘tganini inobatga olsak, ko‘hna shahar kuchli klubga munosibligi yana bir marta ko‘rindi. 

«Olimpik» - bir yilda hammasiga ulgurgan klub

Yillik budjeti bo‘yicha «Nurafshon» klubi oldiga yaqinlasha olmaydigan «Olimpik» maydonda Buxoro jamoasidan o‘zib ketib, Superligaga chiqishni uddaladi. Temur Kapadze bir yil ichida yoshlardan iborat tarkib bilan Pro ligadan Superligaga yo‘llanma olgani tahsinga sazovor. Klub mavsum oralig‘ida Belarus poytaxti Minskda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazgani ham jamoa natijalariga ijobiy ta'sir qildi.

Foto: Tribuna.uz

Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy Olimpiya qo‘mitasi homiyligidagi «Olimpik» jamoasining yillik budjeti 8 milliard so‘mni tashkil etgan. Superligada talablar va xarajatlar oshishi, tabiiyki bu jamoaning ham keyingi mavsumdagi smetasi oshirilishiga sabab bo‘ladi.

Katta budjet – Superligaga yo‘llanma bermasligini isbotlagan «Nurafshon»

Inqirozli davrni boshdan kechirayotgan Buxoro jamoasi ketma-ket ikkinchi yilni ham quyi ligada o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Yillik smetasi va tarkib nomdorligi jihatdan «Neftchi»dan keyingi jamoa sifatida gavdalangan klubning Pro ligada qolib ketishi achinarli holat. Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, «Buxoro» 2020 yil yakunida Pro ligaga tushib ketgach, klubning yillik smetasi pasaytirilmagan. Buxoro viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Zaripov tashabbusi bilan klubning yillik budjeti 21 milliard so‘m qilib belgilanib, mablag‘ning 11 milliardi bosh homiy – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi gardanida bo‘lgan.

Foto: Buxoro

Jamoani bir yildayoq Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa-da, rahbariyatning murabbiylarni qo‘lqopdek almashtirgani jamoaga salbiy ta'sir qildi. Klub «Nurafshon» deya nomini yangilagan bo‘lsa-da, avvalgi yillardan qolgan moliyaviy muammolari eskiligicha qolaverdi. Mablag‘ jihatdan «Dinamo» va «Olimpik»dan qariyb uch baravar katta budjetga ega bo‘lgan «Nurafshon» oxir-oqibat murabbiylar qo‘nimsizligi sabab alamli tarzda quyi ligada qolib ketdi. Katta mablag‘ bo‘lgani bilan, boshqaruvi tizimli bo‘lmasa, sarson-sargardonlikda klub qay holga tushishini ushbu jamoa misolida ko‘rish mumkin. Stadion, maydon, jamoa va qator muammolarga navbati bilan yechim topa oladigan jonkuyar rahbar shart bu klubga. Aks holda 2022 yilda ham «Andijon», «Turon», «Mash'al» bilan yo‘llanma uchun kurashish oson kechmasligi aniq. Ungacha esa jonajon jamoasi o‘yinlarini 2 yildan buyon Buxoroda tomosha qila olmayotgan buxorolik minglab jonkuyar muxlislarga sabr tilashdan o‘zga chora yo‘q.

Said Usmon

Mavzuga oid