O‘zbekiston | 16:13
5282
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroporti qarshisidagi ko‘prik rekonstruksiyasining qiymati ma’lum bo‘ldi

Toshkent xalqaro aeroporti qarshisidagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish qiymati avval aytilganidek 463 mlrd so‘m emas, 511 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiyadan keyin / Foto: Prezident matbuot xizmati

2024 yil oktyabrda to‘liq foydalanishga topshirilgan Toshkent xalqaro aeroporti qarshisidagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 511 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu haqda “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasining 25 iyul kungi sonida ma’lum qilindi.

Qayd etish lozim, 2023 yil sentabr oyidagi taqdimotda loyiha qiymati 463 mlrd so‘m ekani aytilgandi.

Rekonstruksiya davomida avvalgi ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurildi, 4 ta tushish yo‘li va 2 ta klever qo‘shildi. Natijada yo‘l o‘tkazgich soatiga 5 mingta, sutkasiga 132 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lgan. Shuningdek, yangicha xavfsizlik to‘siqlari ham o‘rnatilgan.

“Yo‘l o‘tkazgichga o‘rnatilgan to‘siqlarni qo‘llashdan maqsad – transport hodisalari yuz berganda, transportga kamroq shikast yetishi va ichidagi yo‘lovchilarga tan jarohati yetmasaligi nazarda tutilgan. Bular ham yangi texnologiya bo‘lib, 360 gradusga aylanib ishlaydigan texnologiya hisoblanadi. U ham mamlakatimizda birinchi marta qo‘llanilgan”, – degan “Ko‘prikqurilish” AJ loyiha rahbari Bobur Elmurodov

O‘tkazgichning umumiy uzunligi 693,5 metr, eni esa 62 metrni tashkil qiladi. Loyiha doirasida piyodalar va velosiped yo‘laklari hamda sug‘orish tizimlari qurilgan.

“Biz yo‘l o‘tkazgichni qurishda xalqaro standartlar asosida zamonaviy texnologiyalardan foydalandik. Bu borada Rossiya institutlari bilan hamkorlikda ish olib borildi. Inshoot yig‘ma monolit uslubida qurilgan bo‘lib, sifati va mustahkamligi yuqori bo‘lgani uchun uzoq muddat xizmat qiladi”, – degan Loyiha maslahatchilari guruhi rahbari Yuriy Ipatov.

Qayd etilishicha, inshootni texnik nazorat qilish raqamlashtirilgan bo‘lib, bu tizim bilan yo‘l o‘tkazgich tun-u kun nazoratda bo‘ladi va texnik tahlil olib boriladi.

Rekonstruksiyadan keyin ko‘prikni prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 25 oktyabr kuni masofadan ochib bergan edi.

Bobur ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan ushbu yo‘l o‘tkazgich 1967 yilda qurilgan bo‘lib, bundan avval 2008 yilda rekonstruksiya qilingan edi.

Mavzuga oid