O‘zbekiston | 20:21 / 16.04.2025
5216
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Andijonda «Imkoniyatlar olami» markazi bilan tanishdi

Qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi «Imkoniyatlar olami» hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud.

Bu yerda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Jumladan, ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda kambag‘al oilalar bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Markazda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarni aniqlash hamda bu yerga yo‘naltirish «Inson» markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Prezident ilk bor tashkil etilgan erta aralashuv xizmati bilan tanishdi. Bu bo‘lim chaqaloqlikdan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarishlashga ixtisoslashgan. Shu vaqtgacha bunday yoshdagi bolalar faqat ota-ona qaramog‘ida bo‘lgan. Maxsus bog‘chalarga esa faqat 3 yoshdan keyin qabul qilingan. Endi homiladorlik vaqtida nogironlik xavfi aniqlansa, onalarga shu binoda xizmat ko‘rsatiladi. Bu ularning farzandiga bo‘lgan e’tiborini mustahkamlashda ko‘maklashadi. Shuningdek, ular uchun psixologik maslahat beriladi.

Prezident markazdagi qo‘shimcha ta’lim xizmatiga mo‘ljallangan binodagi sharoitlar bilan tanishdi. U yerda nogironligi bor bolalarning maktabdan tashqari dars qilishi, ilm olishi, internetdan foydalanishi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, kambag‘allik reyestridagi oila farzandlari ham kelib, ingliz, rus, koreys va boshqa tillarni o‘rganishi mumkin.

Markazda kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda nogironligi bo‘lgan insonlar jismoniy va aqliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantiriladi.

– Bu e’tibor zamirida sizning sog‘lig‘ingiz, yaqinlaringizning dardu tashvishlari bor. Ko‘nglingiz ochilib, hayotga umid uyg‘onganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bunday g‘amxo‘rlikni yanada kengaytirib boramiz. Sizlardan faqat sabr-toqat, ishonch va harakat zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy xizmatlar markazida sport majmuasi ham bor. Unda nogironligi bor bolalar uchun mo‘ljallangan badantarbiya xonasi, suv havzasi tashkil etilgan. E’tiborli jihati, mashg‘ulot qurilmalari AQSh va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilgan bo‘lib, adaptiv sportga mo‘ljallangan. Suv havzasi ham bolalarning yoshiga monand alohida qulayliklarga ega.

Davlat rahbari imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lomlashtirish, katta yoshdagi insonlarni o‘ziga mos hunar va mashg‘ulotlarga jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid