Sport | 10:50 / 09.03.2025
29904
18 daqiqa o‘qiladi

«Siti» muhim o‘yinda yutqazdi, «Barselona»da fojia. Kun o‘yinlari

«Liverpul» chempionlik sari yana bir qadam tashladi, Milan jamoalari «egizak» kambeklar qayd etishdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: Saloh APLning abadiy rekordi sari ketmoqda

«Nottinghem Forest» – «Manchester Siti» – 1:0
Gol:
Hadson-Odoi, 83.
«Nottinghem Forest»: Zels, Ayna, Milenkovich, Murilo, Uilyams, Dominges (Yyeyts, 69), Anderson, Elanga (Sangare, 80), Gibbs-Vayt, Hadson-Odoi (Morato, 87), Vud (Avoniyi, 87)
«Manchester Siti»: Ederson, Nunes (Lyuis, 61), Husanov, Diash, Gvardiol, Gonsales (Kovachich, 62), Silva, Savino (Marmush, 69), Foden (De Bryuyne, 69), Doku, Holand.

Kunning birinchi o‘yini ssenariysini oldindan taxmin qilish mumkin edi, «Manchester Siti»ga qarshi Nunu Eshpiritu Santu uyda ham ikkinchi raqam ostida o‘ynashi va qarshi hujumlarga tayanishi tushunarli edi. Joriy mavsum «o‘rmonchilar» kichik imkoniyatdan ham foydalanib ketishini ko‘p marta ko‘rsatdi. Jamoa sabr qilishni biladi va o‘z lahzasini uzoq vaqt kuta oladi. Buni butun APL biladi, ammo amalda hech kimda «Nottinghem» modeliga qarshi retseptlar yo‘q. Turnir jadvali peshqadami «Liverpul» birinchi davrada o‘z maydonida yutqazgan (0:1), ikkinchi davrada safar o‘yinida ham gol urolmagandi (0:0).

Bu jamoaga qarshi imkon qadar birinchi bo‘lib gol urish kerak bo‘ladi. Birinchi davrada «Arsenal» va «Siti» o‘z maydonidagi o‘yinlarda buni uddalagan va yakunda yirik hisobda g‘alaba qozongandi (3:0). Ammo ikkinchi davrada «Nottinghem» «Arsenal» hisobni ochishiga yo‘l qo‘ymadi (0:0), amaldagi chempionlar ham tezkor gol ura olmagach, o‘yinni asta-sekinlik bilan o‘ziga moslashtirdi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar faollashganida esa bir xavfli vaziyatni Ederson bartaraf etdi. Yerlatib yo‘llangan zarbadan keyin braziliyalik posbon ajoyib seyv ijro etib, to‘pni ustun tomon yo‘naltirdi, ammo ko‘p o‘tmay yaqin burchagidan gol o‘tkazib yubordi.

Bu golda birgina darvozabonni ayblab bo‘lmaydi, bu qarshi hujum Marmush o‘ng qanotda to‘pni Aynaga oldirishi va keyin chap qanot himoyasiga javobgar futbolchilar Gibbs-Uaytning diagonal uzatmasiga tayyor bo‘lmagani tufayli ham ro‘y berdi.

Hadson-Odoining zarbasi to‘p Gvardiolning oyoqlari orasidan o‘tib kelgani ham darvozabonga qiyinchilik tug‘dirdi, qolaversa, zarba yaqin masofadan yo‘llangandi. Bu g‘alaba evaziga «Nottinghem» «Siti» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga yetkazib, uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. Yakshanba kungi o‘yinlar natijalariga ko‘ra «Siti» kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini «Chelsi»ga oldirib qo‘yishi ham mumkin. 

«Siti» safida bu safar ham Abduqodir Husanov kuchli o‘yin namoyish etdi va bir necha bor jamoasini golli vaziyatlardan qutqarib, yakunda eng yaxshi ball olgan ikki futbolchidan biri bo‘ldi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Xosep Gvardiola ham o‘zbekistonlik himoyachining harakatlarini yuqori baholab, «uning o‘yinlaridan baxtiyor ekani»ni aytdi. 

«Liverpul» – «Sauthempton» 3:1
Gollar:
Nunes, 52, Saloh, 53 (pen), 88 (pen) – Smollboun, 45+1
«Liverpul»: Bekker, Aleksander-Arnold (Kvansa, 90), Konate, van Deyk, Tsimikas (Roberson, 46), Soboslai (Elliott, 46), Gravenberh (Endo, 81), Jons (Mak Allister, 46), Saloh, Nunes (Jota, 68), Dias.
«Sauthempton»: Ramsdeyl, Uoker-Peters, Garvud-Bellis, Bednarek (Bella-Kochap, 18), Menning (Onuachu, 85), Ugochukvu (Aribo, 84), Smollboun (Lallana, 71), Fernandesh, Dibling (Archer, 64), Grenbek Yerlyukke (Sugavara, 64), Sulemana.

Turnirning birinchi va oxirgi jamoalari to‘qnash kelgan «Enfild»da barchasi kutilganidek yakunlandi. Holbuki «Sauthempton» birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda hisobni ochib, tanaffusga g‘olib holda yo‘l olgandi. «Liverpul» esa ikkinchi bo‘limda Nunesning sa’y-harakatlari bilan barchasini o‘z o‘rniga qaytardi.

Diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni tribunadan kuzatishga majbur bo‘lgan Slotning o‘tkazib yuborilgan golga reaksiyasi

Hafta o‘rtasida «PSJ»ga qarshi o‘yindagi g‘alabaga katta hissa qo‘shgan urugvaylik hujumchi bu safar dastlab hisobni tenglashtiruvchi golni urdi, bir necha o‘tib esa Salohga penalti ishlab berdi. O‘yin oxirlariga borib mehmonlar himoyachisi jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganidan keyin esa misrlik hujumchi ikkinchi bor nuqtadan aniq zarba berdi. Endi u joriy mavsumdagi golli ochkolari sonini 44 taga yetkazdi (27 gol va 17 assist). Bu APL tarixidagi 38 turdan iborat turnirlardagi eng yaxshi natijadir (bungacha Anri va Holand ham shuncha ochko to‘plagandi). 1995 yilgacha esa ligada 22 ta jamoa (42 ta o‘yin) ishtirok etganida, Endi Koul (1992/93) va Alan Shirer (1994/95) 47 tadan ochko ishlashga muvaffaq bo‘lgan. Ammo ularning rekordi ham yangilanishiga ko‘p vaqt qolmadi.

Darvin bu o‘yinda qizil kartochka olishi ham mumkin edi, gap u maydon markazida raqibiga yetib olib, uni yiqitgan epizod haqida ketmoqda. Ammo hakam uni ayadi, mersisaydliklar murabbiylar shtabi esa uni darhol Jotaga almashtirdi. U maydonda qoladigan bo‘lsa, bir haftadan keyin bo‘lib o‘tadigan Liga kubogi finalida qatnasha olmasligi xavfi yuzaga kelgandi.

Bu g‘alabadan keyin «Liverpul» ochkolari sonini 70 taga yetkazib, chempionlik sari navbatdagi qadamini tashladi va asosiy e’tiborni seshanba kuni «PSJ»ga qarshi kechadigan uchrashuvga qaratishi mumkin.

Ispaniya: «Barsa»ning o‘yini qoldirildi

La Liga peshqadami «Barselona» Ispaniya chempionatining 27-turida «Osasuna»ni qabul qilishi kerak edi, biroq o‘yin startiga taxminan yarim soat qolganida fojia tufayli qoldirildi. Bunday qarorga Kataloniya klubi kiyim almashtirish xonasiga yaqin kishilardan birining o‘limi sabab bo‘lgan.

Bu vaqtda «Barselona» futbolchilari stadionga yetib kelishgan va hatto chigalyozdi mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun maysazorga ham chiqishgandi. «Osasuna» darvozabonlari esa hatto chigalyozdi mashqlarini bajarishga ham ulgurishgandi, biroq shu pallada ulardan maydonni tark etish so‘raldi. Ko‘p o‘tmay o‘yin katta ehtimol bilan bekor qilinishi ma’lum bo‘ldi va La Cadena SER radiostansiyasi tashabbus ko‘k-anorranglilar futbolchilaridan chiqqanini xabar qildi.

Tezda buning sabablari oshkor bo‘ldi: futbolchilar jamoaning tibbiy shtabi a’zosi Karles Minyarro Garsiyaning o‘limi tufayli maydonga tushishga tayyor emasdi. Boz ustiga, bu yangilikni ularga kiyim almashtirish xonasiga tushgan prezident Joan Laporta ma’lum qilgan. O‘yin chindan ham bekor qilindi va futbolchilar stadionni tark eta boshladi. Tribunalardagi muxlislarga Minyarro Garsiyaning o‘limi tufayli uchrashuv o‘tkazilmasligi ma’lum qilindi. Tez orada rasmiy bayonotlar ham paydo bo‘ldi.

«La Liga «Barselona» asosiy jamoasi shifokori Karles Minyarro vafotidan afsusda va shu sababli o‘yin qoldirilayotganini ma’lum qiladi. La Liga oila a’zolari, do‘stlari, klub, muxlislarga samimiy hamdardligini izhor etib, ularning qayg‘usiga sherikligini bildiradi. Ko‘chirilgan o‘yin vaqti va sanasi yaqin kunlarda e’lon qilinadi», — deyiladi la liga xabarida.

Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, shifokor atigi 40 yoshda edi: u joriy mavsumda asosiy jamoa tibbiy shtabiga qo‘shilgan, bungacha esa «Barselona» mini-futbol jamoasida ishlagan. U kataloniyaliklar tizimida 2017 yildan buyon mehnat qilib kelayotgandi. O‘lim sabablari hozircha noma’lum.

Katta ehtimol bilan bu ko‘chirish tufayli «Barselona» vaqtinchaga la ligada birinchi o‘rindan mahrum bo‘ladi. Hozirda Hansi Flik jamoasi «Atletiko»dan 1 ochko, «Real» esa 3 ochkoga oldinda bormoqda. Madrid klublari o‘z o‘yinlarini yakshanba kuni o‘tkazadi. Endi «ko‘k-anorranglilar» 11 mart kuni Chempionlar Ligasi 1/8 finalida «Benfika»ga qarshi javob uchrashuvida maydonga tushadi — birinchi o‘yinda kataloniyaliklar minimal hisobda g‘alaba qozongandi (1:0).

Italiya: favoritlar uchun asabbuzarlik

«Lechche» – «Milan» 2:3
Gollar:
Krstovich, 7, 59 – Gallo (avtogol), 68 Pulishich, 72 (pen), 81.
«Lechche»: Falkone, Gilber, Baskirotto, Jan, Gallo, Kulibali (Banda, 83), Helgason (Veyga, 74), Perotti (Ramadani, 74), Berisha (Perre, 56), Morente (Rebich, 83), Krst.
«Milan»: Sportello, Uoker (Fofana, 75), Gabbiya, Tiav, Ernandes, Bondo (Felish, 62), Musa (Sottil, 75), Ximenes (Abraham, 62) (Leau, 46), Reynders (Pulishich, 46).

«Milan» joriy mavsumda inqiroz ko‘chasidan chiqa olmayapti. Rossonerilardagi holatni «Lechche»ga qarshi o‘yin ham ko‘rsatib berdi. O‘yinning bir soati ortda qolayotganida favoritlar xavfli zonaga yaqin joylashgan autsayder jamoadan ikki to‘p farqi bilan ortda qolayotgandi. Krstovich ikki aniq zarbasi bilan milanliklarga qarshi o‘yinda dubl qayd etdi, bunday ko‘rsatkichni «Lechche» futbolchilari 2000 yil yanvaridan beri uddalay olishmagan edi.

