Jamiyat | 20:03 / 15.06.2025
5032
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz’ning rasmiy Telegram kanalidagi nojoiz reklamalar yuzasidan obunachilarga murojaat

So‘nggi paytlarda Telegram'da muayyan o‘zgarishlar bo‘ldi: kanal egalarining ishtirokisiz ularning kanallarida reklamalar ko‘rsatilmoqda. Bu reklamalarning ayrimlari – ichki kiyimlar, shubhali moliyaviy takliflar va boshqa nojoiz e’lonlardan iborat. Obunachilarimizga shuni ma’lum qilamizki, boshqa kanallar qatori Kun.uz'ning ham rasmiy kanallarida ko‘zga tashlanayotgan Telegram reklamalarini biz nazorat qila olmaymiz.

Foto: Kun.uz

Messenjer tomonidan avtomatik ko‘rsatiladigan bu reklamalarning Kun.uz tahririyatiga hech qanday aloqasi yo‘q. Biz ularning obunachilarimizga ko‘rsatilishini cheklash imkoniyatiga ega emasmiz. Bu reklamalar faqatgina Telegram Premium obunachilariga ko‘rinmaydi.

📌 Kun.uz'ning rasmiy reklamalari bilan Telegram reklamasini qanday ajratish mumkin?

Kun.uz tomonidan joylanadigan reklama postlarida quyidagilar bo‘ladi:

🔹 Post oxirida “Reklama” belgisi bo‘ladi;

🔹 Kontent matni, uslubiyati va dizayni Kun.uz sahifalariga xos bo‘ladi;

🔹 Mahsulot yoki xizmat haqida aniq, ochiq-oydin ma’lumot bo‘ladi;

🔹 Reklama e’lonlari Kun.uz sahifasi dizayniga mos surat yoki videorolik bilan chiqadi;

🔹 Barcha obunachilarga (shu jumladan Telegram Premium a’zolariga ham) bir vaqtda ko‘rinadi;

🔹 Kanal lentasida doimiy qoladi.

Foto: Kun.uz’ning rasmiy Telegram kanalidan skrinshot

Telegram'ning o‘z reklama dasturi doirasidagi e’lonlarda esa:

🔻 Ko‘pincha post yuqorisi yoki pastida “Sponsored” deb yoziladi.

🔻 Post matni Kun.uz uslubidan keskin farq qiladi.

🔻 Shubhali mahsulotlar, noma’lum xizmatlar taklif etilishi mumkin.

🔻 Ular kanaldagi oxirgi postdan keyin (ba’zan postlar orasida ham) paydo bo‘ladi va foydalanuvchining joylashuvi yoki qiziqishlariga asoslangan bo‘lishi mumkin;

🔻 Barcha obunachilarga bir vaqtda ko‘rinmasligi mumkin;

🔻 Kanal lentasida saqlanmaydi.

Kun.uz o‘z obunachilarining ishonchini qadrlaydi va har qanday kontentda qonuniylik va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga amal qiladi. Shu sabab qadriyatlarimizga mos kelmaydigan reklama postlari yuzasidan sizni ogohlantirishni zarur deb bildik.

Agar rasmiy hamkorlik asosidagi reklamalarimiz haqida savollaringiz bo‘lsa, biz bilan bog‘lanishingiz mumkin: info@kun.uz

Reklama bo‘limining telefon raqami: +998781137733

Hurmat bilan,
Kun.uz tahririyati

Mavzuga oid