O‘zbekiston | 21:23 / 21.04.2025
2681
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari tasdiqlandi

Eksperiment tariqasida uchta vazirlik va ikkita aksiyadorlik jamiyatining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Antikorrupsiya agentligi xodimlari tayinlanadi.

Foto: Getty images

«Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
  • davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritish.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga bo‘ysunadi va uning oldida hisobdor bo‘ladi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy etiladi:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “O‘zsuvta’minot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) xodimlari tayinlanadi;
  • eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari bevosita agentlikka bo‘ysunadi;
  • eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish agentlik hamda eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy ta’minlash, ularning xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan o‘tkazish hamda malakasini oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

2025 yil 1 iyulgacha E-anticor.uz’da ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, hisobotni elektron taqdim etish, anonim so‘rovnomalar o‘tkazib e’lon qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

Mavzuga oid