Jahon | 11:27 / 09.08.2023
11453
4 daqiqa o‘qiladi

186 qadam mashaqqati – konslagerda mahbuslar o‘lim topgan zinapoya

Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar tuzatib bo‘lmas, yot fikrli deb hisoblagan mahbuslar saqlangan Mauthauzen konslageri dahshatli “O‘liklar zinapoyasi” bilan mashhur. Bu zinapoyada har kuni tosh ko‘tarib yuqoriga ko‘tarilishi shart bo‘lgan, biroq kuchi yetmay qolgan qanchadan qancha mahbus otib tashlangan.

Foto: bigpicture

Ikkinchi jahon urushida natsistlar o‘z dushmanlari ustidan dahshatli razilliklarni amalga oshiradi. Buning uchun ular mahbuslarni maxsus konslagerlarda saqlagan.

Shunday konslagerlardan biri Mauthauzen Yuqori Avstriyaning markazi Lins shahridan 20 km sharqda joylashgan edi.

Mauthauzen Yevropadagi eng yirik lagerlar kompleksining markazi bo‘lgan. Garchi sharqiy Germaniya va Avstriyada yuzga yaqin konslagerlar bo‘lsa-da, Mauthauzen sharoit jihatdan eng yomon lagerlardan biri bo‘lgan.

Lagerning birinchi mahbuslari 1938 yil 8 avgustda olib kelinadi. Ularning barchasi muxolif bo‘lgan nemis va avstraliyaliklardan iborat edi.

Natsistlarning o‘zi ham lagerni "go‘sht qiymalagich" deb atagan va unga eng og‘ir darajadagi "tuzatib bo‘lmas" mahbuslarni olib kelishgan. Odatda, mahbuslar kuchli mehnat sabab vafot etardi.

Mauthauzen lageri. Oldin va hozir

Mahbuslar lagerda granit qazib olish korxonasida ishlashgan. Aynan shu hududning tanlanishiga uning Lins shahriga yaqinligi sabab bo‘lgan. Gitler mahbuslar mehnatidan foydalanib Lins shahrini to‘la qayta qurishni reja qilgandi.

Mauthauzen konslagerida 186 talik zina bo‘lib, mahbuslar har kuni bir necha marta og‘irligi 50 kilogrammgacha bo‘lgan toshlarni tepaga olib chiqishlari kerak edi. Qancha mahbus toshlarni ko‘tara olmay zinada tushirib yuborar, pastga qulagan toshlar esa dahshatli effekt yaratardi: pastga qulayotib yuqoriga ko‘tarilayotgan mahbuslarning tanasi, qo‘li yo oyog‘iga tushib ketardi. Shu asnoda zinapoyada har kuni o‘limlar sodir bo‘lgan.

Natsistlar ezilgan odamlarni tosh ko‘tarib, zinapoya tepasigacha ko‘tarilishga majburlar va omon qolganlar tepaga chiqishgach, "Desantchilar devori" deb ataluvchi jarlik chetida saf torttirishardi. So‘ng mahbuslarga 2 ta tanlov berishgan: yo otib tashlashlari yo o‘zlarini jarlikka otishlari kerak bo‘lgan. Ko‘pchilik jarlikka o‘zini otib o‘lim topishni ma’qul ko‘rgan.

Hozir konslagerdagi o‘sha zinapoya Mauthauzen yodgorligi sifatida sayyohlar tashrif buyuradigan manzilga aylangan. Zinalar odamlar osongina ko‘tarilib-tushishi uchun qulay qilib qayta ishlangan. Bir paytlar lager vaqtida bu zinalar sirpanchiq va qiyshiq bo‘lgan.

Mauthauzen konslageri haqida "186 qadam" asarini yozgan muallif, fransuz harbiyi Kristian Bernadekning hikoya qilishicha, zinapoya yuqoriga ko‘tarilish, ayniqsa, yuk olib chiqish uchun deyarli yaroqsiz bo‘lgan. Biroq uning ustida mahbuslar juda tez harakatlanishga va yuk bilan tepaga ko‘tarilishga majbur bo‘lishgan. Agar mahbusning yuki nazoratchiga kamday ko‘rinsa, uni otib tashlashi mumkin bo‘lgan. Bu ssenariy kuniga 8-10 martagacha takrorlangan.

Mauthauzen konslageri
Konslager, 1941/1942 yillar.

Urush oxiriga kelib Mauthauzen konslageri front chizig‘i yaqinidagi boshqa lagerlardan mahbuslarni evakuatsiya qiladigan manzilga aylanadi. O‘n minglab mahbuslar konslagerga olib kelinadi va odam sonining oshib ketishi, oziq-ovqat yetishmovchiligi va kasallik tarqalishi sabab urush so‘ngida lagerda ommaviy o‘lim sodir bo‘ladi.

Ozod qilingan mahbuslar ham shunchalik kuchsizlanib qolgan ediki, 1945 yil mayida to‘la ozod qilingach ba’zilar bir necha kun yoki haftadan keyin vafot etganlar ham bo‘lgan. 7 yil ishlab turgan konslagerga 190 ming atrofida mahbus tashlangan bo‘lsa, shuning kamida 90 mingi vafot etgan.

Ozod bo‘lgan mahbuslar konslagerni tark etyapti. 1945 yil may. 

Mavzuga oid