Jamiyat | 14:34 / 09.07.2025
1944
2 daqiqa o‘qiladi

“Davolovchi” bilakuzuklar: shifomi yoki reklama tuzog‘i?

Ijtimoiy tarmoqlarda turli kasalliklarni davolash xususiyatiga egaligi aytilayotgan bilakuzuklar targ‘ib qilinmoqda. Reklamalarda ko‘rsatilishicha, ular 10 ga yaqin kasallikni bartaraf eta oladi. Biroq bilakuzuklarning qaysi ilmiy asosga tayanib ishlab chiqilgani, qanday klinik sinovlardan o‘tgani, amalda qanday natija ko‘rsatishiga oid aniq ma’lumotlar mavjud emas. Mutasaddilar iste’molchilarni bunday bilakuzuklarni xarid qilishda aldanib qolmaslikdan ogohlantirdi.

Foto: Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi

So‘nggi paytlarda internet va ijtimoiy tarmoqlarda davolovchi bilakuzuklar reklamalari ko‘paydi. Videolarda bilakuzuklar qator kasalliklarga, jumladan, bosh va bo‘g‘im og‘rig‘i, charchoq, uyqusizlik, ortiqcha vazn hamda immunitet pasayishi kabi holatlarga qarshi samarali vosita sifatida ko‘rsatilmoqda. Ularning sog‘lomlashtiruvchi, tiklovchi, hatto ruhiy va jismoniy holatni yaxshilovchi xususiyatlarga ega ekani aytiladi.

Biroq buni asoslovchi ilmiy manbalar, ya’ni bilakuzuklarning ta’sir mexanizmi, qaysi laboratoriya yoki klinik sharoitlarda sinovdan o‘tgani, shuningdek, rasmiy sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan hujjatlari mavjud emas. Mazkur vaziyat taklif etilayotgan “davolovchi” mahsulotning real terapevtik samarasini shubha ostida qoldirmoqda.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi odamlarni reklama vositasida bozori gullayotgan bunday mahsulotlarni xarid qilishdan oldin diqqatliroq bo‘lishga chaqiradi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, agar bilakuzuk “sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatadi” deb e’lon qilinayotgan bo‘lsa, u, albatta, klinik sinovlardan o‘tgan, sog‘liqni saqlash organlari tomonidan tasdiqlangan hujjatlarga ega bo‘lishi kerak.

Aks holda, bu reklama chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri ma’lumot tarqatuvchi kontent sifatida baholanadi. O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, noaniq, chalg‘ituvchi yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan reklama tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid