Kreml Trampning «aqldan ozgan Putin» haqidagi so‘zlariga izoh berdi
Rossiya rasmiysi buni «hissiy yuklama ta’siri» bilan bog‘ladi.

Foto: AFP
AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainaga berilgan zarbalar yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tanqid qilgan posti «hissiy yuklama ta’siri» hisoblanadi, deb ma’lum qildi Kreml.
«Amerika tomoni sa’y-harakatlari bilan boshlangan muzokaralar jarayoni juda muhim yutuq. Biz amerikaliklar va shaxsan prezident Trampdan chin dildan minnatdormiz. Albatta, shu bilan birga, bu mutlaqo hamma uchun hissiy yuklama va hissiy reaksiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan juda muhim lahzadir», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Peskovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda prezident Vladimir Putin «mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qarorlarni qabul qilmoqda».
Oxirgi kunlarda Kiyevga berilgan zarbalarni izohlar ekan, Peskov ularni Ukraina hujumlariga javob deb atadi. «Biz ukrainaliklar ijtimoiy infratuzilma obektlarimizga, tinch infratuzilmalarimizga qanday zarba berayotganini ko‘rib turibmiz. Bu qarshi hujum. Lekin zarba aynan harbiy obektlarga, harbiy nishonlarga berildi», dedi Peskov.
U, shuningdek, Rossiya sulh memorandumi loyihasi haligacha Ukraina tomoniga topshirilmaganini ma’lum qildi, ishlar davom etmoqda. Peskov so‘zlariga ko‘ra, bu «jiddiy hujjat» bo‘lib, «diqqat bilan tekshirish va tayyorlashni» talab qiladi.
25 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga qariyb 300 ta dron va 70 ta raketa uchirdi. Reuters buni keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri eng katta hujum deb ta’rifladi. Shu kuni kechqurun 12 kishi halok bo‘lgani va o‘nlab odamlar yaralangani ma’lum bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida bir oilaning uch nafar farzandi ham bor.
26 may kuni Tramp post yozib, Vladimir Putinni ham, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni ham tanqid qildi.
«U butunlay aqldan ozgan! U zaruratsiz juda ko‘p odamlarni o‘ldiryapti va men shunchaki askarlar haqida gapirmayapman. Ukraina shaharlariga hech qanday sababsiz raketalar va dronlar uchirilmoqda», deb yozdi Tramp Putin haqida. Shuningdek, u o‘z mamlakati uchun «hech qanday yaxshilik qilmayotgan» Zelenskiyning bayonotlaridan ham norozi ekanini aytdi.
Mavzuga oid

00:17
Tramp Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi

21:33 / 28.05.2025
Tirbandlik solig‘i Nyu-York shahriga 4 oyda 216 million dollar keltirdi

21:14 / 28.05.2025
“Men bo‘lmaganimda Rossiyaning ahvoli yomon bo‘lardi” - Tramp o‘zgardimi?

20:59 / 28.05.2025