Iqtisodiyot | 13:17 / 12.06.2025
1217
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadi bilan izohlangan.

Foto: Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 12 iyundagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«So‘nggi oylardagi iqtisodiy faollik va iste’mol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda. Bu, o‘z navbatida, umumiy inflatsiyaning may oyidagi biroz pasayishiga qaramasdan inflatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi», - deyiladi xabarda.

Markaziy bankka ko‘ra, yil boshidan o‘suvchi trendda shakllanib kelgan umumiy inflatsiya darajasi may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.

Xizmatlar inflatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflatsiyaning o‘suvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5 foizga yetdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqoriligi sharoitida joriy energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.

2025 yilning yanvar-may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va ko‘chmas mulk savdosi bitimlari soni o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga kredit ajratish sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va budjet xarajatlarining o‘sishi ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga hissa qo‘shmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida ko‘p davlatlarda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari o‘sishi kelgusida ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.

An’anaviy eksport tovarlari birja narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va hamkor davlatlarda almashuv kursi mustahkamlanishi eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi oshishi bilan birga ichki valuta bozorida takliflarning barqaror shakllanishiga xizmat qilib, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflatsiyaga bosimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.

Pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasi saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishini ta’minlaydi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 24 iyulga belgilangan.

Mavzuga oid