Jahon | 11:53
689
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dumasi chet elga turlar uchun soliq joriy qilmoqchi

Deputat Sangaji Tarbayev rossiyaliklarning xorijga sayohatlarini tashkil qiluvchi turoperatorlarga soliq joriy etishni taklif qildi. Uning fikricha, bu turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Foto: Ivanova Ksenia/Shutterstock/FOTODOM

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi chet elda rossiyaliklar uchun turlar tashkil qiluvchi operatorlarga soliq joriy qilmoqchi. Taklifni tegishli qo‘mita raisi, «Novyye lyudi» fraksiyasi a’zosi Sangaji Tarbayev berdi. Uning so‘zlarini Absatz internet nashri keltirgan.

«Ushbu chora joriy etilishi mumkin, ammo bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini ko‘rishimiz kerak», dedi u. «Bundan tashqari, katta ehtimol bilan jismoniy shaxslar uchun emas, balki yuridik shaxslar, ya’ni faoliyat bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar uchun to‘lov joriy etilishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi parlamentariy.

Sangaji Tarbayevning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya fuqarolari tomonidan elektron yo‘llanmalar uchun o‘tkazilgan umumiy summa taxminan 700 milliard rublni tashkil etgan. Agar har bir yo‘llanma uchun soliq qo‘shilsa, bu uning narxini 200-300 rublga oshiradi, u holda Rossiyada soha ehtiyojlari uchun har yili taxminan 5-7 milliard rubl ajratish mumkin – ular mamlakat infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi, dedi deputat.

Uning ta’kidlashicha, mablag‘lar, xususan, Baykal ko‘li, Oltoy va Kareliya ekologiyasini saqlashga ajratilishi mumkin. Shu bilan birga, yig‘im joriy etish bo‘yicha yakuniy qaror barcha iqtisodiy xavflarni baholagandan keyingina qabul qilinadi, dedi Tarbayev.

Mavzuga oid