Jahon | 10:50 / 10.10.2024
3928
4 daqiqa o‘qiladi

RFning Odessaga zarbasida kamida olti kishi halok bo‘ldi

Odessa va oblast port infratuzilmasiga hujum qilib, Rossiya Ukraina don yo‘lagi ishini buzishga intilmoqda, deydi Odessa OHM rahbari Oleg Kiper. To‘rt kun ichida uchinchi marta fuqarolik kemasiga zarba berildi.

Foto: OLEKSANDR GIMANOV

Rossiyaning 9 oktyabr, chorshanba kuni kechqurun Odessa porti infratuzilmasiga ballistik raketalar bilan uyushtirgan hujumi natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi. Yana 11 kishi yaralangan, ulardan yetti nafarining ahvoli og‘ir. Bu haqda oblast harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Kiper Telegramʼda ma’lum qildi va qurbonlarning barchasi Ukraina fuqarolari ekanligini aniqlashtirdi.

Kiperning ta’kidlashicha, zarba Panama bayrog‘i ostidagi fuqarolik konteyner tashuvchi Shui Spirit kemasiga berilgan. «Bu so‘nggi to‘rt kun ichida fuqarolik kemasiga uyushtirilgan uchinchi hujumdir, makkor dushman Ukraina don yo‘lagi ishiga xalaqit bermoqchi, tinch aholini o‘ldirmoqda va infratuzilmani vayron qilmoqda», - deb yozdi OHM rahbari.

O‘z navbatida, Odessa oblasti prokuraturasi hujum natijalariga ko‘ra urush qonunlari va odatlarini buzganlik bo‘yicha sudgacha tergov boshlanganini ma’lum qildi. «Tekshiruv davom etmoqda, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yakuniy soni, shuningdek vayronagarchilik va zararning to‘liq ro‘yxati aniqlanmoqda», — deyiladi idora xabarida.

Rossiyaning Odessa port infratuzilmasiga boshqa hujumlari

Oleg Kiper 7 oktyabr kuni ham Rossiyaning Odessa port infratuzilmasiga hujumi haqida xabar berdi. «Dushman ballistik raketasi Palau bayrog‘i ostidagi fuqarolik kemasiga kelib tushdi. Yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniya xodimi bo‘lgan 60 yoshli ukrainalik halok bo‘ldi. Yana besh nafar xorijlik fuqaro jarohatlandi. Ulardan to‘rt nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, birining ahvoli yengil, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», deb yozgan edi u. 

6 oktabr kuni Odessa oblasti prokuraturasi Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan Odessa va oblastga Shahed-136 UUA hamda «Iskander-M» ballistik raketasi yordamida hujum qilingani haqida xabar berdi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, omborxonalardan birining qo‘riqchisi bo‘lgan 59 yoshli erkak yaralanib, turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan kasalxonaga yetkazilgan. «Shuningdek, port infratuzilmasiga dushmanning raketa hujumi natijasida yuk tashuvchi fuqarolik kemasi shikastlangan», — deyiladi xabarda.

UQKning Shahed UUA bo‘lgan ombor yo‘q qilingani haqidagi xabari

O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Facebookʼda 9 oktyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari harbiy-dengiz kuchlarining zarba berish guruhi Ukraina Xavfsizlik xizmati bo‘linmalari bilan hamkorlikda Shahed tipidagi UUA saqlangan bazaga hujum uyushtirgani haqida xabar berdi. U Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi Oktyabrskiy aholi punkti yaqinida joylashgan.

«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 400 ga yaqin hujumkor dronlar saqlangan, obektiv nazorat natijalariga ko‘ra, nishon aniq mo‘ljalga olingan. Obekt hududida ikkinchi darajali portlash kuzatilgan», - deya hisobot berdi UQK Bosh shtabi.

Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabining ma’lum qilishicha, Oktyabrskiyda omborxonalar yonib ketgan va yong‘in 1600 kvadrat metr maydonni qamrab olgan.

Mavzuga oid