Shu bilan birga, mehmonlar tarkibidagi ayrim futbolchilar ahmoqona xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, umuman olganda, jamoa umidsiz holatda emasdi. O‘yinning dastlabki o‘n besh daqiqasida ofsayd tufayli Santyago Himenes va Gabbiyaning gollari bekor qilingandi. Mehmonlarning ko‘plab zarbalarini darvozabon bartaraf etdi, ikkinchi bo‘limda esa hisob 0:2 bo‘lib turganida Himenesning zarbasi golga aylanishiga ustun xalaqit berdi. Ammo Serjiu Konseysau o‘zgarishlar bilan o‘yinda burilish yasay oldi. Joau Feliksning zarbasi muvaffaqiyatsiz chiqqan bo‘lsa-da, to‘p «Lechche» himoyachisiga tegib, darvozaga kirib ketdi. Rafael Leau esa tom ma’noda raqib mudofaasini yorib o‘tdi. Portugaliyalik futbolchi birinchi golda ham asosiy ishni bajargandi, keyin esa Pulishich penalti ishlab, o‘zi hisobni tenglashtirgan hujumda ham muhim rol o‘ynadi, nihoyat amerikalik jamoadoshining ikkinchi goliga pas berdi.

«Inter» – «Monsa» – 3:2
Gollar
: Arnautovich 45, Chalxono‘g‘li 64, Kiryakopulos 77 (avtogol) – Birindelli 32, Keyta Balde 44
«Inter»: Jozep Martines, Acherbi, de Vrey (Karlos Augusto, 46), Pavar (Bissek, 46), Bastoni, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella, Dumfris, Arnautovich, Martines
«Monsa»: Turati, Dambrozio, Itsso, Pedru Pereyra, Kiryakopulos, Dzeroli, Byanko, Kastrovilli (Lekovich, 67), Birindelli, Mota (Ganvula, 66), Keyta Balde.

Shu kuni «Inter» ham o‘z o‘yinida ikki to‘p farqi bilan ortda bordi. Lekin milanliklar autsayderga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limda ham sezilarli ustunlikka ega edi. Hisob 0:1 bo‘lib turganida Lautaro Martinesning goli bekor qilindi. Ammo neradzurrilarning sobiq futbolchisi Keyta Balde «Monsa»ning ustunligini, mezbonlar tanaffusgacha hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi. 45-daqiqada Arnautovich Dumfris jarima maydoniga tashlab bergan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Ikkinchi bo‘limda esa Hoqon Chalxono‘g‘li jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan muvozanatni tikladi.

Biroq mezbonlarda muvaffaqiyatsizlik davom etdi, Simone Indzagi bosimni oshirish uchun tushirgan Zelinski bir necha daqiqadan so‘ng jarohat oldi. Murabbiyning baxtiga «Inter»da yana bir o‘zgartirish imkoniyati qolgandi va jamoalar teng tarkibda o‘yinni davom ettirdi. «Monsa»ni taslim etishda yana bir joker - Karlos Augusto yordam berdi. Uning uzatmasidan keyin Lautaro zarba berdi, to‘p raqib futbolchisi orqali darvozaga borib tushdi. «Monsa» tobora quyi ligaga tushib ketishga yaqinlashmoqda, amaldagi chempionlar esa to‘rt ochkolik ustunlik bilan peshqadamlik qilmoqda, yakshanba kuni «Napoli» «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda javob yurishini amalga oshiradi.

Germaniya: YeChL haftasidagi mag‘lubiyatlar

Bundesligada «Bavariya», «Borussiya» Dortmund va «Bayyer» bir tur doirasida mag‘lubiyatga uchradi. Bunday holat oxirgi marta 2006/07 yillar mavsumi 20-turi doirasida kuzatilgandi. Lekin bu safargisining yana bir jihati bor - uchala jamoa ham o‘z maydonida yutqazdi. 18 yil oldin ikki jamoa safarda mag‘lub bo‘lgandi. Uchala jamoa ham Chempionlar ligasi 1/8 finali o‘yinlari oralig‘idagi turni qurbon qilib, aralash tarkibni tushirgandi.

«Bavariya» - «Bohum» 2:3
Gollar:
Gerreyra, 14, 28 – Medich, 31, Sissoko, 51, Bero, 71.
«Bavariya»: Urbig, Boi (Olise, 63), Dayyer, Ito (Kimmih, 76), Stanishich, Palinya, Gerreyru, Sane (Laymer, 63), Goretska, Gnabri (Musiala, 63), Myuller (Keyn, 62).
«Bohum»: Xorn, Erman, Medich, Bernardo, Passlak (Gamboa, 82), Sissoko, Vittek (Mashovich, 88), Bero (Losila, 87), Krauss, Xofmann, Masuras (Broshinskiye, 73).
Chetlatish: Palinya, 43.

Birinchi raqamli sensatsiya — shubhasiz, «Bavariya»ning mag‘lubiyati. Ha, Vensan Kompani optimal tarkibdan ancha uzoq tarkibni tushirdi, lekin natijaga myunxenliklar ikkinchi bo‘limni to‘lig‘icha bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishgani ham ta’sir ko‘rsatdi, tanaffus arafasida Joau Palinya qizil kartochka olib maydonni erta tark etgandi. Ammo, birinchidan, o‘yin Myunxenda bo‘lib o‘tdi, raqib esa xavfli zonaga yaqin joylashgan autsayder edi. Ikkinchidan, «Bavariya» tezkor gollar evaziga 2:0 hisobida oldinda borayotgandi va Rafael Gerreyruning ikki goli oralig‘ida Gnabri penaltidan gol ura olmagandi. YeChL o‘yinida Noyyer jarohat olgach, darvozani qo‘riqlayotgan 21 yoshli Urbig esa uchta gol o‘tkazib yubordi.

«Bayyer» – «Verder» 0:2
Gollar:
Shmid, 7, Njinma, 90+4.
«Bayyer»: Gradetskiy, Ta (Mukiele, 46), Ermoso, Artur (Frimpong, 65), Garsiya, Jaka (Palasios, 46), Tella, Adli, Buendia (Virs, 46), Shik.
«Verder»: Tsetterer, Piper, Velkovich, Yung, Vayzer, Linen (Bittenkurt, 78), Agu, Stage, Shmid (Topp, 90), Byurke (Njinma, 69), Silva (Gryul, 78).

«Borussiya» Dortmund – «Augsburg» 0:1
Gol:
Gaueleu, 23.
«Borussiya» Dortmund: Kobel, Koutu (Rerson, 63), Jan, Shlotterbek, Bensebaini (Bayyer, 63), O‘zjan, Gross (Zabitser, 75), Adeyyemi (Anton, 90), Brandt, Bayno-Gittens, Girassi.
«Augsburg»: Damen, Matsima, Gaueleu, Tseziger, Volf (Banks, 82), Rejbechay (Yakich, 58), Oneka, Yannulis, Yyensen (Komur, 74), Klod-Moris (Mayyer, 74), Tits (Essende, 5).

Hafta o‘rtasida Myunxenda 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, YeChLning keyingi bosqichiga chiqishdan umid uzgan «Bayyer» ham hayron qoldirdi. Amaldagi chempionlar Leverkuzendagi avgust oyidan buyon ilk bor yutqazdi (o‘shanda «Leypsig»ga qarshi o‘yinda 2:3 hisobida yakunlangan). «Borussiya»ning «Augsburg»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyati esa dortmundliklarning beqaror natijalari tufayli unchalik hayratlanarli emas. Niko Kovach jamoasi uchun hozirgi maqsad - o‘ninchi o‘rindan yevrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘rinlarga yetib olish bo‘ladi. So‘nggi mavsumlarda YeChLda o‘zini ko‘rsatgan jamoa keyingi mavsumda ko‘pi bilan ikkinchi darajali yevrokuboklarda qatnashishi mumkin. Uchinchi o‘rinni esa bu turda Menhengladbahda g‘alaba qozonib (3:1), o‘z tarixida ilk bor bundesligada 44 ochko jamg‘argan «Mayns» egallab turibdi. Va bu natija — mavsum finishiga to‘qqiz tur qolganida qayd etildi.

Mavzuga oid